O‘zMTRK deganda faqat «Sport» telekanali tushunilmaydi
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan yuvvosh yigit bo‘lib qoladi.
Eltuzga yetib kelgan navbatdagi maktub muallifiga ko‘ra, «Yoshlar» telekanalidagi oylik maoshiga qaragan oddiy odam ham yig‘lab yuboradi.
Oliy ma'lumotli muharrir yoki rejissyorlar ko‘chadagi suv sotuvchidan ham kamroq maosh oladi.
O‘rtacha bir oylik oklad «Sport» kanaliga o‘xshab 120 dollar atrofida.
Ozgina gonorar ishlamoqchi bo‘lgan xodimning eskirib ketgan texnikada (10 yil oldin olib kelingan, muddati allaqachon o‘tib bo‘lgan kompyuterlarda) kechasi bilan qolib ishlashi kerak bo‘ladi.
Ko‘pchiligining ko‘z nuri yomonlashib qolgan shu chirigan texnika tufayli.
Yana ustiga, maosh va gonorar 5 million so‘mdan oshib ketsa, ochiqchasiga kesib tashlashadi.
Kechasi bilan ishlasangiz ham, oddiy xodim bo‘lsangiz 5 million so‘mdan ortiq ololmaysiz.
Faqat kompaniya yoki kanal rahbariyatiga “yaqin” bo‘lgan odamlargina 10 yoki 15 milliongacha gonorar olishi mumkin.
Xodimlarga ko‘p pul bersak MTRK rahbariyati bizdan xafa bo‘ladi, keyin rais bizga berayotgan texnikalar (yuqorida keltirilgan eskirib ketgan texnikalar) uchun ijara pulini to‘lolmay qolamiz, deydi telekanal rahbariyati.
Qizig‘i shundaki, kanal oylik daromadining 70-80 foizi aynan O‘zMTRK raisining (sobiq rais, hozircha yangi rais ham bu jarayonni o‘zgartirgani yo‘q) buyrug‘i bilan eskirib ketgan texnika ijarasi uchun ajratiladi.
Chunki texnika uchun ajratilgan mablag‘ni keyinchalik yechib olish (otkat qilish) oson kechadi.
Kanal daromadining bor-yo‘g‘i 20% i maosh uchun ajratiladi.
MTRKning sobiq raisi shu tizimni ishlab chiqqan va yillar davomida shu tizim orqali xodimlar rizqini qiyib, milliardlab daromad ko‘rardi.
Alam qiladigan tomoni shuki, bu maosh ham hamma xodimlarga mehnatiga yarasha teng taqsimlanmaydi.
Direktor va uning birinchi o‘rinbosari Farxod Dilmurodovga yaqin bo‘lgan xodimlar ishga kelsa-kelmasa hammadan ko‘p maosh olishadi.
Ularning gonorari ham kesib tashlanmaydi. (balki rahbariyat ulardan ham «haq» olib turar, bunisi bizga noma'lum, chunki hozircha fakt yo‘q) deya yozadi Eltuz manbasi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Masalan, vaqtinchalik bosh muharrir vazifasini bajaruvchi, aslida kadrlar bo‘limida katta muharrir shtatida yarim stavka deb ko‘rsatilgan Hamza Jumaev ishga o‘zi hohlagan paytda yarim yoki bir soatga kelib ketadi.
O‘zi to‘liq bir stavkada «O‘zsanoatqurilishbank»da ishlaydi. Lekin uning kelmagan soatlari uchun ham bosh muharrir sifatida gonorarlar yozilaveradi.
Uning kartasiga har oy telekanaldan o‘rtacha 15-20 mln. oylik maosh tushadi. Hammasini o‘zi ishlatadimi yoki kim bilandur bo‘lishadimi bunisi hozircha bizga noma'lum.
Kanalda shunga o‘xshash xodimlardan 10 tadan ko‘proq. Qolgan xodimlar esa, har qancha ishlamasin 5 million so‘mdan ortiq maosh ololmaydi.
Bu ta'riflaganimiz, birgina «Yoshlar» telekanalidagi ahvolning bir qismi.
Boshqa kanallarda ham hozircha O‘zMTRKning sobiq raisi ishlab chiqqan shu tizim ishlab turibdi.
Bu ahvolda davlat targ‘ibotini, mafkurasini o‘ylamasak ham bo‘ladi.
Yeyish uchun nonini zo‘r-ba'zo‘r topayotgan TV xodimining qulog‘iga hozircha mafkura kirmasa kerak… Bu birnavi kun ko‘rayotgan televidenie xodimining iddaolariga asoslangan maktub edi.
Biz esa voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz. Eltuz uydagi gapni ko‘chaga olib chiqadi. Kanalimizga obuna bo‘ling. Videolarimizga layk bosing.