Asosiy mavzular
9 iyun 2024

Baxti o‘g‘riga ko‘cha nazoratini kim topshirgan?

“Baxti Tashkentskiy” laqabi bilan mashhur O‘zbekistondagi yagona “vor v zakone” Baxtiyor Qudratullaev va “jinoyat olami”ning yana 36 nafar vakili ustidan bo‘lib o‘tayotgan sudda 5 iyun kuni kutilmagan bayonot yangradi.

“Baxti Tashkentskiy” O‘zbekistonda “ko‘cha”ni nazorat qilishni unga davlat tashkiloti ishonib topshirganini aytdi.

Sudda so‘z olgan 52 yashar Baxtiyor Qudratullaev qamoqdan chiqqanidan so‘ng davlat tashkiloti vakillari unga aloqaga chiqib, mamlakatda yoshlar, sportchilar orasida pichoqbozlik ko‘payib ketayotgani uchun “ko‘cha”ni tartibga solishni so‘raganini bildirdi.

Sudya va o‘g‘ri o‘rtasidagi suhbatdan anglashilgani shuki, “Baxti Tashkentskiy” bilan aloqaga chiqqan shaxslar davlat tashkiloti mas'ullari bo‘lganlar.

“Baxti Tashkentskiy”ning ayni ko‘rsatmasini u bilan birga sudlanayotgan jinoyat olamining yana boshqa yirik vakili – “Kontorskiy” laqabli Abbos Xodjaev ham tasdiqladi. 

Biroq ularning aynan kim ekanligiga aniqlik kiritmadi. Sudya ham bu haqda undan so‘ramadi. Sudya, ehtimolki, bu savolni berib, o‘ziga boshog‘riq orttirib olishidan qo‘rqqan bo‘lsa. Bunisi Eltuzga qorong‘u.

Ammo sudya bermagan savol va uning javobini Eltuz oshkor qiladi.

Bu voqea 2015 yil boshida, qish chillasida yuz berdi.

2014 yil dekabrida Jasliq zonasida jazo o‘tagan “Baxti Tashkentskiy” kutilmaganda Qarshidagi 54-zonaga olib kelinadi va ko‘p o‘tmay amnistiya akti bilan emas balki salomatligi yomonlashgani bois jazoning qolgan qismini o‘tashdan ozod qilinadi.

Baxtiyor Qudratullaev O‘zbekiston jinoyat kodeksining 75-moddasida ko‘zda tutilgan holat, ya'ni kasalligi bois qamoqdan qo‘yib yuborilgan edi. Bundan ko‘pchilik xabardor.

Ammo, ko‘pchilik xabardor bo‘lmagan, bir jihat ham bor. Baxti Tashkentskiy ozodlikka chiqarilguniga qadar u bilan o‘sha davrdagi eng qudratli tashkilot – Milliy Xavfsizlik Xizmati muloqot o‘tkazgan.

 Demak, ikki manba – iste'fodagi davlat xavfsizligi zobiti va jinoyat olamiga yaqin shaxsning Eltuzga bir-biridan mustaqil ravishda ma'lum qilishicha, “Baxti Tashkentskiy”ga “ko‘cha”ni nazorat qilish topshirig‘ini hozirda Davlat Xavfsizlik Xizmatiga o‘zgartirilgan sobiq Milliy Xavfsizlik Xizmatining sobiq rahbarlari berganlar.

Ularga ko‘ra, Baxti Tashkentskiy va Abbos Kontorskiyni 2014 yil dekabrda muddatidan oldin ozod qilishdan avval ularga O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmati uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i Ulug‘bek Nuriddinov ko‘chada tartib o‘rnatishni so‘ragan.

Sobiq MXX zobitining ta'kidlashicha, Ulug‘bek Nuriddinov “poryadok kilinglar, bu topshiriqni shaxsan general Shuhrat G‘ulomov beryapti, bu – davlat topshirig‘i, O‘zbekistonda yoshlar orasidagi “bespredel”ni to‘xtatish kerak” deb aytgan.

Mana oradan salkam 10 yil o‘tib Baxti Tashkentskiyni yana panjara ortida ko‘rib turibmiz. U bilan birga Abbosni ham. Ular bilan muloqot olib borgan shaxslarning ba'zilari qamoqda, ba'zilari iste'foga chiqqan va yana ba'zilari hamon nomi o‘zgargan tashkilot kabinetlarini band qilib o‘tirishibdi.

Shu yerda maqolamizga nuqta qo‘ysak bo‘lardi.

Ammo, shu joyda yana bir mantiqiy savol tug‘iladi: Qanday qilib qattiq qo‘riqlanayotgan va jurnalistlar kiritilmayotgan suddan aynan Baxti Tashkentskiyning ko‘chani nazorat qilishga oid muzokaralar haqidagi ko‘rsatmasi sizib chiqdi? Bundan kim manfaatdor?

Bu savollar hozircha ochiq qoladi.

Tag‘in o‘qing
30 avgust 2016
Prezident Islom Karimovning na o‘lik, na tirik ekanligi davlat siri darajasida mahfiy, yangi yurtboshining kim bo‘lishi hamon noma'lumlicha qolarkan, ...
23 yanvar 2018
World Politics Review onlayn jurnalida muallif ko‘plab sharhlovchilar «o‘zbek iliqligi» deya atayotgan so‘nggi voqealar tahlili haqida maqola e'lon qildi. ...
3 dekabr 2018
Mana bu rasmlarda ko‘rib turganingiz Suriyaning Idlib yoxud Halab shaharlaridagi binolarning emas, O‘zbekiston Respublikasi Navoyi viloyati Xatirchi tumani Langar ...
25 dekabr 2018
Ukraina hukumati 2014 yili muomalaga kiritgan tangada Qrim yarimorolining sharqiy qismida XIII asrda O‘zbekxon tomonidan qurilgan masjid va madrasa ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...