Asosiy mavzular
24 iyul 2024

Kamsitilgan, xo‘rlangan va talangan dehqonlar

Bu uch jumla to‘laligicha Singapurda ro‘yxatga olingan Indorama Corporation guruhining O‘zbekistondagi mahalliy sho‘'basi hisoblangan “Indorama Agro” MChJ ishchilariga tegishli.

Sirdaryoning Oqoltin va Sardoba tumanlarida yashab “Indorama Agro” MChJda ishlaydigan ishchilar bilan suhbat va hujjatlar asosidagi bu maqolamiz shu uch jumlaga sig‘gan ayblovning isbot va dalillaridan iborat.

Tikanli simlar ortidagi haqsizlik

Ishchilar menga yo‘llagan videoda tikanli simlar aks etgan.

Bu tikanli simlar haq va haqsizlik¸ erkinlik va qullik¸ insoniy qadriyat va xo‘rlanish chegarasidir.

Bu tikanli simlar ortida O‘zbekiston qonunlari ishlamaydi va hindistonlik korchalonning chegarasiz o‘zboshimcha hokimiyati boshlanadi.

Hind kasta tizimi tutumlarida ulg‘aygan xindistonlik korchalon uchun o‘zbek ishchilarining hasharot kabi qiymati yo‘q.

Ular xind korchalon nazarida ishlab foyda keltiradigan haq huquqsiz biomassa xolos.

Indorama Agro hududida O‘zbekiston mehnat qonunlarini ishlamaydi, bu yerlarda ishlab kelgan fermer va dehqonlarni jazirama issiq va qattiq sovuqda quldek ishlatilmoqda.

Har xolda Eltuz tasarrufidagi hujjat¸ foto¸ audio va videolar shundan darak beradi.

Kuch bilan bo‘ysundirilganlar

Odatda maqola yozarkanman¸ eng muhim muammoni ilk satrga olib chiqaman.

Ispan konkistadorlari ta'biri bilan aytganda “ho‘kizni shohidan ushlayman”.

Darvoqe konkistador so‘zi ispanchadan tarjima qilinsa bo‘ysundirish deyiladi.

Aynan konkistadorlar kuch bilan mahalliy aholini bo‘ysundirib ishlab daromad keltiradigan qulga aylantirishgan.

“Indorama Agro” MChJ O‘zbekistondagi yirik qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblanadi.

2018-yilda tashkil etilgan kompaniya paxta, g‘alla va boshqa ekinlar yetishtiruvchi yirik agro kompaniya bo‘lib, 50 ming gektardan ortiq maydonga ishlov beradi.

«Biz O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligining yangi amaliyotlarini joriy qilmoqdamiz, mamlakatga eng yangi texnologiya va usullarni olib kelyapmiz», deyiladi «Indorama Agro» saytida.

Aslidachi?

Hind korchalonlar o‘zbeklarni moldan ham past ko‘rishmoqda.

“Indorama Agro” MChJ ishchisining Eltuz bilan suhbatda o‘zi ishlaydigan shirkatdagi asosiy muammo “kamsitilish” ekanligini ta'kidladi.
“Eng asosiy muammo o‘zbeklarning aynan va atay kamsitilishi. Misol uchun qo‘lida pravasi bor o‘zbek xaydovchilvrni ishdan xaydab hindlarga soxta prava qilib berishgan. Men sizga bu pravani kopiyasini tashadim. Soxta. Bu soxta pravani hindlarga poyi patak politsay bo‘lib olgan «Indorama Agro» raxbariyatidagi Anvar Xojiev va Oybek Samadovlar yasatib bergan. Jizzaxda YPX tarafdan to‘xtatilib tekshirilganda registratsiyadan chikmagandi.

Hind ish boshqaruvchilar biz o‘zbeklarga past irq¸ yoki kasta deb ijirg‘anib bepisand qaraydi. Senam odammisan¸ sen nima tarakan nima deb har qadamda kamsitadi. Yulda mol yotsa indama deydi, ammo o‘zbeklar shu molni yuldan haydasa o‘sha o‘zbek ishdan ketdi degani.”

“Chuqur sodiqlik” nima degani?

“Indorama Agro” MChJning internetdagi rasmiy sahifasida shirkat “mahalliy hamjamiyat bilan hamkorlik qilib¸ korporativ ijtimoiy ma'suliyat va barqarorlikka chuqur sodiqdir” degan deklaratsiya bor.

O‘zbek adabiy tili normalaridan kelib chiqilsa tavtalogik xato bo‘lgan bu aji-bujini tarjima qilsak “bizda ijtimoiy ma'suliyat bor” degan mazmun kelib chiqadi.

Eltuzdagi mavjud hujjat va ishchilar shikoyatlariga asoslanib “Indorama Agro” MChJda ijtimoiy ma'suliyat ham¸ barqarorlikdan manfaatdorlikning zarracha unsuri ham yo‘q deb ayta olamiz.

Indorama Sirdaryo viloyati Oqoltin va Sardoba tumanlaridagi sug‘oriladigan umumdor yerlarni davlatdan imtiyozli shaklda arendaga oldi.

Bu xosildor yerlarni o‘zbek fermerlarining o‘zi bemalol tasarruf qilishi¸ xosil yetishtirib o‘zi va davlatni boyitishi mumkin edi.

Ammo bizga noma'lum bo‘lgan¸ mantiq hamda vatanparvarlikdan yiroq tarzda O‘zbekiston hukumati hindistonlik Indorama Group sohiblari cho‘ntagini pul bilan to‘ldirishni¸ chet ellik semiz sarmoiyadorni yanada boyitishni afzal deb bilishdi.

Nega o‘zbek dehqoni emas hindistonlik shubhali korchalonga hosildor yerlar berilgani haqida hukumat birorta asosli tushuntirish bermadi.

Hindistonlik shubhali korchalonlar yerni olgach uni mahalliy dehqonlarga vaqtincha mavsumiy pudrat qilib berishdi.

Qisqa muddatli kelishuv va shartnoma asosida pudratchi o‘zbek dehqonlari «Indorama Agro» MChJga foyda keltiradigan shartlarida paxta va bug‘doy yetishtirib beradi.

«Indorama Agro» shartlariga ko‘ra o‘zbek dehqoniga o‘ta kam oylik to‘lanadi. (Oyiga ikki million so‘m nari berisida)

Kasaba huquqlari mensimasdan dehqon eng kichik kamchilik uchun zudlik bilan ishdan bo‘shatilishi ko‘zda tutilgan.

Ishdan bo‘shatilgan dehqonning boshini sal bo‘lsa ham ko‘tarib ish beruvchiga e'tiroz bildirish imkoni nol.

«Politsay» tarzidagi poyi pataklar

Eltuz suhbatlashgan pudratchilardan biri ishdan bo‘shatilgan paytda kamsitilganini ta'kidladi:

“Inodrama uchun paxta yetishtirardim. Ish boshqaruvchilardan biri¸ hindilarga politsay shaklida poyi patak bo‘lgan Oybek Samadovga e'tiroz bildirdim. Gap qaytardim. Darrov meni ishdan bo‘shatdi. Men Indorama Agro ofisiga telefon qilib ishdan bo‘shaganim va shartnioma bekor qilingani haqida rasmiy buyruq yoki biror hujjat talab qildim. Kompaniya yuristi o‘ta qo‘pol tarzda muomala qildi. Qandaydir qora ishchini gapiga javob berishga vaqt fursat sarflamayman dedi ijirg‘anib.”

Indorama Agro” MChJning internetdagi rasmiy sahifasida va'da qilingan “korporativ ijtimoiy ma'suliyat va barqarorlikka chuqur sodiqlik” shumi?

O‘zbekiston vatandoshi bo‘lgan pudratchini O‘zbekiston hududida bunchalik kamsitish va xo‘rlashga mavjud qonunlar izn bermaydiku?

Indorama agro rahbari janob Dipak Raina o‘zbek ishchilarini pol artadigan latta kabi ezish uchun jur'atni qaerdan yoki kimdan oldi?

Erksizlik plantatsiyasi

Chetdan kelgan korchalonlarlarning maxalliy xalqni ezib ishlatishi va mahalliy hukumat bilan til biriktirib talonchilik qilishi kolumbiyalik buyuk yozuvchi Gabriel Markesning “Yolg‘izlikning yuz yili” degan romanida o‘ta aniq tasvirlangan.

Romanda tasvirlangan tikanli simli devorlar ostidagi banan plantatsiyalari Sirdaryodagi Indorama agro bilan parallel muqoyasaday ko‘rinadi.

Indorama Agro MChJning o‘zbek ishchisi deb atalgan baxti qarodan eshitamiz tafsilotni:

“Nemis fashistlari maxalliy xalqni o‘zlaridan chiqqan politsaylar yordamida talashgan. Inodramadagi hindlar ham shunaqa “politsaylar” ishga solishmoqda. Xojiev, Samadov va Kattabekov hindlarning ishonchiga kirib katta-katta mablag‘ talan-toroj qilishiyapti. Mana bitta misol. Oqoltin tumanida bog‘chani ta'mirlab beraman deb juda katta rastrata qilishgan. Qilinmagan ishga pul yozib olishgan. Surishtircangiz Kattabekovning akasini xotini bog‘cha mudiri bulib chiqadi.

Bundan tashqari yoqilgi bo‘yicha katta yetishmovchilik chiqqan. Buni ham tekshirsangiz, pulni o‘margan Kattabekovning jiyani bo‘lib chiqadi. Lekin shuncha o‘g‘irlik ko‘lamini berkitib arzimagan 20 litr deb ko‘rsatib, tekshiruvchini rozi qilib shtraf bilan kolganini yopti-yopti qilishgan.

Istiqlol SIUda katta o‘g‘irlik bo‘ldi skladdan, u yerda Avaz Xo‘jaevning tanishini o‘g‘irlik ustida ushlashdi. Xo‘jaev hindlardan berkitib video kuzatuvni o‘chirtirdi.
Undan tashqari podkup yo‘li bilan Indoramada ishlamaetgan odamlardan ko‘rsatmalar olib boshka bir shaxslarga nisbatan ish ochtirishyapti.”

Lo‘lidan botir chiqsa….

O‘zakdan chiqqan o‘t qanday xatarli bo‘lsa o‘zingdan chiqqan zolim shu qadar yomon.

«Lo‘lidan botir chiqsa kapasiga o‘t qo‘yadi». Eltuzda mavjud audio yozuvlarda Indorama Agro dagi traktorchilarni talash uchun o‘ylab topilgan o‘lpon haqida so‘z boradi.

Bu ovozli faylga ko‘ra¸ traktorchilar har kuni 100 ming so‘midan o‘lpon to‘lashga majburlanmoqda. Ovozni efirga qo‘ya olmaymiz. Chunki shikoyat qilgan ishchi tazyiq oostida qolmasin deymiz. Bu audioga ko‘ra traktorchilardan o‘lpon yig‘ish uchun Indoramaning ikki o‘rta bo‘g‘in boshqarauvchisi safarbar qilingan. Bular Oybek Samadov hamda uning qarindoshi Avaz Xodjaev. Sxemaga ko‘ra har bir smenada yoki har safar solyarka olganda traktorchilar Avaz Xodjaevga bo‘ysunadigan oxrannikka 100 ming so‘m berishi shart. Bermaganlar shartta ishdan bo‘shatiladi. Traktorchilar jimgina¸ mutelarcha bu o‘lponni to‘lab kelmoqda.

O‘quvchida savol tug‘iladi. Nega bu ishchilar o‘z haq-huquqlari uchun kurashmayapti? Nega o‘z yurtida¸ o‘z yerida o‘tirib chetdan kelgan korchalonni boyitish bilan birga tahqir va kamsitishga bo‘yin egmoqda?

Pudratchilar o‘z noroziligini ifoda qilishga bir necha bora urinib ko‘rishdi. 2021 yil Sirdaryoda “Indorama Agro” MChJning o‘nlab ishchisi oyliklari qisqarib ketgani, mehnat qonunchiligi buzilayotganiga norozilik billdirib, velosipedda yurish qilishdi.

Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanida, Jizzax-Guliston avtomagistral yo‘lidagi haydovchilar velosiped mingan ishchilarnyaing norozilik namoyishiga guvoh bo‘ldi. Ammo shundan keyin ham muammo yechilmadi. Pudratchi ishchilar Xojimetov¸ Qurbonov doxil o‘n kishi O‘zbekiston prezidentiga shikoyat arizasi yozdi.

Arizada Indorama Agro MChJ bois “Ota yurt”¸ “Birlik”¸ “Do‘stlik” “ Yurtdosh” va “Qo‘rg‘ontepa” maxallalarida ishsizlar soni ortgani¸ axoli turmush tarzining yomonlashgani va tutzorlardagi tut va boshqa daraxtlar kesib tashlanmganidan havotir bildirilgan.

Shuningdek 11 varaqlik bu arizada Indorama Agro MChJga oid traktor va yuk mashinalar tinimsiz o‘tgani bois ichki yo‘llar vayron bo‘lgani va shirkat bir joyga kompost maqsadida go‘ng uyub qo‘ygani bois mahalliy aholi orasida kasallik avj olganidan shikoyat qilinadi.

Eltuzga ma'lum bo‘lishicha, 11 varaqlik bu ariza inobatsiz qolmoqda.

Bundan bir yil oldin O‘zbekiston inson huquqlari forumi (O‘zbek forumi) Bankwatch Network ko‘magida O‘zbekistondagi eng yirik paxta yetishtiruvchi korxonalardan biri bo‘lgan “Indorama Agro” kompaniyasida inson huquqlari buzilishi yuzasidan Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YeTTB) “Mustaqil loyihaning hisobdorlik mexanizmi” (IPAM)ga shikoyat xati yo‘llagan edi.

Shikoyat xatida¸“Indorama Agro” loyihasi boshlanganidan beri mahalliy hamjamiyatlarga katta zarar yetkazgani va fermerlarning yeri bir tomonlama tartibda, oldindan ularning roziligisiz va tovon pulisiz kompaniyaga berilgani ta'kidlangan edi.

Bu shikoyat maktubidan bir yil o‘tsa ham Sirdaryoning Oqoltin va Sardoba tumanlarida yashab “Indorama Agro” MChJda ishlaydigan mehnatkashlar kamsitilish, xo‘rlanish va talonchilik bilan yuzma yuz qolmoqda.

“Indorama Agro” 2018 yilda O‘zbekiston hukumati qarori bilan bug‘doy va paxta yetishtirish uchun tashkil etilgan konglomerat bo‘lib, Singapurda ro‘yxatdan o‘tgan “Indorama Corparation” tarkibiga kiradi.

“Indorama Agro” MChJning internetdagi rasmiy sahifasida “barqarorlikka sodiqlik” haqida gap bor.

Maqolani yozish chog‘ida “Indorama Agro” MChJ boshqaruv tizimi konfliktlar o‘pqoniga tushgani¸ o‘rta bo‘g‘in boshqaruvchilari oshkora talonchiga aylangani ortidan ishchilarda norozilik darajasi yuksalganiga amin bo‘ldim. Shirkat norozi ishchilarning dardu xasratidan tarkib topgan vaqt bombasi ustida o‘tiribdi. Bu bomba qachon portlashini bilmaymiz. Bilganimiz shuki, bu portlash shirkat sohiblari uchun jiddiy oqibat kasb qiladi.

Yaqin yuz yillik tarix nafsoniyati toptalgan ishchilar isyoni nimalarga qodirligini ko‘rsatgan voqealar bilan to‘la.

Eltuz Indorama Agro ishchilari vaziyatini kuzatib boradi.

Tag‘in o‘qing
13 mart 2017
O‘zbekiston matbuoti Kadrlar tayyorlash milliy dasturi tufayli mamlakatda ta'lim tizimi qanchalik «yutuqlarga erishgani», «dunyoda tan olingani» to‘g‘risida og‘iz ko‘pirtirib ...
1 aprel 2024
«Me'morlar keraksiz deb uloqtirgan tosh saroy peshtoqidan o‘rin oldi». Bu gap bir vaqtlar Urganchda yashab o‘tgan rassom Sapo Do‘schon ijodi ...
24 mart 2023
Mana xafta charxpalagi aylanib yana siz qora ko‘zlar bilan birgaman. Tog‘ tog‘ bilan uchrashmaydi.   MS: Odom odom bilan uchrashadi. ...
6 mart 2019
O‘zbekiston Bosh prokuraturasining 5 mart kuni bildirishicha, 10 yillik qamoq jazosini uyda o‘tayotgan 47 yoshli Gulnora Karimova  “jazoni o‘tash ...
Bloglar
10 avgust 2024
O‘zbekistonda bir arvoh kezib yuribdi. Bu Karimov arvohi. O‘zbekiston Karimov davridagi paranoyaga qaytib matbuotdagi «arvox» ...
8 avgust 2024
«Arabiston tuprog‘ida bola tug‘ish» maqsadidagi xotinlar va ularni yetaklab ketayotgan erkaklar. Arabistonda o‘qilgan sha'riy nikohga ...
28 may 2024
Men millatchi emasman! Lekin qaytadan ta'mirlatilgan va Toshkent shahrining sobiq hokimi J. Ortiqxo‘jaev tomonidan Pasxaga ...