Marhamatda gaz chaqnashi oqibatida bir qiz vafot etdi
Marhamat tumanidagi “Shomat” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi X.Sh. o‘z uyidagi yotoqxona qismida qo‘lbola isitish pechini yoqishga urinib, gugurt chaqqan paytida xonaga to‘plangan tabiiy gaz va havo aralashmasidan chaqnash sodir bo‘ldi. Natijada:
X.Sh. tanasining 90 foizi kuyish jarohatlarini oldi.
Uning turmush o‘rtog‘i L.Sh. tanasining 35-40 foizi kuydi.
O‘g‘li J.H. tanasining 20-30 foizi kuyish tashxisi bilan kasalxonaga yotqizildi.
Qizi X.H. tanasining 70 foizi kuygan bo‘lib, uning hayotini saqlab qolish imkoni bo‘lmadi. U 4 yanvar kuni vafot etdi.
Hodisa joyiga tuman prokurori, tergovchi, IIB boshlig‘i, Favqulodda vaziyatlar bo‘limi, hamda gaz ta'minoti filiali mas'ul xodimlari chiqib, protsessual hujjatlar rasmiylashtirildi.
Ayni paytda jabrlanganlardan X.Sh. va uning o‘g‘li J.H. tuman shoshilinch tibbiy yordam bo‘limida davolanmoqda. L.Sh. esa Andijon shahridagi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy-amaliy markazida davolanyapti.
Qo‘shnilar va mahalliy aholi hodisadan hayajonda bo‘lib, gaz bilan bog‘liq xavfsizlikka jiddiy e'tibor qaratish zarurligini ta'kidlamoqda.