Orzumand erksevarning monologi
Shuhrat Bobojon
Eltuz.com
Bu partiya men orzu qilgan ikki maqsadni ko‘zlagan edi. Birinchisi Sovet Ittifoqidan butkul ajralib chiqib erkin davlat bo‘lish. Ikkinchisi esa dunyoning yuzdan oshiq davlatining farovonligi tamali bo‘lgan G‘arb liberal demokratiyasi edi. O‘sha kuni Erk Qurultoyida chiqish qilishim kerak edi. Bir kun oldin va'z yozib qo‘yuvdim. Aksiga olib bu va'z yozilgan varaq ukamning uyida qolib ketdi. Bu va'z «ikkiyuzlama bo‘lmasdan o‘z istagini ochiq aytish» haqida edi.
Masalan o‘zbek qorni och bo‘lsa ham to‘qman deydi. Ketiga tepsang hudoga shukur meni tepgan oyog‘ingiz urinmadimi deydi.
Men o‘shanda odamlarga qarab ichimizdagini ochiq aytaylik. Biz SSSR dan chiqib alohida yashashni istaymiz¸ bizni Moskvadagi o‘rislar boshqarmasin¸ o‘zimizni o‘zimiz boshqaraylik dedim.
Ammo bu gaplarni men silliq va ravon qilib ayta olmadim. Chunki nutq yozilgan qog‘oz uyda qolib ketgan edi.
O‘shanda men Samarqand mamlakat poytaxti bo‘lsin va yangi mustaqil mamlakatning nomi Turkiston bo‘lsin degan taklifni ham kiritgan edim.
O‘sha kungi Qurultoy qatnashchilari eslasa kerak. Men yangi mustaqil Turkistonning gerbini ham chizib o‘zim bilan olib borgan edim.
Uchta ko‘k dumaloq doira shaklidagi piramida Amir Temur davlatining timsoli edi bu.
Oradan 25 yil o‘tdi. Hali ham orzu qilyapman.