Aramaisning xotinini maxalladan badarg‘a qilishmoqchi
Kuni kecha 7 yillik qamoq jazosiga xukm qilingan jizzaxlik fermer Aramais Avakyanning turmush o‘rtog‘i Shirin Tursinovani yashab turgan maxallasidan ko‘chirishmoqchi.
Bu xabarni Eltuz.comga yetkazgan «Dilorom» maxallasi yashovchilaridan birining aytishicha, yig‘ilishda Paxtakor tumani xokimligi qoshidagi «Maxalla» jamg‘armasi raisi Karim Totliboev qatnashgan. Aramais Avakyanning o‘z jinoyatiga loyiq jazo olgani xaqida gapirgan jamg‘arma raisi «Vatanga va prezidentga xiyonat qilgan bunday jinoyatchining oilasini xam maxalladan ko‘chirish kerakligini» muxokamaga qo‘ygan.
Yig‘ilishda qatnashgan «Dilorom» maxallasida yashovchi manbaaga ko‘ra, Karim Totliboev, Shirin Tursinovaning jinoyatlarini birma bir sanab o‘tgan.
«Karim Totliboev, Shirin Vatanimiz yutuqlarini kamsitish maqsadida xurmatli xokimimiz G‘ofur Qarshiboevga tuxmat qildi, xorijiy jurnalistlar orqali ig‘vo tarqatdi, bunday odam maxallada qolishi kerak emas, degan gapni qildi. Yig‘ilganlar indamay o‘tirishdi. Xokimni tarafdorlari bir ikkitasi bu gaplarni ma'qullab turdi» dedi maxalladagi manbaa Eltuz.com bilan suxbatda.
Stalin davridagi qatag‘onlarni eslatuvchi bu yig‘ilishda Shirin Tursinovaning o‘zi qatnashmagan. U Xovos shaxridagi qamoqxonaga turmush o‘rtog‘i bilan uchrashuvga ketgan edi. Shirin yig‘ilish xaqida, Jizzax shahriga qaytib kelgachgina xabar topgan va o‘sha zaxoti tuman xokimligiga qarab yo‘l olgan.
«Jizzaxga yetib kelmasdan turib, bo‘lib o‘tgan yig‘ilish xaqida xabar topdim, va ikki bolamni olib Paxtakor tuman xokimligiga keldim. O‘sha meni maxalladan ko‘chirishni istagan Karim bilan yuzma yuz ko‘rishmoqchiman. Xokim G‘ofur Qarshiboev bilan xam uchrashaman. Qaysi qonunga asosan meni ko‘chirishmoqchi, shuni o‘zlaridan so‘rayman. Yig‘ilish bayonnomasini ham olaman ulardan. Men xokimga tuxmat qilmaganman! Hokim va erim o‘rtasida xo‘jalik bo‘yicha konflikt bo‘lgan va uni xozirgina Aramaisni o‘zi xam bizga aytdi. Bu yerda tuxmat yo‘q» dedi Shirin Tursinova Eltuz.comga.
Eltuz voqealar rivojini kuzatib boradi.
Ulug‘bek Ashur,
Eltuz.com