Rossiya Amerika tovarlariga sanktsiya e'lon qiladi
Rossiya Davlat dumasi 13 aprel kuni AQShning navbatdagi sanktsiyalariga javob loyihasini tayyorladi. Interfax xabariga ko‘ra, qonun loyihasida AQSh shirkatlarini Rossiyadagi xususiylashtirishdan chetlatish ham ko‘zlangan va Rossiya Amerika tovarlarini egalarining ruxsatisiz ishlab chiqarishi mumkin.
Yangi qonun loyihasiga ko‘ra, AQSh va unga hamkor davlatlarning mahsulot va xizmatlarini Rossiyaga import qilish taqiqlanadi, iqtisodiy aloqalarni cheklash ko‘zlanadi.
Yangi qonun AQShda ishlab chiqarilgan dasturlar, dori-darmon, tamaki hamda spirtli ichimliklar importini cheklashni ko‘zlaydi.
Rossiya, shuningdek, raketa va samolyotsozlik sohalarida AQSh bilan hamkorlik qilishni to‘xtatadi.
AQShning 6 aprel kuni Rossiya shirkatlariga qarshi sanktsiyalari oqibatida rossiyalik ellikka yaqin badavlat oligarx 12 milliard dollar yo‘qotishgan edi.
AQSh Moliya vazirligi yangi sanktsiyalarni Kremlning “dunyo bo‘ylab zararli faoliyatiga” qarshi joriy qilganini bildirgan.
Eltuz.com