Asosiy mavzular
6 iyun 2019

Prezident aldanishga moyilmi?

Shuncha marta aldanganiga qaramay, hali-hunuz birorta ko‘zbo‘yamachiga yolg‘oni uchun jiddiy jazo bergani ommaga aytilmagani O‘zbekiston prezidentining o‘zi aldanishga moyil emasmi, degan savolni o‘rtaga chiqaradi.

Oldingi yili davlat rahbarini Qashqadaryoda aldashgan edi. Prezident yuradigan yo‘llarning chetida qo‘lbola issiqxonalar qo‘ziqorindek ko‘karib chiqqandi.

O‘shanda mustaqil OAV shov-shuv ko‘targanidan so‘ng hukumat yig‘ilishida Qashqadaryoning hokimi prezidentni aldaganini bilvosita tan olgan, buning uchun esa u oddiy hayfsan bilan qutulib qolgandi.

“Hammasini videoga olib, plyonkaning ostida nima bor, nima yo‘qligini ko‘rsatib qo‘yibdi. Ekilmaganiniyam. Bitta ko‘zbo‘yamachilikni deb butun dunyoga sharmanda bo‘ldingiz”, degan edi o‘shanda bosh vazir hokimga.

Shu kunlarda esa Andijon viloyati hokimi xol qo‘yib o‘tiribdi. Chunki u Qashqadaryodagi yolg‘onlardan xulosa chiqarmagan, aksincha, ulgi olgan.

Endi esa qo‘ygan xolini oqlash bilan ovora. Oqlayman deb qilmagan ishi qolmayapti. “Qo‘lbola” jurnalistlari esa hokimlikning yolg‘onini fosh qilgan xorijiy OAVlarni “umumiy dushman”ga ham chiqarib bo‘ldi.

Bunisi ham mayli, mana shu yolg‘onni urchitishda bevosita ishtirok etgan telekanal ham jim-jit. Go‘yoki yolg‘on bo‘lmagandek. Demak, bu telekanal bechora ayollarga uy berilishi yolg‘onligini avvaldan bilgan va bila turib yolg‘onni qo‘llab-quvvatlagan, degan xulosa kelib chiqadi bundan.

E'tibor berilsa, yolg‘onchilarning haybarakallachilari ham ko‘p. Ular yolg‘onni fosh qilganlarga qarshi shunday kurashadiki, shularning ham bir manfaati borga o‘xshaydi-yov, degan xayolga boradi kishi.

Umuman, yolg‘onchilik, soxtalik, ko‘zbo‘yamachilik keyingi yillarda prezidentni barcha safarlari davomida ta'qib qilayotganini kuzatish mumkin.

Davlat rahbari qaysi viloyatga bormasin, avvaldan u yuradigan barcha yo‘llar asfaltlanadi, ko‘chalar obodonlashtiriladi, uylarning devorlari, tomlari bo‘yaladi. Prezident yurmaydigan ikki qadam naridagi ko‘chalar esa o‘ydim-chuqur bo‘lib yotadi, hamma joy chiqindi, kulbalar vayron.

Yurtboshining kelishiga tayyorgarlik esa qurbonsiz bo‘layotgani yo‘q. O‘tgan yili prezidentning Samarqandga tashrifi arafasida ko‘cha tozalashga chiqqan Diana Yenikeevani Qattaqo‘rg‘onda “Kamaz” urib ketib o‘ldirgandi.

Mirziyoevning Andijonga o‘sha shov-shuvga sabab bo‘lgan safari oldidan ekilgan gullarni sug‘orayotgan uch ayolni ham mashina urib ketdi. Ikkisi o‘ldi, biri mayib bo‘ldi.

Mart oyida Navoiyga tashrif ham ko‘zbo‘yamachilikdan xoli bo‘lgani yo‘q. Prezidentga “bir yarim mingta ish o‘rni yaratadigan” loyiha sifatida taqdim etilgan G‘ozg‘on shaharchasidagi “Marmarobod” davlat unitar korxonasida shu kunlarda ishchilar soni 20 taga ham etmaydi.   

Buning ustiga, u yerga boshqa joydan xo‘jako‘rsinga olib kelingan texnika va uskunalar ham tashrifdan so‘ng g‘oyib bo‘lgan.

Xullas, bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Rahbarlar prezident oldida o‘zini ko‘rsatish uchun hech narsadan, hatto uning g‘azabidan ham qo‘rqmayotgandek taassurot uyg‘onmoqda.

Bular hatto o‘z obro‘yiga putur yetib qolishidan qo‘rqib, davlat rahbariga arz aytgani keluvchilarga zo‘rlik ishlatishdan ham toymayapti.

Mirziyoevga arz qilmoqchi bo‘lgan andijonlik Yodgora Yunusovani Andijon hokimligi mulozimlari hokimlikning xalq qabulxonasida olti soat ushlab turgan.

Umuman, davlat rahbarining kelishiga joylarni istalmagan shaxslar “tozalash” yangilik emas. Bu “hunar” Karimov rejimi davrida juda keng qo‘llanilardi va hozir ham yumshoqroq ko‘rinishda davom etayotgandek ko‘rinadi.

Marhum prezident Islom Karimov shirin yolg‘onlarga o‘ch edi. Uning kech kuzda g‘o‘za chanoqlariga skoch bilan yopishtirilgan paxta “etishtirilgan” dalaga tashrif buyurganini hali ko‘pchilik zaharxanda bilan eslaydi.

Afsuski, bugun uning merosxo‘ri Shavkat Mirziyoevni ham shirin yolg‘onlar, soxta investitsiyalar, ko‘zbo‘yamachiliklar bilan chalg‘itishga urinish juda kuchli ekani anglashilyapti.

Ammo prezidentning o‘zi bu yolg‘onchilarga qattiqqo‘llik bilan javob qaytarayotganiga oid birorta mujda ko‘rinmayapti.

Hozir jamiyat nisbatan ochiq. Odamlarda muqobil axborot olish imkoniyati kattaroq. Prezident aldanganini xalq turli manbalar orqali bilib olyapti.

Prezidentning o‘zi-chi? O‘zi aldanganidan xabardormi? Agar xabardor bo‘lsa, nega jim? Nega yolg‘onchi va ko‘zbo‘yamachilarning dumi tagiga yantoq qistirmayapti?

Bir vaqtlar odamlar o‘zini “Karimovning bunday narsalardan xabari yo‘q”, deb ovutardi. Endi Karimov davrida ahvol qanchalik yomon bo‘lganini uning merosxo‘ridan deyarli har majlisda eshitayotgan odamlar o‘zini qanday ovutsin?

Bu savollar javobsiz qolsa, prezidentning ijobiy imijiga putur yetib boraverishini esdan chiqarmaslik kerak.

Qolaversa, yolg‘onchi rahbarlardan qutulmas ekanmiz, ertangi taraqqiyot istiqbollari ham xira tortib boraveradi.


Eltuzning Toshkentdagi muxbiri

Tag‘in o‘qing
8 may 2017
3 may – Jahon matbuot erkinligi kuniga bag‘ishlab “Oltin qalam” mukofotlarini topshirish marosimi jurnalistlar va ayrim nashrlar e'tiroziga sabab ...
16 aprel 2024
Eltuz portaliga kelgan co‘nggi 5 ta maktub O‘zbekistonning Buxoro, Toshkent, Xorazm va Rossiyaning Moskva shahridan kelgan. Xatlar kelishda etmoqda, muammolar yechimini to‘liq ta'minlash uchun Eltuz kanaliga obuna ...
13 sentyabr 2023
Salom qadrli muhlislar, bugun 12 sentyabr Eltuz o‘zining kundalik ko‘rsatuvlarini davom ettiradi. Buxoro viloyati sobiq hokimining uyushgan jinoiy guruh ...
5 aprel 2019
Sizga omad tilayman, azizim. Oddiygina omad. Ko‘chada ketyapsiz, sizni mashina bosib ketmadi. Tasodifan o‘rmonda murdani ko‘rib qolib, politsiyaga xabar ...
Bloglar
28 may 2024
Men millatchi emasman! Lekin qaytadan ta'mirlatilgan va Toshkent shahrining sobiq hokimi J. Ortiqxo‘jaev tomonidan Pasxaga ...
11 may 2024
1944 yilning 11 mayida Stalin barcha qrim tatarlarini Qrimdan surgun qilish haqidagi mash'um qarorni imzoladi. ...
6 may 2024
Hayrli kun! Urganch shahrida yashayman. Bugun quyidagi voqea yuz berdi: men avtobusda telefonda gaplashib turgandim. ...