Dayjest
30 oktyabr 2017

Bugungi ahvolimiz sababchilari shular emasmi?

Manqurt desam, manqurtga o‘xshamaydi. Hammasi ziyoliday ko‘rinadi.

Oddiy odamlar emas. Biri hatto majburiy obuna yo‘q deb qovun tushirgan bo‘lsa-da, o‘z davrasida obro‘-e'tiborga erishgan, ko‘pchilikka yaxshi tanish bosh muharrir. Yana biri ham jurnalist. Lekin paxtani hali ham oq oltin deb biladi.

Bir kun paxtaga borib kelib, u yerda o‘z mansabi uchun ko‘rsatilgan ehtiromdan suyulib, bir hovuch paxta teradi va oddiy sharoit yo‘q bo‘lsa-da, dalalarda yigirma kunlab, bir oylab qolib ketib, o‘zining O‘zbekistonda tug‘ilganidan afsuslanadigan odamlar nomidan bu paxta qulligining qanchalik sharaf ekanidan lof uradi.

Boshqasi esa majburiy terimga chiqarilganlarning na cho‘milishi, na hojatga borishi, na oddiygina ovqat yeyishi ibtidoiy bo‘lgan sharoitlarni eshitishni estamay, bu holatni hordiq chiqarish deb biladi.

Ularning fikrlariga qo‘shilmaganlarni vatan xoini, vatansiz, vaysaqi, allaqanday osmondagi yutuqlarni ko‘ra olmaydiganlar safiga qo‘shib qo‘yadi.

Feysbukda «Jamiyat» gazetasi bosh muharriri Behzod Shukurovning posti sabab boshlangan bahs-munozaralarni, xalqimizni «ana shunday dushmanlar»dan qo‘rishga bel bog‘lagan ziyolinamolarning fikrlarini o‘qib, yurtimizning bugungi ahvoliga sababchilarni topgandek ham bo‘ladi kishi.

Nima emish, odamlarni paxta terimidan qaytarishga urinish xalqqa nisbatan dushmanlik emish. Bu fikrga qarshi chiqqanlar esa biqinib olib vaysaqilik qilayotgan emish. Bu bosh muharrirning safsatasi.

«Sizga birov, tur, paxtaga chiq deyaptimi? Dalaga chiqib ko‘rganlar biladi bu qanday maroqli hordiq ekanligini. Hozir bizni ham olib ketishsa, jon deb borgan bo‘lardim”, deya O‘zbekistondagi paxta siyosatiga qarshi post yozganlarga tashlanib qoladi «Shifo-info» gazetasi jurnalisti Manzura Bekchanova.

Dalalarda sovuqdan qo‘llari yorilib, oddiygina sharoit yo‘qligidan bitlab, chivinlarga talanib, rahbarlarning so‘kishiga chidab paxta terish hordiq bo‘lsa-ya!

Ishonchim komil, agar Shavkat Mirziyoev bu kabi holatlarni qoralaganida paxta siyosatining mazkur qo‘riqchilari darhol bugun o‘zlari «vatan xoini», «vaysaqilar» sifatida ko‘rayotganlardan bayroqni tortib olgan bo‘lardi.

Aynan ular «vatan xoinlari»ga non qoldirmagan, hozirgi paxta siyosatining salbiy oqibatlarini bu holatlarni qoralayotganlardan ko‘ra balandroq notalarda gapirayotgan bo‘lardi.

Bundaylarni qanday tushunsa bo‘larkin? Bugungi davlat rahbari o‘zidan oldin o‘tgan ustozining shaltog‘ini tozalashga jon-jahdi bilan tirashib yotgan bir paytda Safar Ostonov degani Islom Karimovni maqtab dasturxondek keladigan sahifani egallaydigan maqola e'lon qiladi.

«Ozodlik» yolg‘on xabar tarqatdi, deb dod-voy qiladigan jurnalist Muhammadjon Obidov «bugun hammaning o‘rni paxtazorda ekani» to‘g‘risida safsata sotadi.

Ularga o‘xshagan jurnalistlar amaldorlarning orqasiga bosishga mo‘ljallangan paxtani bechora qora xalqning mashaqqatli mehnati evaziga terish sharaf ekanini uqtirishdan qachon charchar ekan?

O‘qituvchiyu tibbiyotchi paxta tersa, korxonalar ishchi-xizmatchilari, tadbirkoru ziyolilar paxta tersa, iqtisodiyotni kim rivojlantiradi?

Qachonki hamma o‘z ishini qilmas ekan, mamlakat rivoji haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas.

Fikrimizcha, paxta sohasini to‘liq va tubdan isloh qilish lozim. Birinchi bosqichda majburiy mehnatni qo‘llamasdan, faqat fermerlar ixtiyoriy terimchilar ko‘magida, mehnatga munosib haq to‘lash evaziga terib olishimizga, to‘qimachilik sanoatimiz ehtiyojiga yetarli darajada paxta yetishtirishga o‘tishimiz kerak.

Keyingi bosqichda to‘qimachilik sanoatimizni yanada rivojlantirish, shu barobarida majburiy mehnatga olib kelmaydigan darajada mexanizatsiyalashgan tarmoqni yaratishga erishib, paxtazorlarni ham shunga mos ravishda ko‘paytirib borish zarur.

Toki ertaga hech kim mamlakatimizni mehnat huquqlarini buzishda ayblay olmasin. Toki bunday illatlarimizni yopish bahonasida ochko olayotgan maddohlarga kunimiz qolmasin!

Toki rahbarlarimiz xalqaro maydonda mamlakatdagi inson huquqlari buzilishi haqidagi iddaolarni eshitib, boshini egmasin yoki buni yolg‘onga chiqarish uchun stol mushtlamasin!

Sardor Azim
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
25 fevral 2022
Qadrdonlarim bormisiz? Omonmisiz? O‘tgan xafta kasal bo‘lganlar bugun tuzalganidan¸ o‘tkan hafta puli yo‘qlar bugun boyib bitib ketganidan xursandman. Bugun ...
15 dekabr 2017
13 dekabr kuni Toshkent islom universiteti 4-kurs talabasi Asqar Nodirov o‘zbek-qozoq chegarasida o‘tayotib posbon Tolib Fayzievni pichoqlab tan jarohati ...
29 aprel 2019
O‘zbekistondagi «Vaqf» xayriya jamoat fondi raisi Iskandar Xalilov xizmat mashinasi sifatida minib yurgan «Malibu-2» avtomobili tarmoqlarda bahs uyg‘otdi. “Vaqf” ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...