Asosiy mavzular
10 iyul 2019

«Bir yonda ojizu, bir yonda kuchli…»

Muhammad Solih shoir va siyosatchi. 1949 yil 20 dekabrda Xorazmning Urganch tumanida dunyoga kelgan. Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakulteti va Moskvadagi Oliy adabiyot kurslarida tahsil olgan.

1977 yilda ilk she'riy kitobi chop etilgan Solih XX asr o‘zbek she'riyatiga G‘arb avangardchiligini olib kirgan shoir sifatida shuhrat kozondi.

Muhammad Solihning 20 dan ortiq she'riy va publitsistik kitobi chop etilgan. Solih siyosiy faoliyatini 1985 yilda boshladi. U «Birlik» xalq harakatining asoschilaridan biri.

1989 yil «Birlik»dagi bo‘linishdan so‘ng Solih “Erk» partiyasini qurdi.

1991 yil 29 dekabrda o‘tgan ilk prezident saylovida Islom Karimovning raqibi bo‘lgan. 1992 yilda hibsga olinishi va muxolifatga qarshi qatag‘onlar ortidan O‘zbekistonni tark etgan.

Karimov rejimi uni 1999 yildagi Toshkent portlashlarida ayblab, o‘n besh yarim yilga sirtdan qamoq jazosiga hukm etgan.

«Eltuz» «Ozodlik ohanglari» audioto‘plamiga kirgan she'rlarni taqdim etishda davom etadi.

2007 yili Soros jamg‘armasi tomonidan Londonda chop etilgan bu kitobga o‘z yurtida aksar taqiqlangan turfa shoirlarning ijtimoiy she'rlari o‘rin olgan.

Shunday Vataning bo‘laturib

Shunday Vataning bo‘laturib,
Yozasan yulduzlar haqida,
Charog‘on kunduzlar haqida,
Qoshlari qunduzlar haqida.

Shunday Vataning bo‘laturib,
Sen gullar haqida kuylaysan.
Onangning ham ko‘zyoshini sen
Shabnam deya o‘ylaysan.

Shunday Vataning bo‘laturib,
Koinot haqida so‘zlaysan.
Toshga urish kerak bo‘lgan boshni
Gulchambar uchun shaylaysan.

Shunday Vataning bo‘laturib,
Qurol yo‘q qo‘lingda.
Shunday vataning bo‘laturib,
Qo‘rqasan o‘limdan!

Na go‘zal

Bir yonda ojizu, bir yonda kuchli
kurash boshlanarkan tarafma-taraf,
ojizning yonini olganing uchun
«xoin» deb nom olmoq naqadar sharaf!

Na sharaf, xalqini qul etgan podshoh
«mening dushmanim» deb seni atasa,
jazavaga tushsa, isming eshitgan chog‘
kitobingni o‘qib, yirtsa, toptasa!

Na sharaf-ki zulmga «zulm!» deya olsang,
boshingda har kuni sinsa-da tayoq,
shaytondan qo‘rqmaslik naqadar go‘zal,
na go‘zal yagona Ollohdan qo‘rqmoq!

Muhammad Solih
«Ozodlik ohanglari»

Tag‘in o‘qing
2 mart 2021
Bir og‘aynim qo‘qqisdan men haqimda daholarcha bashorat qilib bunday deb qoldi: Kerak bo‘lsa, ming foiz kafolat beramanki, seni yurtimizda ...
8 dekabr 2021
“Eltuz”mehnat huquqlariga oid animatsiyalar turkumini davom ettiradi. Bugun biz sizga kasaba uyushmasini qanday tuzish haqida hikoya qilamiz.  Dastavval kasaba ...
17 iyun 2020
Menga berilgan qamoq jazosining tugashiga sanoqli kunlar qolganida, ya'ni yanvar oyi o‘rtalarida yonimga Antonenkoning chopari keldi va SPP Antonenko ...
19 yanvar 2016
Choyxona oshi Mayxona oshi To‘yxona oshi Nahor oshi Ta'ziya oshi Payshanbayu yakshanba oshi Shunday o‘tar ro‘zu ro‘zgorim Nariroqda ho‘v ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...