«Kechirmas kech kechikkanlarni…»
Abduvohid Hayit – 1967 yilda Qashqadaryoning Yakkabog‘ tumanida tug‘ilgan.Toshkent Davlat Universitetining jurnalistika fakultetini bitirgan. Hozir Kanadada yashaydi.
Kech
Vakt kech bo‘ldi, ko‘zlaringni yum,
Tort ko‘zingga darpardalarni.
Chumchuqchalar uxladilar jim,
Uyqu oldi darrandalarni.
Bo‘sag‘amga kirib keldi kech,
Qaro libos kiydi dalalar.
Kanday keldi, qaydan keldi kech,
Sezishmasdan qoldi bolalar.
Yulduz boqar uzoq-uzoqdan,
Xorg‘in turar bekatlar, uylar.
Bunda qo‘shiq intiho haqda,
Bunda kuylar hijronni kuylar.
Kuyuqlashib bormoqda kecha,
Yo‘laklarda tun farroshi – qiyr.
Kechikkanlar bunda bir necha,
Adashganlar zulmatga asir.
Adashmoqqa mahkum etar kech,
Kech suymas hech kechikkanlarni.
Kechikmasdan kelar doim kech,
Kechirmas kech kechikkanlarni.
Kech daf'atan kelmoqda bosib,
Mitti uyda jon saqlar ziyo.
Men kaftimni ko‘ksimga bosib,
Kech ishiga turdim mahliyo.
Kech dilimni etdi kishanband,
Vujudimni ayladi pech-pech.
Tegramda tun, ilgimda kamand,
Vaqt kech bo‘ldi, endi bari kech.
Abduvohid Hayit
«Ozodlik ohanglari»
Eltuz.com