RTdan va'z: Kichik davlat rahbari haqida
Pul hamma narsani hal qiladi, deyishadi. Menimcha, siyosat hamma narsani hal qiladi. Vaqtida berilgan va'da va odamlarni ishontirish san'ati. Bu gapimga ilova sifatida rivoyat aytsam.
Ikkita davlat qo‘shni bo‘lib yashar ekan. Bitta davlat katta ekan. Xalqiyam ko‘p. Ish joylariyu ish haqlari ham. U davlatda pul daraxtlarda barg kabi o‘sib yotar ekan. Erinmagan odam o‘sha daraxtni bir tepsa, duv etib pul to‘kilar ekan.
Ikkinchi davlat hududi kichik va xalqi ham nochor yashar ekan. Ular o‘zlarini qashshoq deb aytishar ekan. Pasportiga ham «qashshoq» deb yozilganmish. Ularni 25 yil ezib qashshoq qilgan prezidenti ichburug‘dan o‘lib qolib, o‘rniga o‘ng qo‘l vazir prezident bo‘lib olgan ekan.
U oldingi prezident nima qilgan bo‘lsa, teskarisini qila boshlabdi. Hovuzlarni ko‘mdiribdi. Uylarni buzdiribdi. Daryolarni teskari oqizdiribdi. Odamlar kunduzi uxlab, kechasi ishlasin debdi. Tovuqlar o‘nta tuxum qilsin, deb buyruq ham chiqaribdi.
Sigirlarning emchagiga hisoblagich o‘rnatibdi. Kuyovlari va qizlari esa xalqning cho‘ntagiga kamera o‘rnatishibdi. Har 10 so‘mdan 9 so‘mini bizga berasan, deyishibdi prezident kuyovlari.
Bu asnoda xalq boshqa davlatga ko‘chib keta boshlabdi. Lekin xotinlar tezda uchtadan tug‘ib, ketgan aholi sonini to‘ldirib qo‘yishibdi.
Bu orada narigi katta boy davlat o‘z qo‘shnisi bo‘lgan kichik va kambag‘al davlatni bosib olmoqchi bo‘libdi.
Qo‘shni davlat chap vaziri maslahat beribdi: “Nima qilasiz bosib olib ularni. Televizoriga chiqib aytamiz, ertadan boshlab sizlar bizniksiz deb. Bular do‘ppisini osmonga otib, xursand bo‘ganidan siyib yuborishadi”.
Katta davlat prezidentiga bu taklif yoqmabdi: “Bir mamlakat urush yo‘li bilan olinadi. Jangchilarni yollang», debdi katta davlat prezidenti.
Katta davlatda hamma rohat qilib yashagani uchun aksar aholi urushga borishni istashmabdi.
“Katta pul bering ularga”, debdi prezident.
Odamlar esa «pulni nima qilamiz, ana, daraxtni bir tepsang pul yog‘iladi», deyishibdi.
Katta davlat prezidenti pul daraxtlarining atrofini temir panjara bilan o‘rab qo‘yib, “jangga borib kelgandan keyin to‘siqni olib tashlayman», debdi.
Xullas, katta pul va yeguliklar evaziga to‘plangan askar nog‘ora chalib yo‘lga tushibdi.
Ular kirib borgan birinchi qishloq aholisi xursand bo‘lib ketib, darrov jamoa bo‘lib asirga tushibdi.
“Asirlarni yaxshilab boqing. Snikers bering ularga”, debdi katta davlat prezidenti.
Shu tariqa qishloq va shaharlar to‘da-to‘da, o‘rda-o‘rda bo‘lib asirga tushaveribdi.
Mamlakatning uchdan biri qo‘ldan ketibdi.
Bu paytda kichik mamlakat prezidenti o‘z tovuqxonasida tovuqlarning tagini tozalab yurgan ekan. Uning tovuqlari har kuni 12 tadan tuxum qo‘yar ekan. Keyin tuxumlarning bir qismini u go‘sht va sariyog‘ga almashtirar ekan. Aslida hech bir tovuq deyarli tuxum tug‘mas ekan. Prezident uxlagan paytda yordamchi vazirlar bozordan tuxum olib kelib tovuqxonaga sochib qo‘yishar ekan…
Xullas, prezident munday tabletini ochib qarab, o‘z davlatining uchdan birini qo‘shni davlat bosib olganini xalqaro xabarlardan bilib qolibdi.
«Endi nima qilsam ekan. Arnasoyga borib bekinib olsammi», debdi u xotiniga qarab.
Xotini bo‘lsa unga qarab: “E, o‘l! Bunaqa paytda jang qilinadi”, debdi.
“Qanaqa jang? Nega? Osmonimiz musaffo…”, deb boshlasa, yana xotini jerkib beribdi.
“Askarlarni to‘plang, dushmanga qarab jangga kirsin”, debdi rafiqai mukarrama.
Kichkina davlat prezidenti bo‘lsa: “Jangchilarga to‘lashga hazinada pul yo‘q. Hammasini Jahongir siti quraman deb xarjlavordik”, deb xotiniga yana mo‘ltirabdi.
“Pul to‘lash shart emas, siz ularga va'da bering”, debdi xotin.
Xotinni dono bilib, er ham ko‘kragini keribdi.
Prezident ozginagina armiyani to‘plab, selektr o‘tkazibdi.
“Agar dushmanni yengsangiz, har biringizga O‘zbekiston qaxramoni o‘rdenini beraman, har biringizga bittadan «Kobalt» moshina, bittadan namunali uy beraman. Echki beraman. Tovuq beraman. O‘zim belkurakni olib hovlingizga limon ekib beraman”, debdi.
“Ammo buning uchun dushmanni yengib bering”, debdi kichkina davlat prezidenti.
Askarlar urra deb jangga kirishibdi. Ular fikran ertangi villayu kobaltlar egasi bo‘lishini sezib kuch va g‘ayratga to‘lishibdi.
Bu orada katta davlat shuncha asirni snikers bilan boqaverib, xazinasi deyarli bo‘shab qolibdi. Askarlar oyligi kechikibdi.
Ufqda esa buyuk kelajakka ishongan kichik davlatning qudratli armiyasi dushmanga qarab azmu qaror bilan bosib kelayotganmish.
Katta davlatning katta oylik olib o‘rgangan tanbal askarlari esa orqasiga qarab qocha boshlashibdi.
«Nega oyligi kechikkan armiyada jang qilishim kerak», deb o‘ylabdi ular va qurolini tashlab, mingga qo‘yib qochibdi.
Kichik davlatning buyuk kelajak haqidagi quruq va'dasiga ishongan armiyasi g‘alaba qilibdi.
Mamlakat ozod bo‘libdi. Asir tushib, tekin yeb yotgan parazitlarni ko‘tiga bir tepib, siti qurilishida tuproq tashishga jalb qilishibdi.
Shu yerda rivoyat tamom.
G‘olib askarlarga «Kobalt» moshin, namunali uy va tovuq echki berilgan yoki berilmagani haqida roviylar sukutda.
Qissadan hissa. Pul emas, siyosat vaqtida berilgan va'da davlat boshqarishda katta ro‘l o‘ynaydi.
Assalomu alaykum, O‘zbekiston, juma muborak!
Rassom Tuz
Eltuz.com