Asosiy mavzular
13 sentyabr 2019

RTdan va'z: «Bu turfa gullar, ayting…»

Jamoatchilik bosimi nima degani? Buni mashhur rus rassomi Vyacheslav Zaytsev aytib bergan edi. Zaytsev kichkinaligida barcha sovet bolalari qora satindan bo‘lgan trusi kiyishi kerak bo‘lgan.

Zaytsevning ota-onasi unga chet eldan keltirilgan sifatli oq trusi kiydirib, bog‘chaga yuborgan. Boqcha opa Zaytsevni boshqalardan farqli ishton kiygani uchun stul ustiga chiqarib qo‘yib, sazoyi qilgan.

Ertasiga Zaytsev “Bon Bon Bodywear” yorliqli trusigini yechib tashlab, “Krasniy bolshevik” artelida tikilgan arzon satin ishton olib berishlarini onasidan ko‘zida yosh bilan talab qilgan.

Bog‘chadagi jamoatchilik bosimining oqibati edi bu. Bugun ham O‘zbekistonda ayni hol. Masalan, mamlakatdagi barcha maktab o‘quvchilaridan bir xil kiyim kiyish talab qilinmoqda.

Maktab yoshidagi millionlab bolalarning maktab formasini kiyishidan faqat kichik bir korruptsion guruh manfaatdor bo‘lishi mumkin.

Agar bir xil rangdagi maktab formasi kiygan bolaning bilimi oshganida edi, Shimoliy Koreya dunyoda eng ilg‘or davlatga aylangan bo‘lar edi.  

Hammaga bir xil to‘n bichayotgan guruh hamisha bichimni o‘z qarichi bilan o‘lchashga o‘rgangan.

Xuddi shunday jihat tarmoqning o‘zbek segmentida kuzatilmoqda. Segmentdagi bitta qatlam barchani bosim ostida tutishni istaydi.

Yaxshisi bu haqda Asadulla Jo‘raev fikrini keltirsam:

“Feysbukdagi o‘zbek internet segmentining fojeasi – bu tarmoqni dogma va notolerant fikrlaydigan mutaassiblar juda uzoq vaqtdan buyon maydon qilib olgani.

Har qanday masalada o‘zlarining fikrlarini o‘tkazishga harakat qilishadi.

Har qanday dunyoviy post qo‘yilsa ham ular o‘z ustavlari bilan yetib kelishadi.

Juda ko‘pi real emas, balki feyk akkauntlar. Ijtimoiy fikr yaratishmoqchi bo‘lishadi”.

Tarmoqning yana bir faoli Nurilla Norchaevich mana bunday yozadi:

“Bu dindorlar ayollarimizni gey bola tug‘ishda ayblab chiqishdi.

Seriallarni tarjima qilgan artistlarni xoinlikda ayblashdi. Ko‘chada yurishga qo‘rqib qoldik. Qachon qarasang, soqol qo‘y, namoz o‘qi, ziyofat ber, deb talab qilishadi. Ertaga afg‘onlarga o‘xshab qolishimiz hech gap emas bunaqa ketishda”.

“O‘zgalarning erkin tanlovini cheklaydigan jamiyat faqat o‘zini cheklaydi”, deydi “ma'naviyatchilar”ga qarshi fikrlari bilan ijtimoiy tarmoqda mashhur bo‘lgan toshkentlik tadqiqotchi Rafael Sattorov.

“Mana, qamalgan blogerlarning bir Ziyovuddin Rahim. U o‘zining diniy fikrlari bilan boshqa shaxslarning erkin tanloviga qarshi bo‘lgan ro‘mol o‘ramagan ayollarni fohishalarga tenglashtirgan, serial artistlarini vatan xoinligida, farzandlariga harom luqma yedirganlikda ayblovchi fikrlar bildirgan. U boshqalar erkini cheklamoqchi edi, mana o‘ziga qaytib keldi shu narsa…”.

Dunyoda rivojlangan mamlakatlarning turfa fikrlilikni qo‘llab- quvvatlashida chuqur mantiq bor. Chunki shusiz na jamiyat, na davlat rivojlanmaydi.

Shu ma'noda, so‘nggi voqea – mamlakat fermerlari yetakchisi Aktam Hayitovning ijtimoiy fikr yaratishga urinishini eslasak.

Nima emish, O‘zbekistonda go‘shtning qimmatchilganiga aholining ko‘p et yeb tashlayotgani sabab bo‘layotganmish.

“Go‘sht narxi nega qimmatlab ketyapti, deb o‘ylaysizlar?.. Shunchalik ko‘p go‘sht yemoqdamizki, buning natijasida ko‘pgina kasalliklar paydo bo‘lyapti. Buni “Amerika kasalligi” deyishadi, bu kasallik menda ham bor, hammamizning tanamizda ortiqcha go‘sht bor. Men faqat go‘shtni aytmayapman, ovqatlanish madaniyatimiz yo‘q”.

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Hayitovning bu paradoks gapi ovqatiga bir bo‘lak go‘sht solish imkoni bo‘lmagan kambag‘al xalqni masxaralash kabi tuyuldi.

«Odamlar haftasiga oladigan ikki kilo go‘shti bir kiloga tushganiga ancha buldi. Umuman, go‘sht yemasak, sizlar to‘yasizlarmi???” deya yozdi Hamza Ali ismli feysbuk yuzeri.

 “Amaldorning “Biz juda ko‘p go‘sht yemoqdamiz”, degan gapini o‘qib, har qanday oddiy odam “Bizchi?!” desa kerak», deya kinoya qildi Anvar Mustafo.

«Qishloqlarda kamqon bo‘lmagan ayol yo‘q hisobi. Vitamin yetishmasligidan bolalar uchun davlat bepul multivitaminlar tarqatishga majbur bo‘lyapti. Bu kishim esa “ko‘p go‘sht yeyapmiz” deydimi-ey”, deya izoh qoldirdi u.

Fermerlar kengashi raisining gaplari bozorda go‘sht 55-60 ming so‘mga chiqib ketganini eslagan Muyassarxon To‘xtasinovaning ham fig‘onini chiqardi.

«Amaldorlar, xotirjam bo‘linglar, go‘sht yemay qo‘yganmiz, chunki pulimiz yetmayapti. Sizlar tufayli non ham yeyolmasak kerak”, deya yozdi u.

«Balkim biz ko‘p nafas ham olayotgandirmiz, bo‘ynimizga schyotchik qo‘yib bersin tarif bilan, oyiga qancha nafas olish kerak deb…”, deya yozg‘irdi Oksana Rogojka ismli yuzer.

«Amerika» kasaliga uchragan fermerlar kengashi raisini qo‘llovchilarning esa o‘z amaldorini himoya qilishga argumentlari ham qolmadi.

Turfa fikrlar asnosida O‘zbekistonda go‘sht taqchilligiga aslida chorvani rivojlantirishni eplay olmayotgan qishloq xo‘jaligi va fermerlik kengashi amaldorining o‘zi aybdorligi ko‘rinib qoldi.

Turfa fikrlarga taqiq qo‘yilgan mamlakatda jamiyatga bunday holatga keskin to‘siq qo‘yilgan bo‘lardi.

“Muhtasham yuz yil” filmida Sulton Sulaymon turfa rang chechaklar chappar urgan gulzorga qarab turib, “Yaratgan turlilikni sevadi. Agar buning teskarisi bo‘lsaydi, u faqat bir turli gul yaratardi. Bir turli qush, faqat bir xil odamlarni yaratgan bo‘lardi. Ayni paytda qaragin, biz juda har xilmiz. Bu bog‘ unda turli gullar bo‘lgani uchun chiroyli”, deydi film qahramoni.

Turfalikni rad qiladigan bosim bizni tussiz, rangsiz, tanqidiy taqqoslab fikrlamaydigan qullarga aylantirishi mumkin.

O‘simlik ortiqcha namdan qiynalgani, moychiroq esa moy ko‘pligidan o‘chib qolgani kabi odamda ham ortiqcha bosim ostida cho‘kish tahlikasi bor.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Tag‘in o‘qing
23 mart 2020
O‘zbek kinorejissyori Sarvar Karimov 21 mart kuni o‘zining feysbuk sahifasida «Sarviqomat dilbarim» filmidagi o‘pishish sahnalari va ayrim titrlar kesib ...
21 may 2016
Surxondaryoda o‘tkazilgan «Kim edigu, kim bo‘ldik, ertaga qanday yuksak marralarni egallashimiz kerak?» mavzuidagi tashviqot tadbirlari haqida maqola e'lon qilgan ...
28 mart 2017
So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston ommaviy axborot vositalarida mamlakat ta'lim tizimining abgor ahvoli haqida nisbatan tanqidiy maqolalar chop etilyapti. Haqiqatan ham ...
4 iyun 2016
Mashxur o‘zbek xonandasi, Rossiyaning «Golos» shou yulduzi Nargiz Zokirova (44) 2 iyun kuni o‘zining italiyalik eri Filipp Baltsano bilan ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...