Asosiy mavzular
28 mart 2017

Blogerlar o‘qituvchining yugurdakka aylanganini yozishdi

So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston ommaviy axborot vositalarida mamlakat ta'lim tizimining abgor ahvoli haqida nisbatan tanqidiy maqolalar chop etilyapti.

Haqiqatan ham «mamlakatimiz ta'lim tizimi xalqaro maydonda e'tirof etila boshlangan yillarda» o‘qituvchilar jamoatchilik ishlaridan beri kelmaydigan, paxta desa ham, shanbalik desa ham, obodonchilik ishlari desa ham birinchi navbatda ko‘chaga quviladigan toifa sifatida tanilib bo‘lgandi.

Ta'lim tizimidagi muammolar dasturxon qilinayotgan ayni zamonda o‘zbek blogosferasida ham bu masalaga e'tibor qaratila boshlandi.

Kun.uz sayti o‘zbek blogerlarining ayni mavzudagi dardu hasratlarini bir to‘plam holida jamoatchilik e'tiboriga havola etdi (http://kun.uz/news/2017/03/23/blogerlar-ovozi-ugurdakka-ajlangan-ukituvci).

«Keyingi kunlarda internetning o‘zbek kontentida o‘qituvchilar bilan bog‘liq holatlar keng muhokama qilindi. Xususan, Sanjar Said o‘qituvchilarni o‘z holiga qo‘yishga chaqirdi, Alp Arslon taxallusli bloger o‘qituvchilar millatga
eng kerakli odamlar ekanini eslatdi, Diyor Imomxo‘jaev esa hamshiralar va o‘qituvchilar bugungi kunda qanday darajaga tushirilganini bayon etdi», deb yozdi sayt.

O‘qituvchilarning kommunal xizmat haqlarini yig‘ish, mahallaning, hokimiyatning har xil ishlarini bajarishga jalb qilinishidan xabarimiz bor edi.

Sanjar Said xabaridan endilikda, o‘qituvchilar prezidentning virtual qabulxonasiga kelgan shikoyatlar bilan ishlashga majbur qilinayotganini bilib olish mumkin.

Unda yozilishicha, maktab direktorlari virtual qabulxonalarga shikoyat yozgan fuqarolarning uylariga borib, murojaatlar bo‘yicha ishlashga majbur qilinmoqda.

«Shahardagi hamma maktablar direktorini chaqirtirishibdi, tuman bo‘yicha shikoyatlarni o‘rganish uchun bo‘lib berishdi, haliyam bizga uchtasi tushdi, mashinasi borlarga 18 talab shikoyat ajratildi», debdi u bilan suhbatlashgan maktab rahbarlaridan biri.

Alp Arslon taxullusli bloger esa sovet davridagi ta'lim tizimini esga olarkan, undan minnatdor emasligini, chunki «O‘zbekistonimizda aynan maktab ta'limini rivojlantirish, maktabdagi sharoitlarni yaxshilash uchun hech ish qilinmagani»ni aytadi.

Muallif sovetlar davridagi ta'lim tizimiga la'natlar o‘qir ekan, mustaqillik yillarida zamonaviy maktablar qurilganini esga oladi.

U sho‘rolar zamonini tanqid qilar ekan, bugungi kelib ham bir narsa, ya'ni «o‘qituvchiga, o‘quvchiga munosabat o‘zgarmagani»ni tan olishga majbur bo‘ladi.

«Hali metallolom rejasini topshirishadi, hali makulatura yig‘ish deganday. Kuzda esa navbati bilan paxtaga borish kerak. Esimda, 3-4 yil oldin o‘qituvchilar hatto namunali uy-joy qurilishiga hasharga ham bordilar. Umuman olganda, biz o‘sha Sovet Ittifoqi deb atalmish tuzumning hamma narsasidan voz kechdik. Faqatgina mana shu og‘riqli muammo bo‘lmish o‘qituvchilarga munosabatdan boshqa», deya yozg‘iradi Alp Arslon.

Shundan so‘ng u yangi prezident «hamma sohalarda katta-katta islohotlarni boshlab yuborgani»ni bildirish soyasida «o‘qituvchilar o‘zlariga tegishli bo‘lmagan turli «xizmatlar»dan batamom ozod qilinishlari kerak», degan dadil gapni aytishga ulgurgan.

Shu bilan birga, muallif «yaqin vaqtlarda hukumatimiz va prezidentimiz bu og‘riqli muammoga ham e'tibor qaratadilar», deb umid qilgan.

Boshqa bir bloger hamshira bo‘lib ishlaydigan onasi misolida o‘qituvchilar va shifokorlar davlatning cho‘risiga aylanib qolgani, ular asosiy vazifasi qolib, turli qog‘ozbozliklar bilan shug‘ullanishga majbur bo‘layotganini ta'kidlaydi.

U prezidentning xorijga ketib qolgan o‘qituvchilar, shifokorlarni yurtga qaytarish tashabbusiga munosabat bildirib, ularning ketib qolishiga sabablarga ishora qiladi.

Blog muallifi O‘zbekistondagi siyosiy hushyorlikka da'vatlarga ham istehzo bilan qarab, «dunyoning jamiki muammosi»ni, xususan, terrorchilar, tinchlik, siyosiy vaziyat, istiqlol va shular qatoridagi masalalar»ni hadeb tiqishtirish qanchalik to‘g‘ri ekaniga e'tibor qaratadi.

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
23 yanvar 2019
Prezident Mirziyoevning 21 yanvar kuni Berlinga rasmiy tashrifi chog‘ida «Ozodlik» jurnalisti Shuhrat Bobojonning «Ozodlik radiosidan sizga salomlar», degan replikasi ...
25 iyun 2020
​​Xalqaro press-klubda matbuot anjumani bo‘lib o‘tibdi, unda Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov bunday gaplarni aytib o‘tibdi: ...
11 sentyabr 2015
Agarda, muxokama qilgan bo‘lsa, nima uchun bu haqida ommaviy axborot agntlarida biror marta hamxabar qilinmagan? Bugungi kunda, yurtimizda SSSR ...
25 fevral 2019
Joriy yilning 8 fevralida ishdan olinib, ustidan jinoyat ishi ochilgan DXX sobiq raisi Ixtiyor Abdullaevning qarindoshlari va hamtovoqlari nazoratga ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...