RTdan va'z: Prezident qizlari «kayfuet»
Kechgan haftada o‘qituvchi va ustozlar bayram qildi. Agar mendan ustozing kim deyishsa, hech ikkilanmay Mahmudxo‘ja Behbudiy degan bo‘lar edim.
Behbudiy men uchun ulug‘ o‘qitg‘uvchi muallimdir. Aynan u kishi ilk teatrni sahnaga qo‘ydi va o‘zi muftiy bo‘lishiga qaramay, teatrda rol o‘ynadi.
“Teyotr nimadur? Janobig‘a teyotr ibratnamodur, teyotr va'zxonadur, teyotr ta'zir adabidir. Teyotr oyinadurki, umumiy hollarni anda mujassam va namoyon suratda ko‘zliklar ko‘rub, kar, quloqsizlar eshitib asarlanur. Xulosa: teyotr va'z va tanbih etuvchi hamda zararlik odat, urf va taomilni, qabih va zararini ayon ko‘rsatguvchidur. Hech kimni rioya qilmasdan to‘g‘ri so‘ylaguvchi va ochiq haqiqatni bildirguvchidir”.
Ustoz Behbudiynig bu gaplari biz uchun bir manifest yoki yo‘l ko‘rsatuvchi kompasdir. Behbudiy yuzidan nur yoqqan ustozlarning avvalida edi.
O‘tmishdan bugunga qaytib, kechgan hafta realligiga boqib, Behbudiy aytmoqchi zararlik odat, urf va taomilni, qabih va zalolatni ayon ko‘rsatsak.
Qamoqda faqat begunohlar o‘tiradi, degan gap shakllangan miyamizda. Bu to‘g‘ri emas. Odam o‘ldirgan, qotil va o‘g‘rilar ham qamoqda o‘tiradi. Agar u prezident kuyovi bo‘lmasa.
Masalan, o‘zbekistonlik qotil Saydullaxon Abbosov qamoqdan qochib ketganidan 3 yil o‘tib Qirg‘izistonda qo‘lga olindi.
1983 yilda tug‘ilgan Saydullaxon Abbosov Qirg‘izistonda Bekpo‘lat Qo‘shoqov ismi bilan yashagan.
2010 yilda Toshkentda sud Abbosovni zo‘rlash, qotillik va talonchilik uchun ozodlikdan mahrum etishga hukm qilgandi. Abbosovni qirg‘iz milisalari qo‘lga oldi. Chunki o‘zbek milisalari paxtada.
Farg‘ona viloyati IIB boshlig‘ining 10 sentyabr kungi farmoyishiga ko‘ra, har kuni shahar va tuman IIB boshliqlari 20 tadan, jami 300 xodimni paxtaga ajratishi va ular paxta terishi shartligi belgilandi. Agar xodim bormasa, unda o‘rniga 2 ta mardikorni o‘z puli hisobidan yollashi shartligi talab qilindi. Milisalar norozi.
Mang‘itda hamma paxtaga quvildi. Qilichboy, Qipchoq va Do‘simbiyda ham. Kuyukko‘pir, Toshyop va O‘rtaqal'a ovullarida odam zoti bo‘lsa, paxtaga olib chiqildi. Oqoltin va To‘lqin ovulidagilar qarshilik ko‘rsatmoqchi bo‘ldi, ammo bola pulini kesamiz, degandan keyin itimday bo‘lib paxtaga chiqib ketdi.
Konservatoriyadagi muzikantlar paxtaga quvildi. Pianino chaladigan barmoqlar dabdala bo‘ladi.
Namanganlik ota aliment to‘lamaslik uchun 2 yashar bolasini cho‘ktirib o‘ldirdi. Namanganliklarni esa boshqa muammo to‘lqinlantirmoqda.
Namangan viloyatining Mingbuloq tumanidagi Qo‘riqobod mahallasiga 17 yashar yigit “PAYNET” shoxobchasi eshigi qulfini buzib kirib, u yerdan “Toshiba”, “Lenovo” noutbuklari va “Samsung” telefonini o‘marayotganda qo‘lga tushdi.
Kattaqo‘rg‘onlik 5 kishi cho‘ponni urib, 5 qo‘yni o‘marib, eski qizil «Jiguli»ga ortib qochishdi. O‘g‘rilar qamoqda. Qo‘ylar qo‘rada. Adolat xursand bo‘lganidan sakrab-sakrab ketdi.
Bu – O‘zbekistonda kechgan haftada yuz bergan voqealar edi.
Millat dalalarda egilib paxta terib turgan bir paytda Toshkentdagi malikalar va satanglar ko‘ngilxushlik qilishdi.
1 oktyabr kuni Toshkentdagi «Humo» muz saroyida rossiyalik o‘rtamiyona popsa qo‘shiqchi Polina Gagarina kontsert berdi. Kontsertdan keyin prezident Mirziyoevning qarindosh-urug‘i va bezbet kuyovlari o‘rischa qo‘shiq aytishdi. Ziyofat yeb kekirishdi.
Videoda ekzotik taomlar bilan bezatilgan stol atrofida prezident Mirziyoevning qizlari va kuyovlarini – yuqori lavozimli davlat amaldorlarini ko‘rish mumkin. Darvoqe, bular yeyayotgan go‘sht xalq to‘lagan soliq hisobidan. Shu bois, biz ularga qarab, «Ey, birinchi oila, qadamingni bilib bos!» deya olamiz.
Ammo bulardan farqli o‘laroq, ulug‘ qo‘shiqchi Bobomurod Hamdamov bemalol kayfini surishi mumkin.
Mabodo Behbudiy bobo bugun yashagan bo‘lsa va u kishining feysbukda sahifasi bo‘lsa, nima haqida yozar edi? Behbudiy domla bugun qadimchilarning jazavasiga istehzo bilan qarab, «Nahotki bular 100 yil davomidayam ayni jazavadan nariga o‘tmay, avomligicha qoldi-ya», deb istehzo qilardi.
Va albatta u kishi grafen haqida yozgan bo‘lardi. Grafen 21-asrda kashf qilingan po‘latdan 200 marta mustahkam bo‘lgan materialdir. Uni kashf qilgan olimlar Andrey Geym va Konstantin Novoselov 2004 yilda Nobel mukofoti olishdi.
Yupqaligi 0.01 mm bo‘lgan grafen plyonkadan tom qilib, ustiga eng katta afrika filini chiqarsangiz ham tom darz ketmaydi. Grafen kashf qilinmaganida qo‘limizdagi smartfon bu qadar mukammal bo‘lmasdi.
Yana nima haqda yozar edi Behbudiy? Menimcha, mayiblar uchun yaratilgan smart protezlar va karbin haqida yozardi. Kabmin emas – karbin! Karbin grafendan ham pishiq materiya. Darvoqe, jadid degan kalima «yangilik» ma'nosini bildiradi.
Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!
Rassom Tuz
Eltuz.com