RTdan va'z: Jumanazar aka ko‘kda ko‘rgan demokratiya
Jamoatchilik fikri. Nima u? Katta xolangning yelim kavushimi? Tog‘ang devoriga osib qo‘ygan pilta miltiqmi? Nima o‘zi u?
Inglizcha qisqagina «Public Opinion» deya ataladigan bu ibora aslida dunyoni boshqarayotgan sinoatdir.
Jamoatchilik fikri ommaviy ong shaklidir. Masalan, Afandi yosh bolalarga: «Qara, ko‘cha boshida tekin yong‘oq beryapti!» deb aldaydi. Yuzlab bolalar bunga ishonib yugurib ketishadi. Shuncha bola yugurganini ko‘rgan Afandi rostdan ham tekin yong‘oq beryapti, deya bolalar orqasidan yuguradi.
Ëki bugungi kunimizni olaylik. «O‘zbekkontsert» degan parazit tashkilot qo‘shiqchi Jahongir Otajonovni “yotib kuyladi va ustidan pul yomg‘iri yog‘di”, deya litsenziyadan mahrum qildi.
Bu ko‘pchilikka yoqmadi. Mashhur do‘konchidan tortib, prezidentning sobiq matbuot kotibigacha «O‘zbekkontsert»ni yozg‘irdi. Ya'ni ijtimoiy fikr «O‘zbekkontsert» qaroriga qarshi chiqdi.
Aslida davlat kimnidir jazolaganida bunday aks holat bo‘lmasligi kerak. Odamlar ham adolat tantana qildi, deya sevinmog‘i kerak emasmi? Aytmaydilarmi shariat chopgan qo‘l og‘rimaydi deb?
Ammo ijtimoiy fikr janobi oliylari davlat mulozimidan ustun keldi.
Otajonovning litsenziyasi qaytarildi. Endi u yotib kuylaydimi, dumalaydimi, po‘stin kiyadimi, jubba kiyadimi – baribir.
Qo‘shiq aytishga to‘sqinlik qilib bo‘lmaydi. Esingizdami, «Tantsor disko» kinosidagi Jimmi. Uning qo‘lidagi gitarani dushmanlar elektr tokiga ulab qo‘yishadi. Olomon «Kuyla, Jimmi» deya talab qiladi. Jimmi onasi elektr toki urib o‘lgan bo‘lsa ham kuylayveradi.
Ammo har doim ham jamoatchilik fikri to‘g‘ri bo‘lavermaydi. Masalan, 1933 yilda Germaniya jamoatchilik fikri Gitler tarafida edi. 1930 yilda esa Benito Mussolini italiyaliklarning aqli va shuurini egallagan edi. Ammo bu fikr bois Italiya va Germaniya ulug‘ tovon to‘ladi. Tavqi la'nat ostida qoldi.
Ko‘pchilikning gapi doimo to‘g‘ri bo‘lavermaydi. Masalan, bitta kallavaramning yoniga mingta kallavaramni qo‘ysangiz, ming bir kallavaram hosil bo‘ladi, xolos.
Aqlsizlar bir joyga birlashgani bilan aqlli bo‘lib qolmaydi. Olomon bo‘lishi mumkin. Ba'zida olomon istagi ham jamoatchilik fikri sifatida talqin qilinadi.
Yaqinda Dang‘araning Oltiqush qishlog‘ida o‘g‘rilarni ushlab, armatura bilan urib mayib qilishdi. Tong payti! O‘g‘ri tonggacha tomda berkinib yotgan! Tongotar xonadonga kirib pul o‘g‘irlagan! Uy egasi payqab qolgan! Baqir-chaqir bo‘lgan! O‘g‘ri qochgan! Tezda olomon yig‘ilib, ortidan quvgan! Bog‘ ichida tutib olishgan! O‘g‘rini qattiq kaltaklashgan! Oltiqush Dang‘ara tumaniga kiraverishdagi mashhur qishloq!
Darvoqe, o‘g‘ri pulni adyolga o‘rab qochdi. O‘g‘rini Beshkapa yaqinida tutib olib sazoyi qilishdi.
Oltiqush bilan Beshkapa qishlog‘i o‘rtasida katta intensiv bog‘ bor, shu bog‘ning Beshkapa tomonida tutib olib urishdi.
Armaturalar bilan urishdi. Bo‘yniga arqon boylab sudrashdi! O‘g‘ri Chinobod qishlog‘idan ekan! Chinobod Oltiqushdan ikki qishloq narida! O‘sha o‘g‘ri bir bechora odamning farzandlarimga ishlataman (to‘y, boshqa narsalar) deb yig‘ib qo‘ygan 30 milyonga yaqin pulini olib qochgan!
Oltiqush qishlog‘i yigitlari urushqoqligi bilan tanilgan! Qishloq yaqinidagi metangaz oxranalariyam o‘z vaqtida Oltiqush yigitlaridan qo‘rqib zirillardi! Dang‘ara shaharchasi yigitlariyam oltiqushliklardan qo‘rqadi!
Ammo xalq fikri aldamchi. Qarang, o‘tgan haftada Mirishkor hokimi to‘rtta makka dumbulini o‘margan otaxonni videosazoyi qilganida odamlar o‘sha mayda o‘g‘rining tarafini olishdi.
Biroq ayni o‘sha odamlar bozorda birovning cho‘ntagini kesib, ming so‘mini olgan mayda o‘g‘rini tepkilab o‘ldirishga tayyor.
Buni samosud deydi. Faqat rivojlanmay yovvoyi bo‘lib qolgan jamiyatlarda samosud sazoyi tizimi bor.
Normal davlatlarda mustaqil sud tizimi mavjud bo‘ladi. Umuman, davlat bir-biridan mustaqil uchta quvvat bilan boshqariladi.
Qonun chiqaruvchi, ya'ni parlament. Ijro, ya'ni prezident, hokimlar va nihoyat sud hokimiyati. Bu uchalasi bir-biriga bo‘ysunmaydi, biri biriga amr bermaydi.
Hatto o‘zga sayyorada ham bir emas, uchta podshoh bor ekan. Buni uchar likobchaga minib, o‘zga sayyoraga borib, o‘z ko‘zi bilan ko‘rib kelgan Jumanazar aka TVga aytib berdi.
Qarang, hatto it tanimaydigan o‘zga sayyorada ham mavjud demokratiya O‘zbekistonda yo‘q. Mirziyoev piramidasi bor, xolos.
Jiddiy o‘ylab qarasak, samosudlar ko‘payishi bizni o‘rta asr jaholatiga yetaklaydi. Terisi shilingan Nasimiy, dorga osilgan Mashrab, quvg‘in qilingan Ibn Sino.
Johil va, ayniqsa, radikal mutaassiblar olomonidan qo‘rqsa qo‘rqqulik.
Besh yil avval Qobulda Farxunda Malikzoda degan begunoh ayolni shaytonlagan olomon urib, tepib, toshbo‘ron qilib, tomdan uloqtirib, mashinalar bilan bosib, keyin yoqib yuborib o‘ldirgandi.
Bunda yuzlab erkaklar qatnashdi, kulib, videolarga olishdi. Bunga bir mullaning Farxundani Qur'oni Karimni yoqqanlikda ayblagani sabab bo‘ldi. Olomon dalil-isbotni so‘rab o‘tirmay, hukmni bajarib qo‘yaqoldi. Maza qildi. Keyin esa Farxunda hech qachon Qur'onni yoqmagani isbotlandi.
Keyin esa 28 yoshli Farxundani kaltaklab o‘ldirganlar jazolandi. Buni bumerang deydi.
Bumeráng — yog‘ochdan bo‘lgan o‘roqsimon kaltak. Uni uloqtirsangiz, qaytib o‘zingizga kelib uriladi. Aerodinamika deydi buni.
Falsafiy ma'noda bumerang «birovga otgan o‘qing o‘zingga tegadi», degan fikr beradi. Takfirchilik – birovlarni kofir deya tavqi la'nat qilish. O‘ldirishga da'vat va virtual sazoyi Mirziyoev bergan nisbiy erkinlik davrida avj oldi.
Qiyomatda har kim o‘zi uchun javob berar ekan. Taqvosi bor yo yo‘qligini bilmaganimiz trollar duch kelgan odamga tashlanib takfir qilishi urf bo‘ldi.
Bir-ikkitasini tekshirib ko‘rsak, vino ichadi, o‘g‘irlik qilib qo‘lga tushgan va hokazo.
Gapning qisqasi, virtaul olam – feysbuk, odnoklassniki, instagram va telegramning o‘zbek segmentidagi mavjud monitoringi yanada kuchayadigan bo‘ldi.
Ikki yil oldin turk seriallariga ovoz berganlarni haromi deb atab, g‘alabadan masrur bo‘lganlar boshiga qora savdo keldi. Mamlakat prezidenti 4 sentyabr kuni diniy sohani tartibga solish uchun qaror imzoladi.
Ba'zilar bloger deb ataydigan va aslida diniy voizlarning ritorikasi ekspertiza qilib borilishi haqida prezident qarorida aniq aytilgan. Kecha prezidentning sovbezda aytgan gapidagi «Ëshlarni umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash», degan joyidan iqtibos qo‘ysam, ko‘plarning labiga uchuq toshdi.
Toshkent davlat muzeyidagi Belloli degan rassom chizgan “Cho‘milayotgan ayol” rasmi ham umuminsoniy qadriyat.
Mikelanjelo toshdan yasagan Dovudning Rimdagi yalang‘och haykali, Rembrandning Ermitajdagi «Danaya» asari, Parijdagi Notr-Damm sobori, Hijozdagi Madain solih butxonasi, Afg‘onistondagi Budda haykali va boshqalar umuminsoniy qadriyatlardir.
Darvoqe, Afg‘onistonning Bomiyonidagi Budda haykalini kim portlatdi? Albatta, Mullo Umar. Ammo yana bir nozik joyi bor. Mullo Umar amr berdi. O‘zbek jangari Tohir Yo‘ldosh va uning shotirlari bu amrni bajarib, haykalni portlatishdi.
So‘ngso‘z o‘rnida: Bugun O‘zbekistondagi mullalar bilan taqqoslaganda liberal qarashlarni hurmat qilish tarafiga qarab ketayotgan Saudiya Arabiston podshohligidagi Mo‘'tabar ulamolar kengashi takfirda (birovni kufrda ayblash) haddan oshmaslik haqida tavsiya berdi. Musiqa harom, deya takfir qilgan mulla qamaldi.
Mavzu bumerang haqida edi. So‘zim boshida esa ommaviy vasvasa haqida ham gapirdim. Mana bu ko‘rayotganingiz olomon Samaraqanddagi Islom Karimov qabrini ziyorat qilish uchun guras-guras bo‘lib talpinmoqda (video).
O‘zbekistonda repressiya siyosatini yuritib, odamlarni qamagan, otib o‘ldirgan bir diktator qabriga talpinishmoqda.
Bular nazarida Samarqandda faqat bitta talpinadigan joy bor. U ham bo‘lsa diktator Karimov qabri. Jamoatchilik fikri bu. Ammo Samarqandda dunyoga yulduzlar sonini aytgan ulug‘ olim qurgan rasadxona bor.
Qo‘limdagi telefon oynagida bugun 2019 yil 18 oktyabr deb yozilgan. Bundan yuzlarcha yil oldin, 1449 yilning 18 oktyabrida Samarqand hukmdori Ulug‘bek o‘z saltanatining so‘nggi kunlarini yashayotgan edi.
U jangdan qaytganida esa mutaasib ulamolar Samarqand darvozasini yopib qo‘yishadi. O‘sha davr jamoatchilik fikrida Ulug‘bek joziba kasb qilmagani aytiladi.
Aksincha, uning padarkush o‘g‘li Abdullatif olomon nazarida “krutoy“ hisoblangan.
Olomon ruhini o‘zida fokuslagan qozilar esa Ulug‘bekni o‘ldirish uchun fatvo berishadi. 24 oktyabrda saidlar avlodidan bo‘lgan Abbos ismli jallod Ulug‘bekni boshidan judo qiladi. Ulug‘bek qurgan rasadxonani esa olomon g‘ishtlarigacha tashmalab ketishadi.
Samarqanddagi olimlar mamlakatni johillarga qoldirib, Istanbuldan panoh izlaydi. Oradan 500 yilcha o‘tib rus olimi Vyatkin rasadxona qoldiqlarini topadi. Temurxon naslidan sulton Ulug‘bek, ki olam ko‘rmadi sulton aningdek.
Samarqandga borsam Karimov qabrini emas, Ulug‘bekni ko‘rib qaytaman.
Samarqandga borsam men agar,
Ulug‘bekni ko‘rib qaytaman.
U qon yig‘lab tupap har safar:
Men dardimni kimga aytaman?..
Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!
Rassom Tuz
Eltuz.com