Asosiy mavzular
16 noyabr 2019

RTdan va'z: Million dollaring bo‘lsa nima olarding?

Men ko‘pincha bir million dollar pulim bo‘lsa nima qilardim, deb  o‘ylab qolaman.

Ëshligimda eski paxsa hovlini yiqib, g‘isht qilib quyganimda, shu paxsa ichidan bir xum oltin chiqsa nima qilardim, deb o‘ylardim. Mantiqli fikr edi. Rahmatli katta bobomiz zavod va paroxodlar egasi, Chor imperiyasining bank boshqaruvi chiloni (ruscha chlen so‘zining eskicha o‘zbekchalashtirilgan shakli) bo‘lgan.

Oltin to‘la ko‘zani izlash

Dadamning aytishicha, bobom topgan-tutganini sovet hukumati tortib olmasin deb, sopol ko‘zalarga solib, ustiga mum quyib, ko‘mib tashlagan ekan. Shu xumni topaman deb uch oy kanikulda ukam bilan ikkalamiz g‘isht quydik. Sulton aka degan qo‘shnimiz har kuni kelardi, oltin topildimi, deb. Oltin-ku topilmadi, ammo g‘isht sotib, topganimiz pul bir moped bilan velosipedga yetdi.
Shu-shu jismoniy mehnatdan nafratlanadigan bo‘ldim. «O‘zbekfilm» suratga olgan «Dilbarim» kinosi qaxramonlari bo‘lgan mashshoqlar ham jismoniy mehnatni sevmaydi, ammo mehnat haqida kuylaydi.

(«Dilbarim» filmidan video)

Shunaqa ba-bo-ba-bo-bav. Ya'ni komunizmda pul bo‘lmaydi deyishardi, ammo kommunist rahbarlar porani xaltalab olishgan. Yaltada dam olish uchun.

Yillar o‘tdi, ammo pul haqida o‘ylashdan to‘xtamadim. Pul bu sevikli yorga o‘xshaydi. U bor paytda o‘ylamaysan, yo‘qligida hijronidan azob chekasan.

Kirish uzayib ketdi. Pul haqida keyin yana gaplashamiz. Hozir chet el xabarlari bilan tanishtirsam.

Chet el xabarlari

Turkiyaning Artvin viloyatida 5 ta o‘zbek fohisha ushlandi.
Ayollar zuxro kasaliga chalingan. Deport qilinadi Toshkentning Qatortoliga. Kutinglar.

AOKA kattasi qanday qilib «Eltuz»ni qattiqroq bloklasam, deb o‘tirgan bir paytda dunyo bo‘ylab WiFini bepul qilmoqchi bo‘lgan Ilon Mask Yer orbitasiga yana 60 ta sun'iy yo‘ldosh chiqardi.

Ana endi mahalliy mavzularga o‘tsak.

Mahalliy xabarlar

Taniqli aktyor va jang san'ati ustasi Stiven Sigal O‘zbekiston prezidentining kuyovi Otabek Umarovni yangi lavozim bilan tabrikladi.

«Do‘stim Otabek Umarov O‘zbekiston MMA federatsiyasining rahbari etib tayinlandi. Tabriklayman, og‘ayni!» deb yozdi Sigal o‘zining Instagramdagi sahifasida.

Toshkentda shunaqa ichkuyovimiz bor ekan-u, bilmabmiz-a, desa bo‘larmidi?

Rishton tumanining Zarariq mahallasida yashagan voyaga yetmagan opa-singillar xonadonidagi hammomga yuvinish maqsadida kirgan vaqtda qo‘lbola usulda yasalgan pechning o‘chib qolishi natijasida tabiiy gazdan zaharlanib, hodisa joyida o‘lib qolishdi.

Gazdan zaharlanib o‘lishdi, eshitdingizmi? Rishtonda gaz yo‘q, deb shikoyat qilganlar nohaq bo‘lib chiqdi. Gaz ko‘pligidan odamlar dimiqib o‘lmoqda.

26 yashar qashqadryolik ayolni Qarshi shahrida yashovchi 30 yoshdan oshgan 5 nafar erkak majburlab mashinaga o‘tqizib, ovloq joyga olib borib zo‘rlashdi.

Qo‘qon shahrida Quduqlik ko‘chasida yashovchi 19 yashar A.X. va uning otasi 37 yashar o‘z tog‘asini so‘yib tashlashdi. O‘g‘il ushlab turdi. Ota so‘ydi. So‘ng murdani hovliga ko‘mib tashlashdi.

Qotillik shu yilning 19 oktyabr kuni yarim tunda sodir bo‘ldi. Ota-bola bemalol hech narsa bilmaganday o‘n kun yurishdi. Ikki marta juma namoziga ham chiqishdi mo‘mintoygina bo‘lib.
Ota-bola 1 noyabr kuni ushlandi. Ular qamoqda.

Boshqa habar aytishga istak ham qolmadi.  O‘ylanib qoldim. Meni o‘ylantirgan narsa shafqatsizlik darajasi va riyo.

Shafqatsizlik va riyo

Masalan, bitta o‘zbek bilan oshda o‘tirsangiz, shunaqa sipo, shunaqa odobli. Oshdi yeb, fotihani urib, ko‘chaga chiqib u kishining telefonda kimgadir g‘azabini sochayotganini ko‘rasiz.

Hozirgina muloyimsupurgi bo‘lib, suzilib, yerga qarab turgan mo‘mintoy og‘zidan «gandon», «eban», «buvingi…», singlingni» degan gaplar chiqib yotibdi.

«Boshqa xalqdi bilmadim-u, omo lekigin o‘zbek chumaliga ham ozor bermaydi», demanglar. O‘tgan hafta toshkentlik er-xotin o‘z bolasini o‘ldirib, maydalab, o‘choqda yoqib, kulini daryoga oqizuvdi. Undan oldingi hafta esa…

Qo‘ying, yaxshisi, «Dilbarim» filmini ko‘raylik. Film paxtani qo‘shib yozadiganlar haqida. Multfilm ishlashni shu kinodan o‘rganganman.
(Video)

Kino qahramoni raqamlarni adashtirib yuboradi. Xuddi Xalq demokratik partiyasi raisi Ulug‘bek Inoyatov kabi. Ulug‘bek Inoyatov “Toshkentdagi besh bolali oilaga ikki yarim million so‘m bemalol yetadi”, deb yubordi. Klassika!

Sobiq xalq ta'limi vaziri janob Inoyatov balki bir narsani bilar. Rostdan ham besh bola, ota-ona va qaynonayu qaynotadan iborat oilaga ikki yarim million yetib ortib ham qolar.
Odamlardan so‘rab ko‘rdik.

So‘rov

Marjona: «Bilmadim-u, menga uch kishiga to‘rt million so‘m bir oyga zo‘rg‘a yetadi».

Diloromxon: «Er-xotin ishlasa, 500 ming – yo‘lkira, obed, komunal uslug. 500 ming – go‘sht, 100 ming – non, oziq-ovqat. 700 ming – bordi-keldi. 400 ming – kiyim-kechak, mayda-chuyda. 500 ming – repititor bitta bolaga, 600 ming – maktabga borib kelishi. 100 ming – kasal bo‘lib qolsa ( xudo saqlasin). daxuyyyayayaya, o‘zing uchun nexuyyayayaya! Qolgan ust-bosh, kiyimlar, mebel, mashina, kredit, orzu-havas – ularni gapirmadim. Uy sotib olish, dacha qurish, chet elda dam, davolanishni vabщe xayolimga keltirmadim. Man o‘zim bilan o‘g‘limga hisobladim. Chunki oyiga manga 4 million so‘m oylik keladi».

Sumayyaning xolasi: «Qanaqa qilib, bitta o‘zimgayam yetmaydi-ku 2 yarim million. Toshkentda ijarada yashayman,  200 dollarga.

Gulshoda: «Ikki yarim milion so‘mmi? Bitta gripp bo‘lsa, antibiotikka ketadi shuncha. Bitta 10 minimalka shtrafga – haqorat qilsa birovni. Bitta rezina bo‘lmagan xitoy etigini ololmayapman – 2 million 200 deydi. Benzinga,  moykaga ketadi 1 oyga shu pul. Mirzo Ulug‘bek tumani – Darxonda bir o‘ris o‘zini o‘ldirdi. 5-qavatdan tashavordi. 1 xonali uyda 5 kishi turishardi. O‘ldi ketdi shuni eshitib. Supermarketlardagi va aptekalardagi narxlarni videoga olib yuborish kerak dumbulga. Ahmoq, bitta 5 yashar bolaning usti-boshi bo‘ladi 2 yarim million. To‘ygayam borolmadim. Bitta kuylak, tufli 2 million o‘rtacha. Kontrakt to‘lanmaydimi, yo‘lkira bermaydimi, usti-bosh omiydimi, bitta student o‘qitolmaydi ota-ona bu pulga! 5 tamish. Yaramni tirnamang, ko‘timga 200 minglik bitta qora  shim ololmayapman, xudo haqqi. Yozgi  jinsi shimda yuribman».

Noila Rahmon: «Salomalekum! Bo‘lishi mumkin, bunaqa oilalar ko‘p. Bu, albatta, juda kam va yetadi, deb o‘ylamiyman… Qarindoshlar yordami va qarz bilan kun kechiriladi… Yegani kartoshka va non bo‘ladi, afsus, bor shunaqa oilalar… Eto ne jizn, prosta vыjivanie».

Ismigul: «O‘ylamay gapirdi U. Inoyatov,  mana, ikki kundan buyon sharmanda qilishayapti.  Dovdirab qoldi,  2 yarim million yetmasligini yosh bolayam biladi-ku,  1 millionning o‘zi kommunalkaga ketadi kamida. Faqat buxanka yesayam, kuniga 5 tasi kamida bittadan yesa, 5 ta buxanka o‘n ming so‘mdan, bir oyda 300 ming so‘m bo‘ladi. Juda yemadi demang, 3 kg. go‘sht yesa, 200 ming so‘m. Boshqa xarajatichi,  ovqat qilmaydimi,  yo‘lkirasi,  maktabi,  kasali, sog‘i,  kiyim-kechagi,  sariyog‘,  guruch,  kartoshka va hokazolarchi?
Har biriga 2 yarim million desa, bolee  haqiqatga yaqinroq bo‘lardi.  
Besh kishilik oila amallab yashayman,  faqirona deganida ham 500 dollardan kamiga  yashay olmaydi»…

Pulni pul topar – pulsiz dardisar topar

Ana endi mavzuga yetib keldik. Pul. Pul bu ko‘prik degani.  Oldingizdan daryo chiqdi. Ko‘prik bo‘lmasa qanday o‘tasiz?

Muammolar daryosidan o‘tish uchun pul lozim. Pul – bu vosita. Dostaevskiy aytganidek, pul bu zarb qilingan ozodlikdir.

«Parvona» spektaklida O‘tkuriy rolini o‘ynagan Obid Yunusov pulga Fridrix Engels va Dostaevskiydan ham yaxshi ta'rif beradi.
Video

Sovet mafkurasidan suv ichib ulg‘aygan o‘zbek adabiyotchilarida qashshoqlikni romantiklashtirishga moyillik bor. Go‘yoki qashshoq yaxshi, boy yomon.

Men ichi qora, yovuz qashshoqlarni bilaman. Qotillik qilgan, otasini o‘ldirib, sandig‘idagi o‘limlik pulini olgan qashshoqlarni bilaman.

O‘zim bir muddat pulsiz qolganimda yomon odamga aylangandek sezdim o‘zimni. Kamida ichi qora va baxil edim. Qo‘limdagi pul menga va tilimga erkinlik berdi. Harakatlanish erkinligim ham pul tufayli. Yaxshi mashina, krutoy nomer va bak to‘la benzin.
Buning ortida pul turibdi. Krutoy nomer ko‘chadagi mentlar xiralik qilmasligi uchun zarur.

Men haqiqatni aytayotganim qaysidir barzangiga yoqmasligi mumkin. U menga tashlanib, mushti bilan «haqiqat»ni ko‘rsatmoqchi bo‘lganida, uning «enasini ko‘rsatadigan» tansoqchilar uchun ham pul kerak.

Gapning ochig‘ini aytay. Mashinam bordochogida Makarov pistoleti, jangovor o‘qi bilan turibdi.

Bu to‘pponchani pulga sotib olganman. Qurol saqlashga izn beradigan ovchilar jamiyatiga a'zolik biletini ham. Pistoletni ko‘rgan har qanday ahmoqning bir pasda aqli kirib qolganini ko‘p ko‘rdim.
Qurolni sevaman. Pistolet mening erkinligim garovi. Shu gaplarni yozayotganim ayfon telefon ham pul turadi. Internet megabayti ham. Puli bor pul topadi, puli yo‘q dardisar topadi.

Pul – sevikli yor kabi

Bir vaqtlar pulim kam paytida meni restorandagi ofitsiantlar kamsitgan edi. Hozir pulim bor paytida ofitsiantlar atrofimda girdikapalak. Bir paytlar bir qizga atab she'r yozib, sms qilib jo‘natganimda, meni bir tiyinga olmagan edi.

Anovi kuni Navoiy (sobiq Nizomiy) universiteti binosi oldida mashinamni qo‘yib, birrov kutubxonaga kirib chiqdim. Mashinam juda unchalik qimmat emas. Germaniyadan olib kelingan ikkinchi qo‘l BMV 5.

O‘rtacha mashina bo‘lsa ham yaltiroq zangori rangda bo‘lgani uchun hashamatli ko‘rinadi. Tilla qo‘ng‘iz kabi tovlanadi. Binodan qaytib chiqib mashinaga o‘tirmoqchi bo‘lsam, o‘sha meni mensimagan sohibjamol turibdi. Yuzida «ma'sumlik»ni yoqib qo‘yib.

«Kitobga berilib, bizga qaramaydigan bo‘ldingizmi», deydi. Men uni dugonalari oldida xafa bo‘lmasin, deb mashinamga taklif qildim. Orqa o‘rindiqda o‘tiribdi. Ko‘zguda bu qizgina menga maftun ko‘zlari bilan boqadi. Yuragim muzday. Chunki bu qiz menga emas, balki BMV 5 atalmish temir-tersakka maftun edi.

Bu haqiqatni bilishim uchun ham shu mashinani olishim zarur edi. Bo‘lmasa yuraverardim oh chekib. Palonchi hijronida.

«Yo‘l bo‘lsin. Sizni qaerga tashlab qo‘yay», deb so‘rayman qizginadan.
«Agar qiyin bo‘lmasa, Qorasuv-3 ga tashab qo‘ying», deydi yo‘ldoshim.
Yo‘lda besh minutga bir o‘rtog‘imnikiga bagajnikdagi antikvar ko‘zani tashab chiqsam, maylimi desam, mayli dedi.

Bu o‘rtog‘im asli Urumchida tug‘ilgan. Xitoyda. Ëshligida Toshkentga kelib qolgan. Rassomlik institutini bitirib, asarlarini qimmatga sotish hadisini olgan.

Asosan Qozog‘istonga boylarga rasm sotadi. Eski ToshMI tarafdan Tsiolkovskiy mavzei deb ataladigan yerga yo‘l oldim.

Rassom do‘stim hovlida turardi. Ikki qavatli usti travertin qilingan villa. Hovlida marmar fontan. Ichi moviy koshin va yiltiroq zinalar bilan yasatilgan basseyn.

Ënimdagi qiz hovliga suqlanib, «man kirsam maylimi», dedi.
«Davay», dedim.

Qiyiq ko‘zli uyg‘ur rassomning hovlisi oldida turgan mashina menikidan o‘n marta qimmat edi. Bir balo «Porshe».

Besh minut oldin menga maftun boqqan qizginaning ko‘zlari rassom do‘stimni mohir ovchi kabi ta'qib qilar edi.

Uyg‘ur do‘stim ham taslim bo‘lishga tayyor turuvdi-ya.

Ammo do‘stimning mehmonga peshvoz chiqqan xotini o‘z o‘ljasiga chang solmoqchi bo‘lgan qirg‘iy kabi bir nazar solishi bilan qizgina yana basharasida «becharashkalik»ni yoqib oldi.

Uyg‘ur xotinlar urg‘ochi bo‘ri kabi o‘z erini tashqi ta'sirlardan himoya qilishini ko‘p ko‘rganman.

Chalg‘ib ketdim. Aytmoqchi bo‘lganim «Boy bo‘lish qashshoq bo‘lishdan yaxshi».

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
30 may 2019
Kristian Lasslet Korruptsiyalashgani bilan tanilgan O‘zbekiston davlati o‘zini isloh qilishga urinayotgan bir paytda yangi surishtiruvlar davlat va xususiy sektor ...
25 fevral 2024
Bugun o‘zbekistonlik professor olim va muxolifat arbobi Botir Norboev vafot etgan kun. U 2019 yilning 24 fevral kuni 72 ...
7 may 2021
(Shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobining 25-qismi. Matnning audioversiyasini muallifning o‘zi o‘qigan. Audiokitobning boshi va oldingi qismlari “Eltuz”ning ...
22 fevral 2017
63 yoshli siyosiy mahkum Muhammad Bekjon qamoq muddatini to‘liq o‘tab bugun ozodlikka chiqqani inson huquqi faollarining quvonchiga sabab bo‘lmoqda. ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...