RTdan va'z: Sovuq, saylov, safsata, razolat – SSSR
Bugun atrofga qarab va'z uchun belgilaganim barcha mavzularning boshi s bilan kelar ekan.
Sovuq. Saylov. Safsata. Ham yana bir mavzuni Razolat deb nomladim.
Bu mavzular harflarini yozsam, SSSR bo‘lar ekan. Shu kunlarda O‘zbekistonni yana qul qilib, o‘z zindoniga qamamoqchi bo‘lgan Putinning qopqonini maqtash poygasi davom etdi.
Gap O‘zbekistonning YeOII (Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi)ga kirishi haqida. Gruziyani farovon qilib, o‘g‘rilarni tumtaraqay quvgan ulug‘ islohotchi Mixail Saakashivili bu ittifoq haqida mana bunday degan edi:
«Bu ittifoqqa kirish uchun iqtisodiy ko‘rsatkichlar¸ farovonlik indeksi va valyuta barqarorligi talab qilinmaydi. Unga kirish uchun faqat bitta shart bor. U ham bo‘lsa – Rossiyaga qul bo‘lishga rozilik».
O‘risga qul bo‘lishga rozimiz, degan millionlab o‘zbeklar borligiga ishonaman. Ammo ularning bu fikri sovuqdan deformatsiya bo‘lgan kasal miya mahsuli ekanligini ham bilaman.
«Sprut» degan filmda Italiya mafiozlari o‘z eli Sitsiliyaning atom qoldiqlari mozori bo‘lishiga qarshi chiqishadi. Chunki ular o‘g‘ri va qaroqchi bo‘lishsa ham el-yurtini sevgan odamlar edi.
Lyuboy o‘zbek mulozimiga senga palon pul beramiz, ammo sen tug‘ilgan yurtga zarar yetadi, deyishsa, albatta, u pulni tanlaydi. Gaz sotishda ham shunday bo‘lgan. Otkat olib boyish evaziga butun millatni sovuqda qoldirishga rozi bo‘lishgan. Gaz sotilgan paytdagi prezidentning ismi Karimov edi. Bosh vazir Mirziyoev edi. Azimov degani bor edi. Xalq va el dushmani deganda ko‘zim oldiga shular keladi.
Darvoqe, Mirziyoev Turkmanistonga borib oltin qumg‘on bilan Orqadog‘ning daraxtini sug‘orib, itini maqtagan kitobini o‘zbekcha chiqardim, deb maqtanib yuribdi. Ey, prezident, xalq sovuqda qiynaldi. Birovning itini o‘ylaguncha, o‘z xalqingni o‘yla.
Bir vaqtlar Qatar qashshoq davlat bo‘lgan. Neft topilganda Qatar rahbariyati «bu neft meniki» demagan, «Bu boylik xalqniki» degan va boylik butun xalqqa umrbod taqsim qilingan. Qatar vatandoshlari fuqaro emas.
Xabarlardan keyin va'zni kelgan joyidan davom ettiraman.
MAHALLIY XABARLAR
Toshkentdagi onlayn auktsionda 2 mlrd 800 million so‘mlik krutoy avtoraqamlar sotildi. Dunyodagi eng katta boylik manbasi – bu maqtanchoqning izzat-nafsidir.
400 ming o‘zbek Rossiyadan deportatsiya qilindi va «qora ro‘yxat»ga kiritildi. O‘tgan 11 oyda Rossiyadan O‘zbekistonga 300 o‘zbek jasadi qaytdi. Bu 300 o‘zbek jasadi solingan temir tobutlarni Tashqi mehnat migratsiya agentligi pul to‘lab O‘zbekistonga keltirdi. Qancha o‘zbek o‘ligi Rossiyada ko‘milgani haqida statistika yo‘q.
Pop tumanida 82 yashar chol poezd tagida qolib o‘ldi. Chol yo‘lni yaqin qilaman, deb temir yo‘lni kesib o‘tmoqchi edi. Yo‘l qoidasiga keksayu yosh birday amal qilgani ma'qul.
Prokuratura, IIB va aeroport ichki nazorati hamda bojxonaning o‘nta qorinboy amaldori 20 yashar R.I. ismli yigitchani 3000 rublni almashtirdi deya «jinoyat ustida ushlashdi». Bu yigit qozoqda stroykada ishlaydi. “Ostona-Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha uchib kelgan va taksiga va kunlik rasxodga deya yonidagi 5 000 Rossiya rublining 3 mingini 390 ming so‘mga ayirboshlab, qolgan 2 000 rublini qaytim sifatida podstavnoy shpionga berayotgan paytda ushlandi. Ushlagan itvachchalar maksimum oyiga 200 dollar maosh oladi. Hammasining Toshkentda qimmat hovlisi va ko‘tida «Kaptiva», «Malibu» moshini bor. Oyliging shuncha ekan, bularni qaerdan olding, deb so‘rab, srazi 20 yilga qamasa bo‘ladigan poraxo‘r pogonli talonchilar galasi. Bir bechora mardikorni qaqshatishdi qopqon qo‘yib.
Chet el xabarlari
Ozarbayjon parlamenti o‘zini o‘zi tarqatvordi. Prezident bizasiz ham ishini bilib qivuradi. Biza ortiqcha nonxo‘r bo‘maylik, deyishdi.
Tojikiston prezidentining o‘g‘li Rustam Rahmon 3 dekabr kuni Toshkentga keldi. Mirziyoevga va uning qizlariga otasi Imomali Rahmonning salomini yetkazish uchun. Hartugul, tojik rahbarining 7 qizi, ikki o‘g‘li, bir to‘da kuyovlari, kelinlari va nabiralari bor. Birni ko‘rib shukur qil, birni ko‘rib fikr qil…
SOVUQ
«Sovuqdan kichrayib qolgan quyoshni isitgim keladi bag‘rimga bosib». Bu misrani uylarda gugurtni ekonom qilish uchun gaz tinmay yonadigan o‘tgan asrning saksoninchi yillarida shoira Qutlibieka Rahimboeva yozgan edi.
Sovuq shunday narsaki, u hatto zehniyatimizning bir parchasi bo‘lgan mehmondorchilik odatiga ham shak keltiradi. «Sizni uyga chaqirardim-u, mehmonxonam muzlab yotibdi. Xotin, bola-chaqa bitta xonaga qamalib yotibmiz» desangiz, eng xira mehmon ham srazu tushunadi.
Maqolda aytilganidek, «qish o‘chog‘i tor – tur uyingga bor». Ammo boradigan uying ham muzlab yotgan bo‘lsa-chi? Qaerga boraylik? Qish to‘qsoni endi boshlangan bo‘lsa. Aytishlaricha, prezidentning qizlariyu kuyovlarining uylari issiqqina emish.
SAYLOV
Afsus, mamlakatimizning oti Yaponiya emas. Yaponiyada biror bir bo‘lgada muammoli holat bo‘lsa, masalan, bir tumanda chiroq va gaz tizimi ishdan chiqsa, mamlakat saylab qo‘ygan birinchi rahbar xotin bola-chaqasi bilan o‘sha avariya bo‘lgan joyda chodirda yashar ekan. To muammo hal bo‘lgunga qadar.
Tasavvur qiling, Arnasoyda gaz pasaygan, svet o‘chgan. Bu muammoni hal qilish uchun prezident Mirziyoev, uning xotini Ziroat opayu tannoz qizi va ochopot kuyovlari kapa tikib o‘tiribdi el qatori sovuq qotib. Men buni tasavvur qila olmadim. Chunki yapon emasman. O‘zbekistonda rahbar odamning uyida chiroq o‘chmaydi, gaz kesilmaydi, moshinasi bakida benzin tugamaydi.
Rahbar odamning soati ham to‘xtab qolmaydi. Avvaliga o‘zi aqlsiz kallavarang bo‘lgan odamni rahbar etib saylashadi, keyin esa hamma uni aqlli deb ayta boshlaydi. Endi rahbarning qizi bo‘lsangiz, darrov sizga amal tegadi. Bu qizlarga er bo‘lsangiz, yeganingiz oldingizda, yemaganingiz ortingizda. Istasangiz «Tesla» minib, 200 ga chiqaring. Istasangiz, katta yo‘lda elning bolasini g‘archillatib moshina bilan bostirib o‘ldiring. Birov g‘iring demaydi.
Bir temirchi yoki quruvchi ertayu kech ishlab imorat soldi yoki kvartira sotib oldi. U mehnat qilib, shu uyga egalik huquqini oldi. Ikkinchi bir odam, aytaylik, davlat amaldori bu uyni buzib tashlar ekan yoki olib qo‘yar ekan, u insonning mulkka bo‘lgan huquqini o‘g‘irlaydi. Amaldor ter to‘kmay birovning mulkini o‘g‘irlaydigan mamlakatda hech kimning ko‘ngli xotirjam bo‘lmaydi.
O‘sha amaldorniing merosxo‘ri avariyaga uchrab o‘ladi (Alisher Usmonovning jiyani o‘lgani kabi). Ëki amaldorning gey jazmani urib o‘ldiradi. Bo‘z tumani hokimi yoki IIV polkovniki bilan bo‘lganidek.
Bugun qamoqda yotgan Shuhrat G‘ulomov, Hayot Sharifxo‘jaev yoki Nodir To‘raqulovlar o‘zlarini xudo deb bilishdi. O‘tganning o‘rog‘ini, ketganning ketmonini olishdi. Gulnora Karimova, Ixtiyor Abdullaev, Otabek Murodov yoki Rashid Qodirov. Bugun qand kasali asorat berib, insulin ukolni kameraga kiritishga zo‘rg‘a muvaffaq bo‘layotgan Samarqandning sobiq hokimi Turob Jo‘raevchi?
Ayni paytda shu zolimlar soyasiga salom bergan xalq deb atalmish to‘da ham o‘z qilmishiga yarasha sovg‘a olib o‘tiribdi. Sovuq va qorong‘i uy. Doimiy muhtojlik, kamsitilishni haq etgan to‘da.
SAFSATA
Bir paytlar «Gonduras olov ichida» degan kino bo‘lardi. Sovuq tushgan shu kunlarda sandalda yonib ketganlar, qo‘lbola pechdan chiqqan olovda kuyganlar yoki ko‘mir isi elitib o‘lganlar to‘g‘risidagi ma'lumotlar urush xabarlari kabi tinimsiz kelmoqda.
Karimov aytgan edi bir vaqtlar, «Ënib-kuyib yashanglar» deb. Bir vaqtlar safsatadek tuyulgan gaplar bugun xuddi bashorat kabi eshitiladi. Mana yonib-kuyib ketishyapti jizg‘anak bo‘lib. Yangiyo‘llik 84 yashar qariya jahannam olovini bu dunyoda ko‘rgandek bo‘ldi. Qariya tunda yonib kul bo‘ldi.
Bugun eski «Jiguli»ni sotvordim metallolom narxida. 1986 yili sovet paytida 14 ming rublga olingan qaymoqrang 06 «Jigulijon». Olingan paytida bir shisha aroq 4 so‘m, bir buxanka non 20 tiyin, bir kilo oqqand 1 so‘m bo‘lgan, dedi bobom. Yana uning aytishicha, 60 dona gugurt bir tiyin bo‘lgan ekan. O‘sha gugurtni ekonom qilish uchun ertadan kechgacha gaz yoniq turarkan. Gazda schyotchik ham yo‘q ekan u mahalda. O‘sha paytda tikuv fabrikasida master bo‘lib ishlagan bobom oyiga 160 so‘m olarkan.
«Kaptiva» «Jiguli»dan yaxshi-yu, omo-lekigin… Eski chorig‘ingni unutma deyishadi-ku. Bobom uyga gaz o‘tkazganimizda bitta uydagi golland pechini buzmay qoldirgan edi. O‘z gapida turib olgan edi. Bugun hammamiz o‘sha pechning yonidamiz. Chunki yurtboshi xalq uning safsatalariga ishonib o‘tirgan paytda gazni ularga ravo ko‘rmay Xitoyga bervorgan.
Umuman, har narsaning yaxshi va yomon tarafi bo‘ladi. Masalan, bola tug‘ilgani sevinch. Ammo bola tug‘ayotgan ayol azoblanib o‘lishi ham mumkin. Qo‘shnimiz Soraxon opa o‘ldi, ammo bolasi tirik qoldi. Agar juda boy bo‘lib, uyda bir diplomat to‘la do‘llor qo‘ysang, o‘g‘ri urishi mumkin.
Maksimum baxtiyor qiladigan sevinchli narsa yo‘q chamamda. Qashshoqlik kamtarlikka o‘rgatadi. Masalan, tappini angren ko‘miri va kerosin bilan aralashtirib super yonilg‘i yaratishni. Masalan, har bitta o‘quvchi uyidan ikki baklashka ichiga issiq suv to‘ldirib kelib, sinfxona deraza raxiga qo‘ysa, sinf isiydi.
Shu ma'noda, qashshoqlikda ham hikmat ko‘p. Ko‘pni ko‘rgan odam birni ko‘rib shukr qiladi, birni ko‘rib fikr qiladi. Bugun qo‘y go‘shti yeb o‘tirgan odam oylab go‘sht ko‘rmagan kunlarini unutmaydi.
Qissadan hissa
Qashshoqlik hali insoniylik o‘ldi, degani emas. Ëmonlik ketidan albatta yaxshilik keladi. Ertaga tong otadi va quyosh chiqadi. Bu sovuq kunlar o‘tib ketib, yoz keladi. Ana endi rivoyat aytsam:
RIVOYaT
Uzoq yo‘ldan kelgan yo‘lchi O‘zbekiston atalmish mamlakat darvozasi oldida bir muddat o‘tirib, o‘tgan ketgandan savol so‘rdi.
– Bu mamlakatda kimlar yashaydur?
– Bir dinor oylik olib ming dinorlik moshin minadurg‘on amaldorlar.
– Faqiru fuqaro nima qiladur?
– Ular qarz olib, qasrda to‘y qilib, keyin qul bo‘lib ishlashga ketadur. Xotinlari bo‘lsa, tuqqan bolasini sotib yeydur.
– Bu davlatning podshosi nima qiladur?
– U o‘z oyligiga har oy o‘nta avtobus sotib olib, Afg‘onistonga jo‘natadur. Tovuq boqadur va uning tovuqlari oltin tuxum tug‘adur.
– Odamlar nega ko‘karib ketgan?
– Sovuq. Oldingi podsho bu davlatning gazini umrbod Xitoyga sotibdur.
– Nega bularning bo‘yni bukik?
– Bular har kuni bo‘ynini bukib qasam ichadur.
Gap shu yerga kelganda yo‘lchining davleniyasi oshib ketibdi. Naffig deb orqasiga qaytib ketibdi.
Qissadan hissani O‘zbekistondan ketishni orzu qilayotganlar soni belgilaydi. Birgina Amerikaga ketish uchun bir million o‘zbek grin kard navbatida turibdi. Kanada, Germaniya va Chexiyaga ketaman deb firibgarlar to‘riga tushganlar qancha. Chunki sovuq mamlakatni nafaqat odamlar, balki qushlar ham tark etadi. Biz hali pechkaga olov yoqmagan payt turnalar O‘zbekistonni tark etib, issiq o‘lkalarga uchib ketishgan edi.
RAZOLAT
Odam chiroq yoniq turgan paytda qorong‘u haqida, gaz yonib turgan paytda sovuq haqida sira o‘ylamaydi. Qorni to‘q, usti but, badavlat paytida odam qashshoqlik haqida ham o‘ylamaydi. Baxtiyor odam bir kun kelib, bolasi suvga cho‘kib o‘lishini xayoliga ham keltirmaydi. Odam bolasi sovuq paytida gaz haqida, qorong‘uda esa elektr haqida o‘ylaydi. Qashshoq odam lotereya yutib, boy bo‘lsam deydi. Qani edi cho‘ntagimda birdan million do‘llor bo‘lsa, deydi kambag‘al. Barcha baxtsiz va omadsizlar esa soatlab baxtiyorlik va saodat haqida o‘y suradi.
Ammo gaz «Buyuk kelajak» g‘oyasi ijodkori bo‘lgan Karimov-Mirziyoevlar tarafidan abadiyan Xitoyga sotilgan. Elektr simlari chirigan. Transformatorlar o‘lgan. Karimov davri mevasi bo‘lgan Mirziyoev esa xalqni boqibeg‘amlikda ayblab, malomat qilib o‘tiribdi. Elektr bo‘lmasa ham simyog‘ochlar g‘o‘ddayib turibdi. Bu stolbalar soni xalqni qashshoq qilgan va qorong‘uligu sovuqqa mubtalo qilgan amaldorlarni osishga yetadi.
Assalomu alaykum, zimiston O‘zbekiston, juma muborak!
Rassom Tuz
Eltuz.com