Asosiy mavzular
24 fevral 2020

Andijondagi ommaviy qirg‘inning O‘zbekistondagi kamdan-kam e'tirofi

Bryus Pane, RFERL.ORG

2005 yil 13 may kuni ertalab yaqindagina qamoqxonadan qochib chiqqan bir guruh qurollangan shaxslar O‘zbekiston sharqidagi Andijon shahrida hukumatning ba'zi amaldorlarini o‘ldirish bilan birga, boshqalarni ham garovga olishdi.

13 may voqealaridan bir necha kun oldin Andijonda yuzlab mahalliy aholi ishtirokida tinch norozilik namoyishi bo‘lib o‘tdi. Jamoat tartibining buzilishi natijasida shahar ko‘chalarini egallagan qurolli guruh a'zolari va tinch norozilik namoyishi ishtirokchilariga qiziquvchan odamlar ham qo‘shilib ketishdi.

Ushbu voqealardan yetti hafta oldin Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Qirg‘iziston prezidenti Asqar Akaevning hokimiyatdan qanday qilib chetlatilganini, mart oyi oxirida ro‘y bergan xalq inqilobini katta tashvish bilan kuzatgan edilar. 

O‘zbekistonning avtoritar prezidenti Islom Karimov Qirg‘izistondagi voqealar takrorlanmasligining oldini olish maqsadida Andijonda izdan chiqqan tartibni tiklash uchun u yerga harbiylarni safarbar etdi. Bu qonli qo‘zg‘alonni vujudga keltirdi.

O‘zbekiston hukumatiga ko‘ra, 187 kishi halok bo‘lgan. Ularning aksariyatini askarlar va namoyishchilar tashkil etadi.

Bosh prokuratura ma'lumotlariga ko‘ra, halok bo‘lgan 60 ga yaqin kishi tinch norozilik namoyishi ishtirokchilari bo‘lgan. Ammo guvohliklar shuni ko‘rsatmoqdaki, tinch aholi orasida qurbon bo‘lganlar soni bir necha baravar yuqori. 

Ba'zi ma'lumotlarga ko‘ra, qurbonlar soni 1000 kishidan ko‘p. Shu bilan birga, ommaviy qabrlar kovlanib, jasadlar Rossiyaga olib ketilgani haqidagi xabarlar ham tarqalgan. Xolis surishtiruvlar o‘tkazish bo‘yicha xalqaro murojaat va talablar rad etilgan. 

Lom-lim deyilmagan fikrni esga tushirish

O‘zbekiston hukumati ushbu voqea haqida hikoya qiluvchi sahifani allaqachon buklab tashlagan. Xunrezliklar sodir etilgan kundan to bugungacha zo‘ravonliklar haqida ochiq-oydin gapirishdan tiyilmoqdalar. 

Biroq yaqinda juda ko‘pchilik orziqib kutgan xabar tarqatildi. 2005 yilda Andijonda ro‘y bergan dahshatli voqea haqida gapirildi va xatolarga yo‘l qo‘yilganligi tan olindi.

7 fevral kuni O‘zbekiston bosh prokurori o‘rinbosari Svetlana Ortiqova «Qalampir» o‘zbek axborot agentligiga intervyu berdi. 

Andijondagi qonli qo‘zg‘alon natijalarini tekshirishda ishtirok etgan Ortiqova 2005 yil 13 may kuni shaharda «begunoh» odamlarning otib o‘ldirilganligini alohida ta'kidladi. 

Shu tariqa O‘zbekiston hukumati mulozimi tomonidan birinchi marta bunday ayb tan olindi.

Svetlana Ortiqova bunday dedi: «Aoqa vositalari yaxshi ishlamagan, vaqtida komandir u yoki bu topshiriqlarni anglamagan, tayyorgarlik bo‘lmagan … Biz ham xatolarga yo‘l qo‘ydik». 

Ortiqova qo‘zg‘alon uchun mas'ul bo‘lgan ayrim harbiy xizmatchilarning ismi-shariflarini aytmasdan, ularning qamoqqa mahkum etilganini, hatto jazosini o‘tab kelib, tinch hayotda yashayotganini ta'kidladi. 

Muxbirning «Nega endi bu ma'lumotlar oshkor qilinmoqda?» degan savoliga Ortiqova bunday deb javob berdi: “O‘zbekiston Karimov vafotidan keyin, Shavkat Mirziyoev mamlakat prezidenti sifatida ish boshlagandan so‘nggi uch yil ichida o‘zgarishlarga yuz tutdi”.

«O‘sha paytlarda (Karimov davrida) O‘zbekiston yopiq davlat edi, – dedi Ortiqova. – Hozir yangi O‘zbekiston. Endilikda siyosatning yangi uslublari paydo bo‘ldi. Endi yangi siyosiy irodalar paydo bo‘ldi».

Ha, Ortiqova hozircha o‘z suhbatida Andijon voqealari haqida batafsil ma'lumotlar bermadi. Lekin uning yillar davomida muhokama qilinmagan ushbu masalani ko‘tarishi baribir muhim ahamiyatga ega. 

Ortiqova butun kasbiy hayotini sovet davridan boshlab prokuratura tizimida o‘tkazgan. Shu paytda u Andijon shahri yaqinidagi Namangan shahar prokuraturasida ishlagan. Keyinchalik u parlament a'zosi bo‘lgan. 

Bosh prokuror o‘rinbosari etib tayinlanishidan oldin Ortiqova Senat raisi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan, O‘zbekiston parlamentining yuqori palatasida ishlagan.

2005 yil may oyida Ortiqova Bosh prokuraturaning matbuot kotibi lavozimida ishlagan. U o‘z vaqtida Andijondagi qatliomlarga kimlar javobgar ekani, u yerda nimalar sodir etilgani haqida ko‘pchilik oldida ochiq gaplar aytgan. 

Shuning uchun Ortiqovaning Qalampir sayti muxbiri savollariga javobini qandaydir ehtiyotsiz amaldorning og‘zidan tasodifan chiqib ketgan izoh sifatida qabul qilish kerak emas. Bu hukumatning Andijon voqealariga oid xatolarni tan olishga tayyorligini anglatadimi?

Ko‘pchilik Ortiqovaning bayonotidan hayron. Uning Andijon voqealari paytida yo‘l qo‘yilgan xatolarni e'tirof etishi nimalarni anglatadi? Bu o‘zbek hukumatining ushbu xunrezliklarni tan olishga tayyorgarlik ko‘rayotganidan dalolatmi? 

Yana ko‘p masala, shu jumladan, aslida 2005 yilda Andijonda nimalar bo‘lgan edi, degan savol ko‘ndalang qolmoqda.

Fojeali voqealarni mustaqil tergov qilishga yillar davomida da'vat qilib kelgan huquqni muhofaza qilish tashkilotlari va boshqa tashkilotlar O‘zbekiston hukumati tomonidan ommaviy qotilliklar sodir etilgan zahoti o‘tkazilgan tekshirish natijalaridan yalpi norozi ekanliklarini ta'kidladilar. 

Ortiqova o‘z suhbatida ushbu tergov ishlarida ishtirok etganini ta'kidlagan. Garchi Karimov 2016 yilda vafot etgan bo‘lsa ham 2005 yildagi ommaviy qotilliklarning asosiy «rahnamo»lari bo‘lmish ayrim amaldorlar hali tirik.

Zokir Almatov 2005 yil may oyida O‘zbekiston ichki ishlar vaziri bo‘lgan. Ko‘pchilik Andijondagi qurolli qo‘shinlar harakatlarida uni bosh aybdor deb hisoblaydi. 

Almatov Andijondagi xunrezliklardan bir necha oy o‘tib sog‘lig‘i yomonlashgani sababli nafaqaga chiqqan, ammo u 2018 yil fevral oyida ichki ishlar vazirining maslahatchisi sifatida yana paydo bo‘ldi.

Rustam Inoyatov 2005 yil may oyida Milliy xavfsizlik xizmatiga rahbarlik qilgan. U 2018 yil yanvarda ushbu lavozimdan ozod qilingan va hozir 75 yoshda, iste'foga chiqqan. 2005 yil may oyida amaldagi prezident Shavkat Mirziyoev bosh vazir edi.

Hech bo‘lmaganda, Ortiqova ushbu ko‘p yillik sukutdan keyin Andijondagi fojeali voqealarni muhokama qilish imkonini taqdim etdi. 

Shunga qaramay, deyarli 15 yil oldin Andijonda haqiqatan nimalar yuz bergani haqida ko‘p masalalar ochiqligicha qolmoqda va balki o‘zbek amaldorlari bu kabi savollarga javob berishga hali tayyor emas.

Maqola Ozod Yevropa va Ozodlik radiosi jurnalisti Bryus Pane tomonidan yozilgan, ingliz tilidan Eltuz tarjimasi

Tag‘in o‘qing
25 noyabr 2016
So‘nggi kunlarda O‘zbekiston prezidentligiga nomzodlar viloyatlarga sayr qilib, saylovchilar bilan uchrashuvlarni avj oldirib yubordi. Bu uchrashuvlarda esa ular qo‘lidan ...
2 yanvar 2019
O‘zbekistonda 2019 yilning 1 aprelidan  Vazirlar Mahkamasining 847-sonli qarori bilan mobil go‘shaklarini ro‘yxatga olish boshlanadi. Qarorga ko‘ra, ro‘yxatga kiritilmagan telefonlarni ...
1 iyul 2020
Power Briefs turkumining O‘zbekistondagi paxta sektorini xususiylashtirish jarayonida asosiy rol ajratilgan klasterlar tizimiga oid navbatdagi nashri tayyorlandi.  Buyuk Britaniyadagi Olster universitetining ...
17 oktyabr 2018
Moskvaning Yakimanka tumanidagi xiyobonga o‘rnatilgan, 16 oktyabr kuni ochilishi kutilgan Islom Karimov haykali ertasi kuni ham ochilmadi. Yakimanka tumani ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...