RTdan va'z: So‘fito‘rg‘ay prezidentdan qanday o‘ch oldi?
Ramazonning beshinchi jumasida siz bilan gurunglashish nasib etganidan ichimga sig‘may sevinib o‘tiribman. Bormisiz, og‘am, inim, singlim, opam, onam. Siz borsizki, men borman. Siz taraf uzatgan qo‘lim istiqboliga minglab qo‘llar salom va olqish uchun uzalayotganini ko‘rib turibman. Saflarimiz kengaymoqda. Qo‘llarni qo‘llarga beraylik, ellardan ellarga yuraylik. Bugun sizlar bilan zahar haqida emas, shakar haqida gaplashamiz.
Xabarlar
Go‘rkov, taksichi va qassob kabi 60 dan ziyod kasb egasi daromad solig‘idan ozod qilindi.
+++
Rossiya-Qozog‘iston chegarasidan bir kunda 1200 kishi qozoq tarafga o‘tdi. Qozoq hukumati bir martalik tranzit yo‘lagi tashkil qilib berdi. O‘zbeklar bu tranzit yo‘lagi orqali O‘zbekistonga kelib, bola-chaqasiga qovushdi. Ammo chegarada yana yuzlab o‘zbek ko‘zlari nigoron bo‘lib turibdi.
+++
Kim oladi-ya, shuginani? “Versal” to‘yxonasi sotuvga qo‘yildi. Ichiga sovitgich o‘rnatib, go‘sht saqlasa ham bo‘ladi. O‘liklar uchun morg qilsa, zo‘r biznes, ammo, lekin.
+++
“Artel” degan zavodning o‘tmay qolgan dazmollarini sardobaliklarga atalgan puldan to‘lab, sardobaliklarga berishdi. Lyubaya biznes xarasha.
+++
Sardoba o‘pirilishi bo‘yicha 170 dan ziyod shaxs so‘roq qilindi. Ular orasida Sanginov va o‘g‘illari bormi?
+++
Eron Islom inqilobi posbonlari chigirtkaga qarshi muqaddas urushga safarbar qilindi. Chigirtkalar 200 ming gektar yerdagi ekinni yeb tashlabdi.
Sherzod Kudbievga vazirlik portfeliga qo‘shib 3-darajali davlat soliq xizmati maslahatchisi unvoni berildi. Bu general-mayor degani.
Kim u kindersyurpiz? Uni kim bizga ato qildi?
Birinchidan, u Shavkat Mirziyoevning xotini Ziroat kelinoyining jiyani.
Ikkinchidan, u 2016 yildan to 2018 yilning apreligacha Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi bo‘lganida oddiy odamlarning uyini fohishaxona degan bahonada musodara qilib sotish sxemasida qatnashgan.
Demak, 35 yoshigacha bir boltaga sop bo‘la olmay yurib, Mirziyoev kelgach, piligi ko‘tarilgan bu amaldorchani Ziroat kelinoyi yuvib-tarab bosh vazir lavozimiga qo‘ymoqchi emish.
O‘zbekistonda kadrlar siyosati ko‘rpaning tagida hal qilinayotgani va jiddiyat yo‘qligidan afsusdaman. O‘zbekiston boshqaruvi qop-qorong‘u xonaligicha qolmoqda. Qorong‘u xonada qora mushukni topish qiyin.
Mirziyoevning eng zaif tarafi – NYePOTIZM va pakanalik kompleksi. Yuliy Tsezar aytganidek, hukmdorni bir siltab birinchi o‘rindan ikkinchi o‘ringa tushirish mumkin. Keyin esa uni osongina eng so‘nggi o‘ringa tushirib qo‘yasiz. Cho‘lda ketayotgan karvon birdan teskari aylansa, birinchi tuya oxirgi tuyaga aylanadi.
Xitoy Afrikadagi qoloq davlatlarning mulozimlarini pora bilan sotib olib, o‘sha yerlarda xohlagan bo‘qini yeb yotibdi. Rasmiy Pekin nazarida eng poraga o‘ch, hatto ota-onasini pora uchun go‘shtga topshirishga tayyor mulozimlar O‘zbekistondadir.
Birinchidan, o‘zbekning sotqin mulozimi otkat evaziga o‘zbek gazini Xitoyga sotgan.
Ikkinchidan, Mirziyoev Xitoyning Eksimbankidan pul olib, Sardobani qurdirgan.
Odamlar, men sizlarga aytay, Xitoy o‘risdan ham yomon. Bu ya'juj-ma'juj bergan choychaqaga davlatni sotib tashlayotgan mulozimlarni eshakka ters mindirib shahar aylantirish kerak.
Shu yerda qo‘shiq ketishi kerak edi. O‘zim kuylab qo‘ya qolaman. Agar qo‘shiq qo‘ysam, yutub jarima qiladi. Ammasiga, xolasiga, hammasiga…
Shakar haqidagi gapimiz
19-asrda yashagan frantsuz faylasufi Tristan Bernar “Agar men qirol bo‘lganimda, tuzga ishonmagan bo‘lardim”, deb yozgan edi. Menimcha, tuzga ishonish joiz. Xossatan, Rassom Tuzga.
Ustoz Rauf Parfi yozganidek, “o‘zimizga ishonmasak, so‘zimizga ishonmasak, ko‘zimizga ishonmasak”, hech bo‘lmasa, Rassom Tuzga ishonaylik.
Shakar haqida gapiraman, deb va'da bergandim. Koronavirus bois, O‘zbekistonga tayyor shakar keltirish yil oxirigacha soliqdan ozod qilindi. Tashqaridan vagon-vagon, “Kamaz-Kamaz” shakar olib kelib tashlashdi prezident piligini ko‘targan tujjorlar. Mana senga olam-olam shakar, quchog‘ingga siqqanicha ol.
Ammo O‘zbekistondagi ikki shakar zavodi chiqargan mahsulot o‘tmay qoldi. Yaqinda bir odam Xorazmga bordi. “Xorazmda tog‘lar yo‘q edi deyishardi, bu nima”, dedi mehmon osmono‘par tog‘larni ko‘rib.
Bu tog‘lar Hazorasp zavodi chiqargan shakar bilan to‘la qoplardan yuksalgan edi. NASA kosmik kemasi fazodan tushirgan rasmda ham ko‘rinadi. Angrenda ham shunday tog‘ paydo bo‘libdi. Bu Angren shakar zavodiniki.
Vatanparvar sifatida yoqa yirtib, dod solsam yarashadi. Vatanimda ishlab chiqarilgan shakarni emas, balki allaqaysi zoti noma'lum joydan kelgan shakarni choyga soldim, deya. Men yig‘lamay, kim yig‘lasun?
Ammo. Shu “ammo” degan so‘zni yaxshi ko‘raman. Ammo biz shakar zavod deganimiz aslida Karimovdan qolgan bir yolg‘on ekan. Lotin Amerikasida ishlab chiqilib, kema va poezdlarda 95 foiz tayyor shakar mahsuloti kelarkan. Uni zavoddagilar binnarsa qilib, oqlab-qoplab sotisharkan.
Zavod unday bo‘lmaydi. Masalan, Oltiariqqa lavlagi ekasiz va bu lavlagini Beshariqda shakar qilib chiqarasiz. Lavlagi yerni dabdala qildi, deb ekmay qo‘yishdi. Illo, o‘zimizning shakarimiz bo‘lsin, degan da'vo bilan bu zavod ushlab turilibdi. Undan ko‘ra, Ukrainadan shakar olib kelsak, arzon tushadi. Lotin Amerikasidagi lavlagini shakar qilib, yeb o‘tiribmiz.
“Bu gaplarni aytgan tilingga shakar”, deb qo‘ysangiz, kamtarlikdan qutulardim. Til degani yo shakar, yo zahar bo‘ladi. Mariya Zaxarova degan zahartil o‘ris juvon bizning til tomorqasiga kesak otibdi. Bu gaplarni aytgan zahar tilingni hakka cho‘qisin.
Valeriya Novodvorskaya degan marhuma siyosatchining mana bu gapi qanchalik ibratli:
“Rus tili endi madaniy vosita sifatida xizmat qilmay qo‘ydi. Bugungi kunda u sobiq mustamlakalarimizning o‘z tarixiga bo‘lgan sadoqatini va yevropacha qadriyatlarga intilishini yo‘qqa chiqarish maqsadida qo‘llaniladigan harbiy-siyosiy jihatdan zarba berish quroliga aylangan”.
Shu o‘rinda bir sahnani tasavvur qilib ko‘rsak.
U “o‘zbek tilini hech kim o‘rganmay qo‘ydi”, deb dod solingan navbatdagi patriotik postni yozib tarmoqqa qo‘ydi. Keyin GorONOdagi tanishiga telefon qilib, “Kichik o‘g‘limni rus maktabga joylab bering”, deb iltimos qildi. Uning katta qizi va o‘g‘li rus maktabda o‘qishar, o‘zbekchada faqat jalap deb so‘kishni bilishadi, xolos.
U kim? U men! U sen! U U!
Rassom Tuzga maktub
Bir paytlar odamlar Leninga xat yozishgan najot so‘rab. Hozir ba'zan menga ham yozishadi. Mana bitta maktub:
“Ramatovdan so‘rab ko‘rmiysizmi, Rassom Tuz, nimaga qizlari Moskvada yashiydi, biznesiniyam o‘shatta qilishadi, O‘zbekistondan o‘g‘irlagan pullarini Rossiyada ishlatadi?”
Javobi ham tayyor. Ochil yoshullidan savol so‘raydiganlar shu kunlarda juda ko‘p.
Sardor Rakhmatov yozibdi: “Rassom Tuz, nega O‘zbekistonda, ayniqsa, o‘zbeklarga kamtarlik qilsez, maqtanchoqlik bilan javob qaytaradi? Yaxshilik qilsez, yomonlik bilan javob qaytaradi? Nega bunchalik buzilib ketishgan?”
Endi, Sardorbek, buning ildizi uzoq. Sovet davridan meros qolgan tushuncha bor. “Xalqning ichidagi kambag‘al odam yaxshi”, degan gap. Bu yolg‘on gap. Qashshoqning kamida to‘rtta qusuri bor.
1. Parazitlik (ishlamasdan birovning hisobidan yashash).
2. Laganbardorlik (mikrofon tutsang, prezidentning qizi va kuyovlariga yaltoqlik qiladi).
3. Mayda o‘g‘irlik (otvyortkangni berib tur, deydi va qaytarib bermaydi).
4. Ichiqoralik (sal boyigan odamning uyiga o‘t qo‘ysam, uning qashshoq bo‘lganini ko‘rsam, deb orzu qiladi).
Aytmoqchi bo‘lgan gapim – O‘zbekistonda “eng kichik zarradan yupiterga qadar” kasalga chalingan. Bu radiatsiya paytida barcha nurlanganiga o‘xshash holat.
Yana savol berishdi: Karimov davrida bittasi “Yurtboshim uchun qurbon bo‘laman”, deb xonish qiluvdi. Bugun bittasi “Yurtboshimni yaxshi ko‘raman”, deb ingradi. Nega shunday?
Javobni qisqa qildik. Uka, eshak hangradi, it vovilladi, sichqon chiyilladi, demaymiz-ku? Maddohlik – bu to‘daning tabiiy xususiyati.
Mana, qarang, uzunoyoq sohibjamollar podium ustida yurganday, Mirziyoev Sardobaga borganida ustidan yursin, deb supa qilib berishibdi. Maddohlik bo‘lsa, shunchalik bo‘lar.
Mana bu maktubni elchi “Alisher A'zamxo‘jaevning musibat biznesi”, deb sarlavhalashibdi?
A'zamxo‘jaevning musibat biznesi
“Koroche, 240 kishi Istanbuldan Toshkentga charter reysda qaytdi. Homilador va qari-qartang qaytdi, deb karillashdi. Lekin elchi Alisher A'zamxo‘jaev o‘zining turk sheriklari va tanishlarini samolyotga tiqib yuborgan.
240 kishidan yarmiga yaqini turk biznesmenlari va mutaxassislari bo‘lgan”.
Bu gapni bilgichlar aytdi:
“Elchi soqqa qilgan… O‘zbekiston fuqarolari o‘layotgan bir paytda elchi soqqa qilyapti”.
Elchiga faqat O‘zbekiston fuqarolarini qaytarishimiz kerak, deyishsa, nixuya, shu odamlar boradi, deb turk tanishlarini tiqishtirgan.
Turkiyada qolib ketgan, bilet olgan 4,5 mingta o‘zbekistonlik bor.
Turkiyadan O‘zbekistonga qayta olmayotganlar esa 10 mingdan ziyod.
O‘likdan ham bir chimdim go‘sht yulib, sho‘rvasiga soladigan odam, albatta, o‘zbek amaldori.
Bu amaldor bola-chaqasi, amma-xolasi bilan qo‘shilib, koronavirusga chalinsa, Turkiyadagi o‘zbeklarning rahmi kelmasa kerak.
Koronavirus bir lakmus qog‘ozi kabi ko‘p narsani oshkor qildi.
Million-million sargardon o‘zbeklar. Ming so‘m topsa, 950 so‘mini yuborib o‘tirishdi O‘zbekistonga. O‘zlari rezina kvartirada birgina koyka ustida yashashdi. O‘zbekistondagilar parazit bo‘lib ular hisobidan dabdabali to‘y qildi, umraga bordi. Gastarbayterlar esa loaqal ikki oyga yetadigan pulni orqasiga tashlab qo‘ymabdi. O‘sha o‘risning yurtida uy-joy qurib, tomir otish kerak edi. O‘zbekistonga qarg‘ish tekkan. Buyuk kelajagi har safar yangi rahbarning ko‘ti taxtga tegishi bilan 30 yil nariga jiladi.
Suvga oqib ketishi mumkin bo‘lgan bilimdan ne foyda?
O‘zimga o‘zim savol beraman. Shvetsiya qiroli falonchiga Nobel mukofoti ber, deb amr qila oladimi?
Ëki AQSh prezidenti kinoakademiyaga telefon qilib, pistiyonchiga Oskar ber, deb ayta oladimi?
Germaniya kantsleri Merkel Fanlar akademiyasi rahbarini yoniga chaqirib, mana shu olimga doktorlik unvoni ber, deya oladimi?
Yo‘q, albatta. Agar shunday bo‘lsa, osmon uzilib yerga tushgan bo‘lardi.
Italiyada diktator bo‘lgan Mussolinining ham jur'ati etmagan bunga.
Masalan, bitta olim borib: “Mussolini tog‘a, doktorlik ishimni echki yeb qo‘ydi, shu palakatni hisobga olib ilmiy unvon bering” desa, Mussolini bu betamiz olimga “qayta yoz!” derdi.
Ammo O‘zbekiston prezidenti ilmiy yozmalari toshqinda yaroqsiz holga kelgan sirdaryolik xotinga doktorlik darajasi ber, deb Fanlar akademiyasiga buyurdi.
Fanlar akademiyasidagi qullar esa o‘z xo‘jayini amrini shessekundda bajo keltirdi. Bonusiga professor degan unvonni ham qo‘shib berishsa kerak.
21-asrda o‘zbek olimining g‘oz pati yoki qamish qalam bilan ilmiy ish yozishining o‘zi mo‘'jiza.
Men bilgan G‘arb olimlari o‘z ilmiy ishini kompyuterda yozadi. Kompyuterni qo‘chqor suzsa, qo‘tos ezg‘ilasa yoki hojatxonaga tushib ketsa, fayllar bulutlarda saqlanadi.
Rivoyat. Bir kuni bir olim 20 yil o‘qib, o‘z kitoblarini eshakka yuklab yurtiga qaytibdi. Yo‘lda uning xurjunini qaroqchi olib qo‘yibdi.
Olim bo‘lsa, “Ey qaroqchi, kitobni qaytar. U kitob mening 20 yillik bilimim to‘plamidir”, debdi.
Shunda talonchi olimga qarab, “Har qanday qaroqchi shessekundda olib qo‘yishi mumkin bo‘lgan bilimning nima foydasi bor?” dedi. Qissadan hissa: toshqinda oqib ketishi mumkin bo‘lgan bilimdan ne foyda?
Ba'zan menga qarab, sening tanqidlaringdan ne foyda, o‘g‘rilar feysbuk o‘qimaydi, deyishadi. Ammo o‘qisharkan. Kecha bitta o‘g‘ri chiqdi menga. “Insofli o‘g‘riman, prezidentning kuyovlari bilan solishtirsangiz, farishtaman”, dedi. Eh, o‘g‘rigina bola. Sen tushungan narsani el tushunmaydi.
Turkistonnning so‘nggi 200 yillik yaqin tarixi mag‘lubiyat, yengilish va xorlikdan iborat. Amaldor bo‘lib iqtidorga kelgan har qanday maxluqdan qo‘rqdik. Uning qo‘lida kuch bor, taxtda o‘tiribdi, deya andisha qildik. Qo‘limizdan nima ham kelardi, deb bo‘yin egdik. Ammo kuchsizlarning ham kuchi bor. Mana bu ertak shu haqda.
So‘fito‘rg‘ay filni qanday engdi?
O‘rmonda filni prizident qilib saylashibdi. Saylanayotgan paytda fil: “Barcha hayvonlar mening himoyam ostida”, deb qasam ichdi. Shu o‘rmonda boshqa maxluqlar qatorida so‘fito‘rg‘ay ham bor edi. So‘fito‘rg‘ay o‘rmondagi yo‘l chetida in qurib, tuxum bosdi. Bu yo‘ldan hayvonlar suv ichgani daryo tarafga qarab o‘tar edi. Such ichgani daryoga borayotgan fil so‘fito‘rg‘ay inidagi tuxumlarni bahaybat oyog‘i bilan yanchib o‘tib ketdi. So‘fito‘rg‘ay kelib ko‘rib, fig‘oni falakni tutdi. So‘fito‘rg‘ay filning oldiga uchib borib, “Ey fil, nega inimni payhon qilding? Sen axir va'da berganding-ku, barchang panohim ostida, deb!”
Fil bo‘lsa pinagini ham buzmay, “Sen kabi mayda maxluqlar mening oyog‘im tagida ezilishga mahkumsiz. Chunki men katta, sen kichiksan”, debdi.
So‘fito‘rg‘ay bo‘lsa tishini tishiga bosib, filning oldidan chiqib ketdi. Borib qushlarga dardini aytdi. Qushlar qanotini qoqib, “Biz zaif qushchalar bo‘lsak, bu yirtqichlarga qanday bas kelamiz”, deb go‘ng titishda davom etishdi.
Keyin zag‘izg‘on va qarg‘alarga dardini doston qildi. Zag‘izg‘on va qarg‘alar so‘fito‘rg‘ayga qo‘shilib borib, filning ko‘zini cho‘qib ko‘r qilishdi.
Ko‘r bo‘lib qolgan fil suv ichish uchun daryo yo‘lini topa olmay, xartumi bilan atrofni paypaslay boshladi. Chanqoqdan qiynalgan fil suv qidirar edi. Fil sandiraqlab yurgan joyda chuqur suvsiz xandaq bor edi.
So‘fito‘rg‘ay qurbaqalardan xandaq ichida vaqqillab sayrashni iltimos qildi. Qurbaqalar xandaq ichiga sakrab tushib, vaqillashni boshlashdi. Ko‘r bo‘lib qolgan fil qurbaqalar ovozi eshitilgan tarafga qarab yurdi. U qurbaqalar suv ichida sayraydi, deb o‘yladi. Suv ichaman deb boshini eggan fil chuqur xandaqqa ag‘darilib ketdi. Oyog‘i osmondan kelgan fil xandaq ichidan chiqolmay, o‘limga mahkum bo‘ldi. So‘fitto‘rg‘ay bo‘lsa o‘layotgan fil ustida charx urib uchib, xursandlikdan sayrardi:
“Ey zolim, ko‘rdingmi? Sen o‘z hokimiyatingdan mast eding. Meni zaif deb kamsitding. Inimni payhon qilding. Mening kichik jussamdagi aql sen kabi ulkan maxluqni mahv etdi”.
“Kalila va Dimna” kitobidan o‘qidik bu ertakni.
Mana bu misrani esa shoira Gulshoda yozibdi:
KO‘ZLARINGNI YaShIRMA – TO‘RG‘AY!
KO‘Z YoShLARING KO‘ZIMIZNI O‘YGAY…
Ertak ko‘r bo‘lgan hukmdor fil haqida edi. Buxoroning so‘nggi amiri Olimxonning ham jang fillari bor edi. Ammo bu fillar Olimxonni mag‘lubiyatdan saqlab qola olmadi. Zolim va johil xon mamlakatdan qochib ketdi. Umrining oxirida ko‘zlari ko‘r bo‘ldi Olimxonning.
O‘limidan oldin Olimxon: “Meni Amudaryoga olib boring, yurtim shamolidan so‘ng bor bahramand bo‘lay”, deb o‘tingan. Shoir Omon Matjon bu haqida mushohada yuritib mana bu satrlarni yozgan edi:
Xalqim! Tilsiz bardosh ham umid bilan
Kimniki ko‘tarsang taxti a'loga,
Hali ko‘zlari ko‘r bo‘lmasdan burun
Tavofga olib bor Amudaryoga!
Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!
Rassom Tuz