Asosiy mavzular
29 may 2020

Mirziyoevning laqqa baliqlari Sardobani o‘pirdi

Jahonning shodligi yig‘ilsa butun,

Do‘stlar diydoridan bo‘lolmas ustun.

Ulug‘ demokrat shoir Rudakiyning bu misrlari kimgadir siyqa tuyular, ammo zinhor menga emas. Chunki sizlar bilan haftada bir diydor ko‘rishish sevinchi qanday bo‘lishini men bilaman. Sizga talpinaman. Sizni ko‘ray deb orziqaman.

Oldin aytganimdek, millat bir-biri bilan gazeta orqali gaplashadi. Qog‘ozdan bo‘lgan gazetani o‘qiydigan kam hozir. Ëshligimda Amudaryo bo‘yiga laqqa baliq yeyishga borardik. O‘sha pishgan laqqa baliqni tovoqqa emas, gazeta ustiga qo‘yib yerdik. Bahonada gazetaga ham ko‘z yugurtirardik.

Men uchun laqqa baliq lazzatli taom edi. Darvoqe, bugun laqqa baliq yana kun tartibiga chiqdi. Taom o‘laroq emas, balki aybdor sifatida.

Sardobadagi texnogen falokat yuzasidan jinoyat ishi tergovini olib borayotgan DXX tergovchilari so‘roqqa chaqirtirilganlardan suv omboridagi baliqlar, xususan, laqqa baliqlar haqida obdon so‘rab-surishtirmoqda. Birovlarning aytishicha, Sardoba suv omborida Mirziyoevning qarindoshlari laqqa ko‘paytirishga hirs qo‘yishgan. Laqqalar esa astronomik tarzda ko‘payib ketgan. Oddiy baliqdan farqli o‘laroq, laqqa baliq qirg‘oqni teshib ichiga kirib yotishni sevadi. Jonining rohatini biladigan maxluq. Qolaversa, balodan nari. Xullas, laqqalar to‘g‘on devorini ilma-teshik qilib tashlashgan. Oqibatda damba o‘pirilgan. Sanginov, yoki Ramatov emas, laqqa baliq oliy aybdor. Laqqalarni olib chiqib otib tashlash kerak. Toki boshqa baliqlarga dars bo‘lsin.

Rassom Tuzga maktub

Mana bu maktub ham Sardoba laqqalari haqida:

“Sirdaryodan ovlangan baliqlarni yemay tursakmikin bir-ikki yil… Chunki sel oqimi minglab hojatxonalardagi bo‘qni Sirdaryoga oqizib ketdi. Bu hojatxonalarda vabo, sifilis, sariq kasal, ichak kasalligi va sil viruslari bor. Mening qarindoshim o‘sha joyda qurilishda ishlaydi. Qabristonlarni ham sel yuvib, o‘liklar ham toshqinda oqib ketgan. O‘zingiz va oila a'zolaringizni asrang. Ogoh bo‘ling”.

Bu maktubdagi gaplar sal noo‘rin. Baliq qovurilganda ichidagi qurti o‘ladi. Lekin o‘zbek amaldorining ustiga atom bomba tashlasangiz ham ichidagi ta'magirlik qurti o‘lmaydi.

Laqqalar ham suv ombori ichida ochilgan baliq xo‘jaliginiki, xo‘jalikning egasi – kuyovning okasi, tak chto baliqda ayb yo‘q.

Bo‘lmasa ayb kimda? Ayb kanalda. Ilgari hali suv ombori qurilmasidan ancha oldin shu o‘pirilgan damba o‘rnida kanal bo‘lgan. Kanal yaxshi ko‘milmagan, har 20 sm da shibbalash o‘rniga har bir metrda shibbalashgan. Kanal o‘zani qolib ketgan. Olti oy oldin suv siza boshlagan. Odamlar e'tibor bergan, ammo rahbarlar ko‘zi shamg‘alat bo‘lgan. Chunki ular faqat uchta narsani o‘ylashadi – o‘marish, o‘marish, o‘marish.

Hozircha Sardobani qurgan Sanginov emas, balki o‘tgan yili Sardobaga rahbar bo‘lgan 33 yashar Danaboev va yana bir kishi qamoqqa olindi.

Kirish cho‘zildi. Xabarlarga o‘tsak.

XABARLAR

Anjanlik milisa shahrixonlik Damas sho‘piridan 1 million so‘m pora olganida prokuratura ushladi. Milisa qamoqda.

Eski pravani yangisiga majburiy almashtirish muddati 2021 yil 31 dekabrgacha uzaytirildi. Ilgarigi muddat 2020 yil 31 dekabrda edi. Allamjonovning aferist sxemasi bu. Barcha pravasini almashtirsin, deb qonun chiqartiradi. Keyin o‘sha yangi pravani o‘z bosmaxonasida bosib chiqarib sotadi. Kadastrlarni ham plastik karta qildirmoqchi. Xalqni shilib boyish sxemasi.

Xo‘jaobodlikning uyiga tunda 18 yashar uch yigit pichoq bilan kelib pul talab qildi. Darhol ichki ishlar xodimlari yetib keldi. O‘g‘rilarning ikkitasi srazu qo‘lga olindi. Bittasi qochayotib toshga qoqilib yiqildi. Ortidan borgan IIB safdori uning sochidan sudrab olib kelib, narigi sheriklari yoniga qo‘shib kishanladi. Pichoq va niqoblar dalil sifatida olindi. Voqea Xo‘jaoboddagi Ahillik ko‘chasida, Ramazonning so‘nggi kunlarida yuz berdi. Uchta o‘g‘rigina bola qamoqda.

Karmanalik 21 yashar yigit o‘zi ishlaydigan zapravka seyfidan 29.345.000 so‘mni o‘mardi. O‘g‘ri qamoqda.

Olimjon aka degan tog‘a koronavirusga davo topibdi(mish), Nobel akademiyasi chekishga ketdi. Bu odam Orolniyam yomg‘irga to‘ldirgan ekan.

Qari bilganni pari bilmas. Shofirkonda uch sotix yerga 2524 tup ko‘knor, 4 tup kannabis ekkan 80 yashar boboy ushlandi. Boboy qamoqda.

Mirziyoevni buzib tashlashdi

Sovet davrida odamlar o‘ng ko‘kragiga Stalin, chap ko‘kragiga Lenin rasmini tatu qilib tushirib qo‘yishgan. Ular shunaqa qilsak, bizni olib chiqib otmaydi, deb o‘ylashgan. Lekin ularni sovet hukumati paqillatib otib tashladi. Ular o‘layotib ham “yashasin Stalin!” deb jon berishdi. Beshariqlik tujjor ham do‘koniga Mirziyonning rasmini ilib qo‘ydi. Shunaqa qilsak buzmaydi, deb o‘yladi. Ammo Beshariq hokimi buldozer yuborib, buzib tashladi. Buldozerchi Mirziyoevning rasmini alohida ishtiyoq bilan buzmoqchi. Chunki u ham, magazinchi G‘aybulla aka ham prezikni yomon ko‘radi.

Shu yerda she'r aytilishi rejalangan. Mushtariylar shig‘irni ko‘paytirmang, esnab uxlab qolyapmiz, degani uchun bitta she'rni bo‘lib-bo‘lib, va'zning ichiga sochvoraman.

Dunyoga sinchiklab tikilgan ko‘zlar,

Mudhish bir holatni payqashga tushdi.

Qay tomonga boqsang, bari yo‘lsizlar

Tolelar ayqashu uyqashga tushdi.

Erlar nochor qoldi, ayol avratsiz.

Zamon duradgori asbob, yaroqsiz,

Ilma-teshik tomni yamashga tushdi.

Shoir Omon Matjon she'rining davomini keyin o‘qiymiz. Navbat ertakka. Ertakning o‘rniga bir bemorning kasalxonada ko‘rgan-kechirganini aytay. Zotan, shu kunda dard ko‘p, darmon oz.

Tekin tibbiyot tizimi haqidagi ertak

Toshkentdagi kasalxona palatasi. Farrosh ayol palatani pol latta bilan artmoqda. U tumbochkangiz ustidagi olma-uzumga suq bilan tikiladi. Xuddi Leningrad qamalida och qolgan go‘dak kabi. Meva-chevani unga berasiz. Bundan oldin medsestra kelib, eri bananni yaxshi ko‘rishini sabab qilib tumbochka ustidagi to‘rtta bananni olib ketuvdi.

Qarindoshlaringiz obxodga keladigan vrach cho‘ntagiga 50 dollar tiqib qo‘yishgan. Shu bois, vrach sizning yoningizda ko‘proq o‘tirdi. O‘zi davleniengizni o‘lchadi. Vrach chiqib ketganidan keyin eri bananni yaxshi ko‘radigan medsestra bir savat dori ko‘tarib keldi. Shu dorilarni menga sotmoqchi. O‘qishni bilganim uchun dorilar ustidagi yozuvga ko‘z yugurtirdim. Bitta dori qon bosimini pasaytirar ekan, yana bittasi esa qon bosimini baland qilib berar ekan. Sestraga qarab “Nega bu dorini ichishim kerak”, desam, “Qaynimning dorilari. Uchastka qurvotti. Ovuring, aka”, deydi.

Xullas, o‘zbek shifokorlari karantindan keyin pora olmasdan ishlashni rejalashibdi. Ishonmadim. Ilmiy fantastika ham ilmga asoslanadi.

Ertakdagi medsestraning eri bananni yaxshi ko‘radi. Shu kunlarda Mirziyoev mamlakatni banan respublikasiga aylantirdi, deb dodlaganlar ko‘paydi. Nima u banan respublikasi?

Banan respublikasi (ingl. Banana republic, isp. República bananera) — Lotin Amerikasidagi ahmoq prezident va korruptsioner kuyovlari boshqaradigan davlatlar shunday aytiladi. Banan respublikasining asosiy xususiyati – prezident oilasi yaxshi yashaydi va boshqa hamma qashshoq.

Prezident oqni qora, qorani oq desa, hamma qo‘liga bloknot olib yozib olib, ma'qullaydi. Tashqi qarzlarning ko‘pligi, prezidentning “katta og‘a”dan tili qisiqligi, mamlakat asosan tashqariga qul va fohisha yetkazib berishi ham banan respublikasining xususiyati.

Inflyatsiya, davlat byudjetini prezident kuyovlari yemirishi va vazirlarning o‘ta ko‘pligi va poraxo‘rligi ham bu davlat qirrasidir.

“Banan respublikasi” terminini ilk marta yozuvchi O.Genri o‘zining 1904 yili e'lon qilgan “Qirol va karam” qissasida ishlatgan.

Zamonaviy terminologiyada “banan respublikasi” deb qarzga botgan, ammo maqtanib usti yaltiroq saroylar quradigan, asosiy aholisi kambag‘al, boshqaruv esa nepotizm, ya'ni prezidentning amma-xolasi va kuyovlaridan tashkil topgan davlatga aytiladi. Bu davlatdagi barcha amaldorlar poraxo‘r, sotqin va qo‘shni davlatga josuslik qilib, ikki stolda o‘tirishadi.

Mana, banan respublikasi nima ekanini ham bilib oldik. O‘lmagan qul ko‘raverar ekan. Lekin qachon bu ahvolga keldik? Qachon biz bu o‘raga quladik? Axir yaqin-yaqinlarda biz Turkmanistonni masxara qilardik. Anqov odamni ko‘rsak, qozoq derdik.

Start chizig‘i, degan tushuncha bor. Masalan, stadionda yugurish musobaqasida barcha bitta chiziqqa tiziladi. To‘pponcha otilganidan keyin hamma yugurib ketadi. 1991 yil o‘shanday start chizig‘i edi. 15 respublika bitta chiziqda turgan edi. Bugun bu davlatlardan uchtasi Yevropa Ittifoqi a'zosi. Shengen hududida harakatlanish erkinligidan foydalanib, bemalol sayohat qiladi. Litva, Latviya va Estoniya haqida gap. Agar sog‘liqni saqlash tizimini oladigan bo‘lsak, O‘zbekiston tibbiyoti 1991 yilda o‘sha Boltiqbo‘yi davlatlari saviyasida edi. Markaziy Osiyoda esa birinchi o‘rinda. Hatto poytaxtdan 1000 km uzoqdagi Urganch klinikasida yurak jarrohlik amaliyoti qilinardi. To‘g‘ri, o‘shanda ham pora bor edi. Ammo bugungi kabi keng qamrov kasb qilmagandi.

Sotsializm tekin tibbiyotni ta'minlab turardi. Shu kunda bunday tekin tibbiyot Kubada qolgan. O‘zbekiston mustaqil bo‘lib, kapitalistik formatsiyaga o‘tganidan keyin tibbiyotni ham o‘sha kapitalistik mamlakatlardagi kabi formatga o‘tkazish kerak edi. Bu format sug‘urta tibbiyoti deb aytiladi.

Odamlar har oy muayyan bir summani, aytaylik, 10 dollarni sug‘urta shirkatiga to‘lab turadi. Oyda hosil bo‘lgan shartli 300 million dollar o‘zbek tibbiyotining oylik xarajati bo‘ladi. Davlat va homiy tashkilotlar bu tibbiyotga yana qo‘shimcha pul beradi va pirovardida katta oylik oladigan boy doktorlaru zamonaviy klinikalar vujudga keladi.

Hatto Afrikada ham shu tizim. Shu bois, o‘zbek do‘xtirlar Afrikaga qarab survorgan. Demak, tibbiy sug‘urta qilinishi kerak edi. Ammo qilinmadi. Nega? Chunki kallasi chala ishlaydigan kommunist Karimov sug‘urta tibbiyotiga jiddiy qarshi chiqdi. Hatto u bu tizimga o‘tgan Qozog‘istonni oshkora mazax qildi. Oqibatni ko‘rib turibsiz. Bu oqibat, ya'ni abgor va korruptsiyaga botgan tibbiyot uchun Karimov va uning davridagi mulozimlaru bosh vazir aybdor. O‘sha bosh vazirning familiyasi Mirziyoev edi. Xullas…

Har yerda hokim haq, arboblar g‘olib,

Qonun shularniki,

Eng katta aybdor bir yoqda qolib,

Jazoni boshqalar o‘tashga tushdi.

Na mayxona qoldi yurtda, na mehrob,

Na muqaddas qasr, na aziz kitob,

Ne-ne oltin boshlar ko‘rolmay oftob,

Nadomat tunida mudrashga tushdi.

Hayronman sen o‘zbek degan millatga,

Ustingga mindirding maraz illatni.

Ne javob aylaysan bunday kulfatga,

Qara, poydevoring nurashga tushdi.

Shu kunlarda bitta qonun loyihasi ustida kallavaram deputatlar ishlamoqda. Bu loyiha qonunga aylansa, prezident va uning kuyovlari, sudya va deputatlar mol-mulk deklaratsiyasi topshirishdan ozod qilinadi. Ana!!!

Prezident, prokuror va sudlar o‘z huquqlarini qonundan ustun qo‘yib, o‘g‘irlik qilish va noqonuniy boyishda davom etaverishadi.

Davlat xizmatchilari va ularning oila a'zolari daromadlarini majburiy deklaratsiyalash to‘g‘risidagi nizomni o‘z ichiga olgan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e'lon qilindi.

Bu kabi yillik deklaratsiyalarning taqdim etilishi va ochiq e'lon qilinishi korruptsiyaga qarshi kurashish choralaridan biridir.

Biroq u noqonuniy boyish to‘g‘risidagi qonun bilan birgalikda amalga oshirilsagina ma'no kasb etadi. Bunday qonun o‘z daromadlari, masalan, Jeneva ko‘li sohilidan topilgan villasining qaerdan kelib chiqqanini tushuntira olmagan davlat xizmatchilari va boshqa shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortish imkoniyatini beradi. Hozircha bunday qonunning qabul qilinishi haqida O‘zbekistonda og‘iz ham ochilgani yo‘q.

Bundan tashqari, daromad deklaratsiyasi to‘g‘risidagi qonun moddalari barcha davlat idoralariga ham birday tatbiq etilmagan. Prezident, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a'zolari, Markaziy saylov komissiyasi, Ombudsman, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlari, shuningdek, sudyalarning daromadlari deklaratsiyalanmaydi.

Shuningdek, huquq-tartibot, mudofaa, diplomatik, qutqaruv idoralarida xizmatni o‘tayotgan davlat mulozimlarining huquqiy maqomi holati alohida qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi. Ya'ni ular ushbu qonunga bo‘ysunishmaydi.

Demak, prezident va uning oilasi noqonuniy olingan daromadlari uchun javobgar bo‘lishmaydi. Chunki ular uchun o‘z daromadlarini deklaratsiyalash shunchaki shart emas.

Shuningdek, prokurorlar, sudyalar va politsiya xodimlariga ham tag‘in o‘g‘irlashga ruxsat etiladi. Ular uchun ham o‘z daromadlari to‘g‘risida hisobot topshirish shart emas. Bu bizning jafokash parlamentimiz deputatlari uchun ham taalluqli. Qisqasi, bu korrruptsiyaga qarshi chora emas, balki hech bir ahamiyatsiz yorliq, ya'ni filkina gramota.

Jannat O‘zbekiston, jannating qani,

Shuncha mehnat qilding, rohating qani,

Sig‘ingan, suyangan davlating qani,

Har daydi it seni kavlashga tushdi.

Bilganing, ko‘rganing paxta bo‘libdir,

Aqling, tafakkuring axta  bo‘libdir,

Yuz sariq, jigaring so‘xta bo‘libdir,

Nasling shajarasi qurtlashga tushdi.

Kimmish, barini sotgan o‘zingsan,

Bir-biringni g‘ajib yotgan o‘zingsan,

Kim bosh tiklasa, tosh otgan o‘zingsan,

Axir o‘z boshing ham shu toshga tushdi.

Keldi Mahtumquli aytgan bir zamon,

Unutdi yaxshilik so‘zini yomon,

Obro‘ talashmoqda qurt bilan ilon,

Fillar pashsha bilan savashga tushdi.

Shuncha saboq yetar, o‘zingga ishon,

O‘z aqling, xulosang, ko‘zingga ishon,

So‘nggi bor o‘z o‘g‘ling, qizingga ishon,

Bugun shular seni o‘ylashga tushdi.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Eltzuz.com

Tag‘in o‘qing
9 sentyabr 2020
Andijon viloyatining Izboskan tumani hokimi Serobiddin Ismoilov tuman selektorida uy so‘rab joniga tekkan bir muallima ayolni jinni deb haqorat ...
14 dekabr 2018
Mashhur o‘zbek satira ustasi, aktyor Obid Asomov 14 dekabr kuni Toshkent shahrida 55 yoshida olamdan o‘tdi. Bir necha kun ...
13 may 2024
Kun surati
25 iyul 2017
To‘ytepa shahri Toshkent viloyati markaziga aylantirilarkan, uni smart – «aqlli» shaharga aylantirish uchun 2 milliard dollar sarflanadi. Prezident Mirziyoevning ...
Bloglar
22 sentyabr 2024
Vokal va vizual undan oldingi jiguli qo‘shig‘ining siyqa takrori xolos. Qo‘shiq melodiyasi kavkaz diskotekalridagi «Shiki ...
9 sentyabr 2024
Yaqinda miyani o‘rganish bo‘yicha yirik mutaxassis Tatyana Chernigovskaya ma'ruzasida ayollar bir paytning o‘zida hamma narsaga ...
10 avgust 2024
O‘zbekistonda bir arvoh kezib yuribdi. Bu Karimov arvohi. O‘zbekiston Karimov davridagi paranoyaga qaytib matbuotdagi «arvox» ...