Asosiy mavzular
12 sentyabr 2020

“Biz uyga qaytishni istaymiz”

O‘zbekistonlik minglab muhojirlar Rostov-Don shahridagi temir yo‘l stantsiyasi oldida lager qurdi. Issiqda, deyarli pulsiz, ishonchsizlik bilan ketishga umid qilishmoqda.

Yozning boshidan beri o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari Rossiyani tark etmoqda. Ko‘pchilik pandemiya tufayli ishsiz qolib, tirikchiligidan mahrum bo‘ldi. Faqat avgust oyida O‘zbekiston hukumati Rossiyadan vatandoshlarni olib chiqishni boshladi. Pullik.

Bir necha kun oldin Rostov-Donning g‘arbiy chekkasida joylashgan Pervomayskaya bekati atrofida o‘zbekistonlik muhojirlarning stixiyali lageri yuzaga keldi. O‘zbekiston hukumati tashabbusi bilan Rostovdan Toshkentga yo‘naltirilgan maxsus poezd ketishi ma'lum bo‘lgach, u yerda dastlabki “ko‘chmanchilar” taxminan 23 avgustda paydo bo‘ldi. Haqiqatan ham bitta poezd 938 nafar kishini olib ketdi. Tashish ishlarini tashkillashtirish bilan bir yil oldin Rastovda ochilgan O‘zbekiston konsulligi shug‘ullanmoqda.

Pervomayskaya bekati yaqinidagi palatka lageri. Foto: Yelena Romanova / «Novaya gazeta»

Ayni paytda stantsiya yaqinida ikki mingdan ortiq odam to‘plangan. Ular Rostov – Toshkent maxsus poezdiga chiptalar uchun jonli navbatda turibdi. Bu odamlarning barchasi ketish umidida chiptalarni sotib olish imkoniyati uchun har kuni kurashmoqda.

Chodirlar duch kelgan maysazor va piyodalar yo‘laklariga yoyilgan. Ba'zi joylardagi qo‘lbola soyabonlar ostidan yalang oyoqlar chiqib turadi, odamlar Rostov quyoshi qizdirayotgan parapetalarda yotishibdi. Yorqin milliy libos kiygan o‘n ikki yoshlardagi qiz to‘xtash joyiga shoshilayotgan bir yoshli bolakayni ushlab olishga muvaffaq bo‘ldi – u yer ham mashinalar bilan to‘lib-toshgan. Ishga shoshilayotgan rostovliklar lagerni temir yo‘l ustidagi piyodalar ko‘prigi ustidan  suratga olmoqda. Xuddi shu joydan, yuqoridan militsiya xodimlari chang ichidagi suhbatni tomosha qilmoqda. Olomon ichida politsiyachilarning dubulg‘alari miltillaydi.

Vokzaldagi olomon. Foto: Yelena Romanova / «Novaya gazeta»

– Biz uyga qaytishni istaymiz, – dedi lagerda yashayotganlardan biri suhbat qilishga rozi bo‘lgach. O‘zini Alisher deb tanishtirgan yigit taxminan o‘ttiz yoshlar atrofida edi. – Ish yo‘q. Koronavirus. Yashash qimmat: 30 ming oling, kvartiraga bering, ovqatga to‘lang. 

Ilgari patent 4 ming edi, endi bekor qilindi, ammo baribir qimmat. Uyga qaytgan yaxshi.

Deyarli barchada xuddi shunga o‘xshash vaziyat. Ishga yaroqlilik haqidagi ruxsatnomalar mavjud bo‘lsa-da, ammo ish yo‘q. Ular oxirgi pullariga deyarli butun Janubiy federal okrug – Stavropol, Astraxandan Rostovga yetib kelishgan. Sankt-Peterburg va Moskvadan kelgan oilalar bor. 

Albatta, Toshkentga uchib ketish ham mumkin, ammo hozir chiptaning narxi 65 ming rublni tashkil qiladi, aksariyat migrantlarning cho‘ntagi bu xarajatni ko‘tarmaydi. 

Vokzal yaqinidagi olomon. Foto: Yelena Romanova / «Novaya gazeta»

Mart oyining boshlarida koronavirus tufayli O‘zbekiston birinchilardan bo‘lib o‘z chegaralarini yopdi. Bu mamlakatda kasallik sonining ortib ketishiga yo‘l qo‘ymaslikka imkon berdi. 

Ushbu tendentsiya iyun oxirigacha davom etdi.  Keyin vaziyat keskin yomonlashdi. “Koronavirus-monitor.info” veb-saytidagi ma'lumotlarga ko‘ra, agar respublikada 3 maygacha 256 ta yangi holat aniqlangan bo‘lsa, bu son 23 iyundan 26 iyungacha deyarli mingtaga yetdi. 

Bundan tashqari, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Erkin Hamroevning so‘zlariga ko‘ra, iyul oyi oxiriga kelib deyarli 90 ming fuqaro respublikaga qaytarildi.

O‘zbekistonga olingan chipta. Foto: Yelena Romanova / «Novaya gazeta»

“Ularning 27 348 tasi charter reyslar bilan, 1245 tasi poezdlarda va 60 589 tasi avtotransportlarda olib kelindi, – deya vazirning so‘zlarini keltiradi “kun.o‘z” sayti. – Hozir 90 mingdan ortiq kishi O‘zbekistonga qaytish istagini bildirib, ularni yetkazib kelishni hal qilish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda”.

Hamroevning so‘zlariga ko‘ra, 2,5 milliondan ortiq vatandosh chet elda yashaydi. Jumladan, Rossiyada 1,5 million, 100 mingdan ortig‘i AQShda, 140 mingi Qozog‘istonda, 13 mingi Qirg‘izistonda, 5 mingdan ortig‘i Tojikistonda, 50 mingi Yevropa mamlakatlarida, 4 mingga yaqini  Yaponiyada. Chet el universitetlarida deyarli 50 ming talaba tahsil oladi.

8-21 iyun kunlari “O‘zbekiston havo yo‘llari” tomonidan charter reyslar tashkil etilib, Rossiya, Turkiya, Janubiy Koreya, Birlashgan Arab Amirliklari, Hindiston, Italiya va Ukrainadan 5208 nafar fuqaroni qaytarish rejalashtirilgan edi.

Odamlar vokzal derazasidan qarashmoqda. Foto: Yelena Romanova / «Novaya gazeta»

Mustaqil o‘zbek jurnalisti Shohida To‘laganovaning fikricha, iyun oyi oxirida kasallanishning ko‘payishi, asosan, mehnat muhojirlarining uylariga ommaviy ravishda qaytishi bilan bog‘liq.

– Uzoq vaqt davomida O‘zbekiston hukumati epidemiyaning jadal rivojlanishini jilovlay olib, bundan faxrlanishdi. Ammo chet elda qancha odam ishlashini hamma biladi. Kelishlarni nazorat qilish qanchalik samarali yo‘lga qo‘yilganini aytish qiyin. Ehtimol, kasallikning ko‘payishi shu bilan bog‘liq. 

Bundan tashqari, ko‘pincha O‘zbekiston fuqarolari og‘ir sharoitlarda chegara xizmatchilariga pora berib, uylariga qaytishga majbur bo‘lishgan. Bularning barchasi, fikrimcha, vaziyatni yanada og‘irlashtiradi, – deydi Londonda yashovchi va o‘z vatani bilan aloqani ushlab turgan jurnalist.

Qozog‘iston tranzit sharoitlarini kuchaytirgandan so‘ng o‘zbeklar Rossiya-Qozog‘iston chegarasida to‘plana boshladilar. Ammo faqat avgust oyida O‘zbekiston ularga e'tibor qaratdi: 6 avgust kuni 920 kishi Buzuluk stantsiyasidan poezdda Toshkentga yo‘l oldi. Ertasi kuni yana 930 nafar muhojir Kineldan (Samara viloyati) temir yo‘l orqali uylariga ketishdi. 

Ushbu ma'lumot O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi tomonidan tasdiqlangan. Taxminan 23 avgustda Rostovdan jo‘nab ketgan xuddi shunday tarkib haqida diplomatik vakolatxonada ma'lumot yo‘q. Ammo og‘zaki va'dalar havoga uchib, o‘zbekistonlik muhojirlar Pervomayskaya stantsiyasiga oshiqishdi.

Ahmadjon Mizakarimovga omad kulib boqdi: u 8 sentyabrga uyiga chipta oldi. Poezd respublika hukumati tomonidan O‘zbekiston fuqarolarini vataniga qaytarish uchun maxsus tashkillashtirilganiga qaramay, yo‘l chiptasi pulli. Ahmadjon chipta uchun 13 800 rubl to‘lagan, garchi bu oson bo‘lmagan bo‘lsa ham.

O‘zbekiston Rostovdagi konsulligi xodimi bekatga kirish oldida turibdi, kim kassalarga borishini u belgilaydi. U vatandoshlarining uzluksiz savollariga javob berishga majbur, ular baland ovozda gapirishadi. Yo‘lovchilar ro‘yxatini tuzish tartibi odamlarga yoqmaydi, ammo Rostov OMONi konsullik xodimlari tomonida.

– Rostovga kelganingizda siz konsullikda ro‘yxatdan o‘tishingiz kerak, keyin ular kim ketishi mumkinligi haqida ro‘yxat tuzishadi, – deydi Ahmadjon. – Men 18 avgustga yozildim. Bizga 20 sentyabr kuni chegaralar yopilishini aytishdi. Odamlar qolishni xohlamaydi, ketishni istaydi.

Xavotirga tushgan o‘zbeklar bir-birlari bilan konsullik ustidan shikoyat qilish uchun kurashmoqdalar. Ularning ta'kidicha, konsullik odamlarni olib ketishni tashkil qilishdan ko‘ra chiptalarni olibsotarlar qo‘ligia chiqarish bilan ko‘proq shug‘ullanmoqda.

– Konsullik bizni aldayapti, – deydi o‘ttiz yoshlardagi Alisher rus tilida zo‘rg‘a gapirib. – Faqat 400 ta chipta qoldi, deyishyapti. Qolganlari qani? Ular o‘z “yaqinlariga” juda qimmatga sotishyapti.

Konsullik xodimi bu ayblovlarni to‘liq rad etdi, ammo olomon xavotirda. Ayollar va bolalar rasmiyni tahdid bilan o‘rab olishadi, politsiya esa yanada ko‘proq baqirishga majbur: “Ketinglar!” 

Ayollarning orqasida erkaklar jim turishadi. Ular juda ko‘p chekishadi, vaqti-vaqti bilan o‘zaro gaplashishadi, konsullik vakiliga keskin qarash qilishadi – bu safar zalga kimlar kiritiladi?

Omadi chopganlar o‘zlarining ma'lumotlarini metall detektori oldidagi postga qoldirib, keyin uzoq kutilgan chiptani sotib olish uchun kassaga borishadi.

– Hozir chiptalar tugaydi va biz qo‘shimcha yordam so‘rashimiz kerak bo‘ladi, – deydi kimgadir telefonda fuqarolik kiyimidagi odam zaldan olomonni kuzatib turgancha.

Deraza tashqarisida bir necha o‘nlab ko‘zlar vokzal binosida nimalar bo‘layotganini diqqat bilan kuzatmoqda. Ko‘pchilikning qo‘lida pasport va guvohnoma bor. Niqobini olib tashlagan yosh ayol ultratovush fotosuratlarini ko‘kragiga mahkam tutib yig‘laydi – u homilador.

– Kecha bu yerga bir necha marta tez yordam chaqirildi. Hushini yo‘qotishadi, yuraklari xuruj qiladi. Shifokorlar kelishadi, tekshirishadi, yelkalarini qisishadi – hech narsa yo‘q, – deydi stantsiya xodimi.

Lager. Foto: Yelena Romanova / «Novaya gazeta»

To‘satdan eshik oldida janjal boshlanadi: uzun tim qora kiyimdagi keksa ayol qichqirgancha kordonni yorib o‘tishga urinadi, “kovid” niqob kiygan erkaklar uni ko‘chaga itaradi. U o‘zlari tushunadigan tilda nimadir deb yig‘laydi, qichqiradi. 

Eshitmaydigan politsiyachilar binoga kirib kelishadi (konditsioner ostida dam olish uchun), keyin shlemlarini kiyib olomon oldiga qaytib ketishadi. Deraza tashqarisida – +30 daraja, ammo odamlar tarqalmaydi, ha, boradigan joylari yo‘q.

Rostov viloyati hokimligi stantsiyada allaqachon atrofdagi aholini bezovta qila boshlagan stixiyali chodir lagerining paydo bo‘lishiga tayyor emasligini bildirmoqda.

– Internet tarmog‘ida Pervomayskaya stantsiyasidan poezdning jo‘nashi to‘g‘risida viloyat hokimligi va shahar ma'muriyati bilan kelishilmagan ma'lumotlarning tarqalishi tufayli keskin vaziyat yuzaga keldi. Pervomayskaya temir yo‘l stantsiyasida o‘zbekistonlik fuqarolarni yig‘ish ham viloyat va shahar ma'muriyati bilan kelishilmagan edi, – deya tushuntiradi hududiy iqtisodiyot vaziri, “nomuvofiqlik”ga qaramay, Toshkentga keyingi poezd 8 sentyabr kuni yo‘l olishini biladigan va vaziyatni hal qilish uchun ishchi guruhga rahbarlik qilgan Maksim Papushenko.

“Nomuvofiqlik”ga ishonish qiyin: O‘zbekiston konsulligi xodimlari uzoq masofali poezdlar jo‘nab ketadigan asosiy Rostov stantsiyasida chiptalarni “tarqatishi” mumkin edi.

Shubhasiz, migrantlarni yuborish uchun shahar chetidagi stantsiya maxsus tanlangan: gubernator va shahar dumasi deputatlari saylovi arafasida rasmiylar Rostov markazida minglab muhojirlarning chodirlarini ko‘rishni xohlamaydi.

Foto: Yelena Romanova / «Novaya gazeta»

Vazirning mamnuniyat bilan ta'kidlashicha, 8 sentyabr kuni O‘zbekistonning 900 fuqarosi chiqib ketdi.

Ammo Rostov rasmiylari qolganlarini nima qilishni bilmaydi.

– Biz bu yerda uch mingga yaqin odammiz, – deydi o‘zini Soidjon deb tanishtirgan o‘zbeklardan biri. – Hozircha bu yerda qolgan hamyurtlarimiz bizga yordam berishmoqda. Ular suv va oziq-ovqat olib kelishyapti. Ammo pul tez orada tugaydi. Yana boshqa poezd berishlarini so‘rang. Biz ketishni xohlaymiz.

Jurnalist Shohida To‘laganovaning fikricha, respublika rasmiylari Rossiyadan vatandoshlarni qaytarishga atayin shoshilmayapti: O‘zbekistonda koronavirus avj olmoqda. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, 34 millionlik mamlakatda virus yuqtirganlar soni 43 893 ta, o‘limlar – 352 ta.

– Men qurbonlar soni haqidagi raqamlarga ishonmayman. Do‘stlarim va qarindoshlarimning yarmi kasal bo‘ldi. Ayrim oilalardan besh kishilab vafot etganlar mavjud. Muhojirlarning qaytib kelishi vaziyatni yanada og‘irlashtiradi – rasmiylar buni tushunishadi, – deydi Shohida. – Bundan tashqari, rasmiylar muhojirlarning qaytib kelishi mamlakatda ijtimoiy-siyosiy vaziyatni og‘irlashtirishi mumkinligidan qo‘rqishadi. Ishsizlar Rossiyaga ketib, u yerdan pul jo‘natishar ekan, hammaga ma'qul edi. Respublika hukumati hech qanday islohot o‘tkazmadi.

Rasmiylar Rossiya bilan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarini legallashtirishni yengillashtirish masalasini ham hal qilib olishmadi. Ular respublikaning o‘zida xalqi haqida qayg‘urmas ekan, chet elda ishlab, ko‘p yillar davomida pul o‘tkazmalari bilan mamlakat byudjetining deyarli uchdan bir qismini qoplab kelayotganlarga yordam berishlari dargumon.

Endi esa poraxo‘r amaldorlar muammoga duch kelgan odamlar charter poezdlarga chiptalar sotishmoqda. Bu odamlarning pullari tugasa nima bo‘ladi?

Maqola Novaya gazeta nashrida chop etilgan. Eltuz tarjimasi

Tag‘in o‘qing
19 fevral 2024
Qashqadaryo va Sirdaryo viloyatlarida Indorama Agro xorijiy kompaniyasiga 70 million dollar kredit ajratgan Yevropa tarraqiyot banki ustidan kompaniya ishchilari ...
17 iyul 2024
Amerika Qo‘shma Shtatlarining Illinois shtati, Neypervil shahrida yashovchi asli o‘zbekistonlik 55 yoshli Zohir Qudratov o‘zining sobiq turmush o‘rtog‘i Rahimaxon ...
24 fevral 2022
O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi AQSh elchixonasini O‘zbekiston hududida josuslik faoliyatini amalga oshirayotganlikda aybladi. @eltuz olib borgan surishtiruv AQSh elchixonasini ayblash ...
25 oktyabr 2015
Bu yil mahkum do‘stimiz Solijon Abdurahmonov 65 yoshda. 10 oktyabr kuni esa uning turmaga tashlanganiga sakkiz yil bo‘ldi. 2008 ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...