Asosiy mavzular
20 noyabr 2020

“Hibsning desertiga kaltak” – haqtalablarning muammolarini hal etishning qashqadaryocha usuli

Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi xodimlari haq talab qilgani (hujjatlarda – “jamoat tartibini buzgani”) uchun uch kunlik ma'muriy hibsga olingan ayollarni avval kaltaklab, keyin ozod qilgan. Bu haqida “Eltuz”ga jabrlanganlarning o‘zlari – 37 yoshli Dilafruz Do‘ltaeva, uning singlisi 32 yoshli Dilso‘z Do‘ltaeva va 53 yoshli Gulshan Muxtorova xabar berdi.

“Nohaq qamalganimiz yetmaganidek, hibsxona xodimlari “deserti”ga bizni kaltaklab, keyin chiqarib yubordi”, deydi opa-singil Do‘ltaevalar. Ularning aytishicha, voqea shu yilning 14 noyabr kuni sodir bo‘lgan.

“Uch kunlik hibs vaqti tugagach, 14 noyabr kuni soat tungi birlarda bizni qamoqdan chiqarishadigan bo‘lishdi. Lekin chiqayotganimizda: “Bu yana “prava kachat” qilmasligingiz uchun!” deb, hibsxona xodimlari bizlarni kaltaklashdi”, deydi opa-singil Do‘ltaevalarning so‘zlarini tasdiqlagan Gulshan Muxtorova.

IIBning voqeaga aloqador xodimi “Eltuz” muxbiriga ayollarni qamash haqida hokimlikdan topshiriq olmaganini va ularning jamoat joyida yurish-turish qoidalarini buzganlik aybi bilan hibsda ushlab turilganini aytib o‘tdi.

“Ayollarga nisbatan zo‘rlik ishlatilmadi. Qo‘shimcha ma'lumot taqdim etolmayman”, dedi Qarshi shahri IIB xodimi.

Qarshi shahar hokimligida ishlayotgan mulozimlar ham taxminan shunday fikr bildirishdi. Ularning aytishicha, ayollarning muammosi o‘rganilgan va ijobiy yechim topish arafasida bo‘lgan. “

Lekin ayollar noshukrlik qilib, hokimlik yonida bir necha marotaba janjal qilishdi. Ular nega uch sutkaga qamalganidan bexabarman”, dedi hokimlik mulozimi.

“Eltuz” tasarrufida bo‘lgan video va audioma'lumotlarga ko‘ra, Dilafruz Do‘ltaeva, uning singlisi Dilso‘z Do‘ltaeva va Gulshan Muxtorova 11 noyabr kuni muammolari o‘rganilib chiqilishi bahonasi bilan Qarshi shahri hokimligiga chaqirilgan.

Keyinchalik hokimlik xodimlari “ayollar jamoat tartibini buzdi”, degan bahona bilan militsiyani chaqirgan.

Militsiya esa ayollarni zudlik bilan ma'muriy sudga olib boradi. Sud ham o‘ljasini avvaldan kutib yotgan nahangdek opa-singil Do‘ltaevalar va Muxtorovani uch kunlik ma'muriy hisbga olish haqida qaror chiqaradi. Haqtalab ayollarning uch kunga qamalishi aynan shu tarzda sodir bo‘lgan.

Mazlumalarning taxmin qilishicha, ayyorona aldov va uning ortidan kelgan nohaq hibs Qarshi shahri hokimligi rahbariyatining norasmiy topshirig‘i bilan amalga oshirilgan.

Ularning aytishicha, mahalliy hokimlik ayollar o‘z haq-huquqlarini davomli talab qilib kelgani uchun shu tarzda o‘ch olgan.

37 yoshli Dilafro‘z Do‘ltaeva ishsizlik muammosi tufayli hokimlikka va boshqa idoralarga tinimsiz murojaat qilib kelgan. Avval ishlab turgan turgan joyidan bo‘shatilgan va qayta tiklashga urinsa-da, ijobiy yechim topmagan. Oliy ma'lumotli bo‘lsa-da, ancha vaqt sohasi bo‘yicha ish topolmay qiynalgan.

Dilafro‘zning 32 yoshli singlisi Dilso‘z Do‘ltaeva – o‘qituvchi. Uning dars soatlarini ko‘paytirish bo‘yicha murojaati ijobiy hal etilmagan. Aksincha, yana qisqartirilgan.

Bugun Dilso‘z Do‘ltaeva Mirishkor tumanida ishlab turgan maktabidan “noshukrligi uchun” bo‘shatilgan.

53 yoshli Gulshan Muxtorova esa eridan ajralgan va uch farzandi bilan uysiz qolgan. Eri uch xonali uy qilib berishini aytganini, buni sud tasdiqlaganini ta'kidlaydi.

“Eltuz” bilan suhbatda Gulshan Muxtorova joylarda qonun ishlamasligidan, ko‘zbo‘yamachilik avj olganidan, davlat tomonidan ajratilgan uyning boshlang‘ich to‘lovini to‘lashga qurbi yetmasligidan noliydi.

“2018 yilda Oliy sud raisining o‘rinbosari Yodgorov Qarshida o‘tkazgan sayyor qabulda murojaatim ko‘rib chiqilganini, murojaatim bo‘yicha menga uy berilishini aytgan edi.

Uning bu gaplari 2018 yil noyabr oyida «O‘zbekiston-24» va qator telekanallarda efirga uzatilgan edi. Oradan ikki yil o‘tdi, lekin uydan darak yo‘q”, deydi G.Muxtorova.

Muammolari hal qilinmagan ayollar o‘z haqlarini talab qilib mahalliy va respublika idoralariga murojaat qilaverishgan. Qashqadaryodagi mulozimlarning tinchi buzilgan. Mahalliy idoralar ayollarning muammosini uch kunlik hibs va desertiga kaltakbozlik bilan “hal etish»ga qaror qilishgan.

Tag‘in o‘qing
23 sentyabr 2023
«Ukraina Qurolli Kuchlari Rossiyaning Verbovo mudofaa liniyasini yorib o‘tdi va oldinda yanada kattaroq zafarlar kutilmoqda», dedi «Tavriya» qo‘shinlarining tezkor-strategik ...
23 mart 2024
Moskvadan dahshatli xabar keldi. Qurollangan odamlar «piknik» guruhining kontserti oldidan Moskvaning «Crocus City» kontsert zaliga bostirib kirishdi. Ular pulemyot bilan ...
16 yanvar 2018
GM Uzbekistan o‘zi ishlab chiqargan avtomobillarga aktsiz solig‘i 5 barobardan ziyodroqqa kamaytirilganiga qaramay, bu narxlar pasayishiga sabab bo‘la olmasligini ...
22 dekabr 2017
Marhum prezidentning jiyani Jamshid Karimov haqida tasvirlar olayotgan jurnalist Ulug‘bek Ashur 22 dekabr kuni film treylerini taqdim etdi. U ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...