Asosiy mavzular
25 noyabr 2020

O‘zbekiston Harbiy prokuraturasida “monstr” o‘rinbosar paydo bo‘ldi

“Eltuz”ning O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasidagi bir-biridan mustaqil manbalariga ko‘ra, bu tashkilot rahbariyatida Bahodir Xudoyberdiev degan “zolim va o‘zboshimcha o‘rinbosar” paydo bo‘lgan. 

Bu mulozim, manbalarning ma'lum qilishicha, ilk kunlardanoq harbiy prokuraturada tozalash ishlarini boshlab yuborgan.

“Respublika harbiy prokurorining birinchi o‘rinbosari lavozimiga yaqinda tayinlangan Bahodir Xudoyberdiev o‘z bo‘ysinuvidagi tajribali va malakali xodimlarni qo‘rqitish yo‘li bilan ishdan ketkazishni boshlab yubordi”, deydi “Eltuz” manbalaridan biri ismini ochiqlamaslik sharti bilan.

Uning bildirishicha, Bahodir Xudoyberdiev o‘zining dushmani deb bilgan qator xodimlardan o‘ch olishni boshlagan. 

“Masalan, Bahodir Xudoyberdiev Harbiy prokuraturada qonunchilik nazorati va jinoyatchilikka qarshi kurashishda faol qatnashib kelgan N.Boyxonov, S.Temirov, F.Saysultonov, R.Kamolov va yana bir qator xodimlarni kadrlar bo‘limiga chaqirtirib, ularni turli yo‘llar bilan qo‘rqitib, ulardan o‘z xohishiga ko‘ra ish hajmi kam bo‘lgan lavozimlarga tayinlash haqida arizalar oldi.

Bundan tashqari, Harbiy prokuratura organlarida ko‘p yillardan buyon xizmat qilib, malakali shogirdlar yetishtirgan ustoz xodimlar U.Karimov, L.Erdonaev, A.Qodirov va J.Temirovni ishdan ketkazdi”, deydi “Eltuz” bilan hamkorlik qiluvchi manba.

Uning xabar qilishicha, “monstr” o‘rinbosar shantaj yo‘li bilan Harbiy prokuraturaning eng malakali xodimlari D.Temiraliev, D.Valijonov va A.Nizomovni ishdan olgan. 

“Bu Xudoyberdiev deganlari shallaqi va bo‘htonchi xotinlarga o‘xshar ekan. U turli bo‘hton gaplarni tarqatib,  J.Ashurov, O.Haydarov, T.Muhiddinov, Sh.Toshmatov va yana bir qator xodimlar ustidan asossiz xizmat tekshiruvlari tayinlab, ularni intizomiy javobgarlikka tortdi va quyi lavozimlarga o‘tkazdi.

Bo‘lim boshlig‘i lavozimlarida yaxshi ishlab kelib, xizmati davomida xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ymagan B.Sahadinov va Sh.Sanaevni esa besabab quyi lavozimlarga tushirdi”, deydi “Eltuz” manbasi.

“Eltuz” boshqa manbalardan olingan bu xabarni o‘rganish jarayonida quyidagilarni aniqladi. 

2014 yildan 2017 yilga qadar respublika harbiy prokurorining o‘rinbosari sifatida ishlagan Bahodir Xudoyberdiev 2017 yilning aprel oyida yo‘l qo‘ygan qo‘pol xatolari uchun lavozimidan ozod etilgan. 

U uch oy davomida ishsiz yurgan, so‘ng yoshi va prokuratura organlarida ko‘p yillar davomida xizmat qilgani inobatga olinib, Nukus harbiy prokuraturasiga prokuror lavozimiga tayinlangan.

Nukus shahrida xizmat qilgan vaqtida Bahodir Xudoyberdiev uning “hurmatini joyiga qo‘ymagan”, vaqtida iltimoslarini bajarmagan, unga “paxta qo‘ymagan” xodimlarni ishdan bo‘shatish, quyi lavozimlarga tayinlash bilan shug‘ullangan.

Bahodir Xudoyberdiev rahbar sifatida bir “monstr” bo‘lsa ham 2020 yil martda respublika harbiy prokurori Shuhrat Uzoqovning tavsiyasiga asosan birinchi o‘rinbosar lavozimiga tayinlangan. 

Shuhrat Uzoqov davlat rahbari topshirig‘i asosida o‘z vazifasiga kirmaydigan turli ishlar bilan band bo‘lishi ortidan Harbiy prokuratura organlarining ish faoliyatini to‘g‘ri tashkil etish, kadrlarni tanlash va tayinlash vazifasi uning birinchi o‘rinbosari Xudoyberdiev zimmasida qolgan.

“Eltuz” to‘plagan ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston Harbiy prokuraturasi amalda birinchi o‘rinbosar Bahodir Xudoyberdievning qo‘lida qolib, u olib borayotgan “o‘zboshimcha va zolimona” ish yuritishning qurboni bo‘lmoqda. 

“Bahodir Xudoyberdiev hududiylik printsiplariga amal qilish haqidagi talablarga qasddan bo‘ysunmasdan, o‘ziga yoqmagan xodimlarni uzoqdagi prokuratura organlariga yuborish amaliyotini joriy qildi.

“Monstr” o‘rinbosarning “badarg‘a”lari tufayli prokuratura xodimlari oilasi, ota-onasi va yaqinlaridan ajralib, oxir-oqibat ishdan ketishga majbur bo‘lishmoqda”, deydi “Eltuz” manbalari.

Ularning bildirishicha, Bahodir Xudoyberdiev o‘z bo‘ysunuvidagi barcha prokuror va xodimlarga respublika harbiy prokuroriga murojaat etishni taqiqlab qo‘ygan. Qanday masala bo‘lmasin, birinchi bo‘lib Xudoyberdiev bilishi kerakligi, uning o‘zi respublika harbiy prokuroriga axborot berishini aytib, xodimlarning murojaat etish huquqini cheklagan. 

“Shu sababdan shaxsiy xavfsizlik va kadrlar bo‘limi boshliqlari bevosita rahbari bo‘lgan respublika harbiy prokuroriga murojaat qila olmayaptilar. Buning oqibatida Xudoyberdievning xatti-harakatlaridan norozilik bildirilib, Bosh prokurorga anonim murojaatlar yuborish hollari ko‘paygan. Biroq bu murojaatlar yana Xudoyberdiev bo‘ysunuvidagi xodimlarga kelib tushib, u tomonidan qasd olish yangi darajaga ko‘tarilmoqda”, deydi “Eltuz”ga yaqin manbalar.

“Eltuz” to‘plagan ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasi sabab joriy etilgan cheklovlarga qaramay, Bahodir Xudoyberdievning rahbarlik davrida harbiy jinoyatchilik soni oshib ketgan. 

Harbiy prokuraturaga yaqin manbalar “bu hol Xudoyberdiev olib borayotgan siyosat noto‘g‘ri ekanining isboti” ekanini aytmoqda.

Ularning aytishicha, Bahodir Xudoyberdievning avvalgi faoliyati o‘rganilsa, u borgan joyida faqat adolatsizlik va zulm qilib, harbiy prokuratura organlarining obro‘sini tushirib yurgani oydinlashadi. 

“Eltuz”ga yaqin manbalar: “Xudoyberdiev deganlari Qarshi harbiy prokurori lavozimida ishlagan vaqtida qanday karomatlar ko‘rsatgan?! Bu “monstr” Andijon harbiy prokurori lavozimidan nima sababdan bo‘shatilganini Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev bilarmikin?! Bahodir Xudoyberdiev rahbarlarga “paxta qo‘yish”dan boshqa ishni ham biladimi?!” degan ritorik savollarni o‘rtaga tashlashmoqda.

“Eltuz” O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasidagi vaziyatni kuzatishda davom etadi. 

Tag‘in o‘qing
31 mart 2022
O‘zbekiston forumi (Uzbek Forum) va Transparency International tashkilotining Rossiya bo‘limi 29 mart kuni Gulnora Karimova pullarini O‘zbekistonga qaytarish jarayonida ...
25 dekabr 2017
22 dekabr kuni Shavkat Mirziyoev Oliy Majlisga Murojaatnoma taqdim etarkan, to‘rt soatlik uzluksiz nutqida, jumladan, deputatlarning o‘ta passivligini kesatib ...
20 sentyabr 2024
Mana it quvgan gadoydek xaftayam zuvv etdi, o‘tdi ketdi. Yana sizlarning qoshingizdaman. Suhbati du anda mazzaku, deydi Xayyoom. Yuz ...
15 iyun 2020
Respublika maxsus komissiyasining hayratga soladigan so‘nggi qarori: «Agar xo‘jalik yurituvchi sub'ektning belgilangan sanitariya-gigiena talablariga rioya etmagani natijasida koronavirus aniqlansa, ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...