Asosiy mavzular
27 noyabr 2020

AQSh-O‘zbekiston “strategik hamkorlik muloqoti”

AQSh va O‘zbekiston 2021 yilda “strategik hamkorlik muloqoti”ga o‘tishni maqsad qilgan.

O‘tgan hafta Vashington prezident Donald Trampning 4 noyabrdagi saylovda sobiq vitse-prezident Jo Baydenga yutqizganini inkor qilishi natijasida paydo bo‘lgan g‘alati siyosiy girdobda qolib ketgan bo‘lsa ham dunyoviy diplomatik operatsiyalar o‘z maromida qizg‘in davom etdi. 

G‘ayrioddiy kelgan yilda tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi o‘tgan hafta mamlakatning yillik ikki tomonlama maslahatlashuvlarida ishtirok etish uchun Vashingtonga tashrif buyurdi. 

2009 yildan buyon har yili o‘tkazib kelinayotgan maslahatlashuvlar ikki mamlakat aloqalari darajasini belgilab beradi. AQSh Davlat departamenti 2016 yilda ta'kidlaganidek, maslahatlashuvlar “o‘zaro ishonchni mustahkamlashga qaratilgan umumiy siyosiy masalalarimiz hamda ikki tomonlama va mintaqaviy masalalar bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlarini rivojlantirish uchun tuzilgan siyosiy muloqotdir”.

O‘zbekiston AQShning Janubiy va Markaziy Osiyodagi asosiy mintaqaviy manfaatlaridan biri – Afg‘onistonga juda yaqin. O‘zbekiston delegatsiyasi Vashingtonga kelganida Tramp ma'muriyati AQShning Afg‘oniston va Iroqdagi kuchlarini 2021 yil 15 yanvargacha 2500 kishigacha qisqartirish niyati borligini e'lon qildi. 

Ushbu bayonot AQShni 2021 yil may oyiga qadar to‘la chekinish uchun 2020 yil fevralidagi AQSh-Tolibon kelishuvida belgilangan muddatga yaqinlashtirgani sababli katta e'tiborni tortdi. 

Ammo tanqidchilarning ta'kidlashicha, “Tolibon” ushbu bitimdagi majburiyatlarini, ya'ni “Al-Qoida” bilan aloqalarni uzish va'dasini bajarmagan, bu harbiy rahbarlar tomonidan tasdiqlangan.

CNN xabariga ko‘ra, mudofaa vaziri Mark Esper Oq uyga noyabr oyi boshida maxfiy hisobot yuborib, quyidagilarni ta'kidlagan: “Qo‘mondonlik zanjirining bir ovozdan tavsiyasi shuki, shartlar bajarilguniga qadar AQSh Afg‘onistonda o‘z tarkibini kamaytirmasligi kerak”.

9 noyabr kuni Tramp Esperni ishdan bo‘shatdi.

19 noyabr kuni Komilov mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi Kristofer Miller bilan uchrashdi. Bu paytda Miller ushbu lavozimda ish boshlaganiga atigi 10 kun bo‘lgan edi.

Uchrashuv natijalari kutilganidek yumshoqqina bo‘ldi. U AQSh va O‘zbekiston o‘rtasidagi “xavfsizlik bo‘yicha strategik hamkorlik”ni yana bir bor tasdiqladi va O‘zbekistonning “Afg‘oniston ichidagi tinchlik muzokaralariga ko‘maklashish, mamlakat iqtisodiyotini tiklash va uning Markaziy Osiyo mintaqasiga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlash” bo‘yicha sa'y-harakatlarini mamnuniyat bilan qabul qildi.

Afg‘onistonda sodir bo‘layotgan voqealar nafaqat bu davlat bilan chegaradoshligi, balki so‘nggi bir necha yil ichida qo‘shniga bo‘lgan qarashlari va munosabatini keskin o‘zgarganligi O‘zbekiston uchun asosiy masala hisoblanadi.

Afg‘onistonni muammo va tahdid sifatida ko‘rgan Islom Karimov davridagidan farqli o‘laroq, Shavkat Mirziyoev hukumati O‘zbekistonning janubiy qo‘shnisiga bo‘lgan pozitsiyasini qayta yo‘naltirdi. Dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan O‘zbekiston Afg‘onistonga ham dengizga yo‘l, ham o‘zbek tovarlarining jahon bozorlaridagi kanali sifatida juda qiziqadi.

AQSh va O‘zbekistonning ikki tomonlama aloqalari sharoitida ushbu qadam hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ldi.

O‘tgan hafta Davlat departamentida Komilov AQSh davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari byurosi yordamchisining birinchi o‘rinbosari Din Tompson bilan uchrashdi. Davlat kotibi Mayk Pompeo o‘sha paytda Yaqin Sharqqa sayohat qilayotgan edi.

Ikki tomonlama maslahatlashuvlar yakunida e'lon qilingan qo‘shma bayonotda kutilgan qator mavzular qamrab olingan: “ikki tomonlama aloqalarning mustahkam sur'ati”, mintaqaviy xavfsizlik va hamkorlik, iqtisodiy islohotlar va investitsiyalar va odamlar o‘rtasidagi aloqalar.

Bayonotda ta'kidlanishicha, Qo‘shma Shtatlar AQShning Markaziy Osiyo bo‘yicha fevral oyida e'lon qilingan so‘nggi strategiyasining asosidan o‘rin olgan “muqaddas uchlik” – “O‘zbekistonning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini to‘la qo‘llab-quvvatlashini” tasdiqladi. (Pompeoning yangi strategiyani ishga tushirish arafasida fevral oyida O‘zbekistonda bo‘lishi bejiz emas edi.)

AQSh Davlat departamenti “strategik hamkorlikning yangi davri”, deb atagan O‘zbekistonga yordami 2019 yilda qariyb 100 million dollarni tashkil etdi, bu 2016 yildagiga nisbatan o‘n baravar ko‘pdir. Maqsad o‘sib borayotgan munosabatlar tezligini ta'minlashdir. 

Bayonotga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar “bu yil transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish va qonun ustuvorligi hamda korruptsiyaga qarshi kurashish tashabbuslari uchun 9 million dollardan ziyod yordam ajratmoqchi”. 

Pandemiya borasida bayonotda pandemiya oqibatlariga qarshi kurashda “O‘zbekistonga yordam berish majburiyati” qayd etilgan.

Bayonot asosan kutilganidek bo‘lsa-da, unda bir nechta muammolar yashiringan. Masalan, ta'lim va madaniy almashinuvni kengaytirishning aniq yo‘llarini muhokama qilishda bayonotda “AQSh Tinchlik korpusi ko‘ngillilarini O‘zbekistonga qaytarish rejalari” qayd etilgan.

Tinchlik korpusi 2005 yilda mamlakatdagi ko‘ngillilar va direktorga viza muddati uzaytirib berilmaganidan so‘ng O‘zbekistondagi dasturini to‘xtatdi. Tinchlik krpusining chiqarib yuborilishi AQShning Andijon qirg‘ini bo‘yicha Karimov hukumatini tanqid qilishi bilan doimiy ravishda bog‘liq edi. 

Tinchlik korpusi O‘zbekistonda 1992 yildan 2001 yilgacha, so‘ngra 2002 yildan 2005 yilgacha faoliyat yuritgan. Mart oyida Tinchlik korpusining barcha dasturlari to‘xtatilgan bo‘lsa-da, ko‘ngillilarni qaytarish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Qo‘shma bayonot Islom Karimov vafotidan keyingi to‘rt yil ichida AQSh va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarda erishilgan yutuqlarni ifodalash bilan yakunlanadi. 

Ikkala tomon har yili o‘tkaziladigan maslahatlashuvlar darajasining “strategik hamkorlik muloqoti”ga ko‘tarilishi haqida xabar berib, birinchi dialogni 2021 yilda Toshkentda o‘tkazish rejalashtirilgan.

Garchi muloqot AQShga yangi rahbariyat kelishi arafasida o‘tkazilsa-da, AQShning Markaziy Osiyoga nisbatan siyosati sezilarli darajada ijobiy o‘zgarishi ehtimoldan yiroq emas. Bu O‘zbekiston uchun yaxshi yangilik.

Maqola The Diplomat nashrida e'lon qilingan. “Eltuz” tarjimasi

Tag‘in o‘qing
7 aprel 2016
2005 yilning may oyidagi Andijon shahrida yuz bergan voqealar xaqida xikoya qiluvchi “Sotqin” filmi shu kunlarda Jizzax viloyatida keng ...
16 iyun 2016
Ahmadboy shirkatining tekshirilishi natijasida, Ozodlik radiosining bildirishicha, 13 milliard 138 million so‘m va 7 million 900 ming AQSh dollari ...
6 dekabr 2021
«Eltuz» nashri 30 noyabr kuni “Maktabgacha ta'lim vazirligining bolalarga xos bo‘lmagan o‘yinlari” sarlavhasi ostida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video va ...
23 may 2023
Din ishlari qo‘mitasi “hajga yuboraman” degan «aprslar» gapiga ishonmanglar, deb, “lo‘xlar”ni ogoxlantirdi. Ammo lo‘x va aksar qashshoqlar to‘g‘ri gapga ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...