Asosiy mavzular
11 yanvar 2021

O‘zbekistonda siyosiy islohot bo‘lmaydi, chunki…

Haqiqiy islohotlar erkin fikrlovchi va tanqidchilarni tor-mor etish emas, balki ularni rag‘batlantirish va hatto qamrab olish orqali amalga oshiriladi.

10 dekabr – Xalqaro inson huquqlari kuni bir guruh huquq himoyachilari, faollar, tadqiqotchilar, rassomlar va kinoijodkorlar Toshkentda yig‘ildilar. Ular qiynoqlar sinonimi bo‘lgan mashhur Jasliq qamoqxonasidan ozod qilingan sobiq siyosiy mahbuslar haqidagi hujjatli film premerasida qatnashgan.

Siyosiy mahbuslarning aksariyati Karimov rejimi dushmani sifatida 24 yilgacha ozodlikdan mahrum qilingan edilar. 2017 yilda ularning ozod qilinishi va 2019 yilda Jasliqning yopilishi O‘zbekistondagi yangi davr uchun ramziy ma'noga ega edi. 

Chunki 2016 yilda marhum diktator o‘limidan so‘ng hokimiyat tepasiga Shavkat Mirziyoev kelgandi. Asosan, xalqaro bosim tufayli yuz bergan bunday ozod etish harakatlari mamlakatning xalqaro obro‘sini yaxshilash uchun yangi hukumat tomonidan uyushtirilgan urinish edi. 

Ammo hamon o‘tmish soyalari yo‘qolmagan. O‘sha qatag‘on davrini boshqargan, ya'ni mahbuslarning Jasliqqa tiqilishiga bosh-qosh bo‘lgan ko‘plab amaldorlar bugun ham hukumatda qolmoqda. 

Qamoqqa olinganlar ozod etilgan bo‘lsa-da, hanuz to‘liq reabilitatsiya qilinmagan, ularning erkin fikr bildirish va yig‘ilish o‘tkazish kabi demokratik erkinliklari hamon bo‘g‘ilmoqda. 

Ayni paytda jurnalistlar, olimlar va faollar ta'qib qilinmoqda va kuzatuvga olinmoqda. Yaqinda bir qator ommaviy axborot vositalari mamlakatda energiya tanqisligi muammosi haqida yozganidan so‘ng Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bunday “salbiy” xabarlarga qarshi chiqdi va ularga agar o‘zlarini jilovlamasa, “jiddiy huquqiy oqibatlar” kelib chiqishi bilan tahdid qildi. 

Internetda hukumatga yoqmaydigan xabarlar tarqatadigan saytlarni filtrlash va to‘sib qo‘yish harakatlari hali ham mavjud. Parlament xalqning ovozi yoki siyosiy muhokamalar uchun haqiqiy minbar emas, balki munozaralar uchun shunchaki simulyator bo‘lib qolmoqda.

Shunga qaramay, ba'zi kuzatuvchilar jiddiy o‘zgarishlar ro‘y berayotganini ta'kidlashmoqda. Siyosatshunos, O‘zbekistondagi “Bilimlar karvoni” nodavlat ilmiy tadqiqot instituti direktori Farhod Tolipov yaqinda bergan intervyusida “Agar Mirziyoev 2021 yilda (yana prezident lavozimiga) saylansa, siyosiy islohotlarni tezlashtiradi va yanada ochiq va plyuralistik siyosiy tizimni birlashtirishga harakat qiladi”, degan edi. 

Ammo bu qanday amalga oshirilishini tushunish qiyin. O‘zbekiston singari avtoritar mamlakatda muxolifat yo‘qligi va tanqidchilar faol ta'qib qilinishi fonida asosiy inson huquqlari va erkinliklari uchun ijobiy o‘zgartirishni kutish olisdagi umid bo‘lib qolmoqda.

Mirziyoevning dasturi islohotga yo‘naltirilgan emas, balki populistik xarakterga ega. Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun milliardlab dollarlik “Toshkent siti” singari megaloyihalar orqali “yangi O‘zbekiston” g‘oyasi targ‘ib qilinayotgan bir paytda xalq manfaatlari va odamlarni tashvishlantiruvchi masalalar umuman e'tiborsiz qoldi. 

Yuqoridagi kabi rejalar hukumatning investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash strategiyasining bir qismi bo‘lib, bundan ko‘zlangan maqsad mamlakatni Jahon bankining “Biznes yuritish” reytingida hozirgi 69-o‘rindan 20-o‘ringa ko‘tarishdir.

Ammo byurokratiya va samarasiz ish uslubidan voz kechish niyatidan yiroq bo‘lgan Mirziyoev kleptokratiyaning ko‘p bora bosib o‘tilgan yo‘lini davom ettirdi. 

Biz hukumat qo‘llab-quvvatlaydigan korporatsiyalarning yerlarni ommaviy tarzda noqonuniy, majburan tortib olishi, odamlar va korxonalarni uysiz, hayotiy ta'minotsiz qoldirib, madaniy meroslarni yo‘q qilishiga guvoh bo‘ldik. 

Oxus Society’s Central Asia Protest Tracker ma'lumotlariga ko‘ra, 2018 yildan beri mamlakatdagi norozilik chiqishlarining yarmi mulk va yer bilan bog‘liq bo‘lgan.

Elita o‘z cho‘ntagini qappaytirayotgan bir paytda aholining 20 foizi kuniga 1,90 dollardan kam mablag‘ bilan tirikchilik qilmoqda. 

Shuningdek, Karimov singari Mirziyoev ham nodavlat-notijorat tashkilotlar paydo bo‘lishiga to‘sqinlik qilmoqda va fuqarolik jamiyati vakuumini hukumat tomonidan homiylik qilinadigan shunday muassasalar bilan to‘ldirib, to‘tiqushlarning doimiy hikoyalarini taqdim etmoqda. 

Shunga qaramay, xalqaro bosim tufayli va bir necha muvaffaqiyatsiz urinishlardan so‘ng o‘tgan yilning mart oyida bir-ikki mustaqil nodavlat-notijorat tashkilotning muvaffaqiyatli ro‘yxatdan o‘tkazilishini e'tirof etish kerak. 

Mamlakatda yangi siyosiy partiyalar ro‘yxatdan o‘tolmadi. Hali ham haqiqiy muxolifat mavjud emas va bu holat tez orada o‘zgaradiganga o‘xshamaydi. Mavjud qonunchilik asosida hukumatga bo‘ysunmaydigan siyosiy partiya tuzish amaliy jihatdan mumkin emas. Partiya tuzish uchun mamlakatning sakkizta ma'muriy-hududiy birligida aholining 1 foizidan imzo to‘planishi kerak.

So‘z va yig‘ilishlar erkinligining bunday cheklanishlariga qaramay, mamlakatning xalqaro reytinglar va forumlarda qayta o‘rin egallash imkoni bor. 

Dekabrda AQSh hukumati O‘zbekistonni “diniy erkinlikni buzadigan” yoki bunga toqatli hukumatlar joy olgan “alohida tashvish uyg‘otadigan davlatlar” ro‘yxatidan chiqarib tashladi. Davlat kotibi Mayk Pompeo O‘zbekiston inson huquqlari va diniy erkinlik sohasida “aniq taraqqiyot”ga erishganini ta'kidladi. 

O‘zbekiston hukumati qatag‘onni yumshatgan, ro‘yxatdan o‘tmagan diniy guruhlarga qarshi reydlarni to‘xtatgan bo‘lsa-da, diniy erkinlikni faol ravishda qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar yetarli emas. Hech qanday yangi diniy guruh mamlakatda cheklangan huquqiy muhit tufayli ro‘yxatdan o‘tishga muvaffaq bo‘lmadi. 

Boshqa bir muvaffaqiyatli piar yurishdan so‘ng O‘zbekiston BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a'zo bo‘ldi hamda dunyo rahbarlari va xalqaro matbuot tomonidan olqishlandi. 

Obro‘ni tozalash – bu jiddiy biznesdir va Mirziyoev undan avtoritar boshqaruv mohiyatini o‘zgartirmagan holda Vashington va Londonda o‘z hukumatini yoqlash uchun foydalanmoqda.

Biz Mirziyoevning xuddi xalq manfaati uchun haqiqiy islohotlarni amalga oshirayotgandek ko‘rinayotgan populistik tuzumidan qochishimiz kerak. Haqiqiy islohotlar erkin fikrlovchi va tanqidchilarni tor-mor etish emas, balki ularni rag‘batlantirish va hatto qamrab olish orqali amalga oshiriladi. Plyuralizm asosida turli g‘oyalar va qarashlar yotadi, ularga qarshi turish emas. 

Dilmira Matyoqubova, tadqiqotchi va UzInvestigations hamraisi, Buyuk Britaniyadagi Tashqi siyosat markazi ilmiy xodimi.

Maqola The Diplomat nashrda chop qilingan.

Tag‘in o‘qing
3 dekabr 2023
Davlat Xavfsizlik Xizmati xodimlari Toshkent shahar IIV uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi xodimlarini hibsga olganlar. Eltuz insayderiga ko‘ra, 1 ...
13 mart 2018
Toshkentning Mirza Yusuf masjidi imomi Rahmatullo Sayfuddinovga 9 mart kuni «Ozodlik» radiosini la'natlab, unga «janoza o‘qigani» ortidan Vazirlar Mahkamasining ...
12 noyabr 2019
Parlament saylovi oldidan “demokratiya o‘yini” o‘ynashga kirishib ketgan partiyalar rahbarlari bilib-bilmay jamiyatning katta qatlami noroziligiga sabab bo‘ladigan bayonotlar berishda ...
31 mart 2017
Toshkentdagi «Mirza Yusuf» masjidi imom xotibi, 42 yoshli, Rahmatulloh Sayfuddinovning erkaklarning doyalik qilishiga qarshi targ‘iboti ijtimoiy tarmoqda va turli ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...