O‘zbekistonda bola savdosi bo‘yicha vaziyat hamon tashvishli
O‘zbekiston rasmiylarining bildirishicha, 2017 yildan 2020 yilgacha bo‘lgan davrda chaqaloqlarni sotish va sotib olish bilan bog‘liq 185 ta holat ro‘yxatga olingan.
Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Nargiza Hojiboeva 12 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan brifingda aksariyat hollarda onalar bunday jinoyatni moddiy va ijtimoiy himoyalanmagani sababli sodir etayotganini qayd etdi.
Umuman olganda, odam savdosiga oid jinoyatlar statistikasi jiddiy tendentsiyani ko‘rsatmoqda. Ichki ishlar vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, agar 2012 yilda odam savdosi bilan bog‘liq 574 ta holat qayd etilgan bo‘lsa, 2020 yilga kelib ularning soni 74 taga kamaydi.
Shunga qaramay, chaqaloq savdosi bilan bog‘liq vaziyat hamon tashvishli darajada qolmoqda.
Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha milliy komissiyaning dekabrdagi hisobotiga ko‘ra, yangi tug‘ilgan bolani sotgan ayollarning 31 foizi bu ishni “ijtimoiy va iqtisodiy ahvoli” tufayli, 52 foizi esa moddiy manfaat uchun qilgan.
Agar kimdir bu qadar keskin qadam tashlashga qaror qilsa, bu qisman hukumat nazorati zaifligidan ham kelib chiqadi.
Senat raisi va yuqorida qayd etilgan komissiya raisi Tanzila Norboevaning so‘zlariga ko‘ra, bolasini sotish jarayonida hibsga olingan ayollarning 75 foizi poliklinikalarda homiladorlik bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tmagan. “Bolalar savdosiga qarshi kurashishda davlat idoralari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikning yagona tizimi mavjud emas. Ayollar homiladorligining ilk davridan to tug‘ruqgacha bo‘lgan davrini ro‘yxatga olishning avtomatlashtirilgan tizimi yaratilmagan”, dedi Tanzila Norboeva.
Bunday oshkora tan olish va Ichki ishlar vazirligi bolalar savdosi bo‘yicha e'lon qilgan ma'lumotlar muammoning haqiqiy ko‘lamini aks ettirmayotgani haqida o‘ylashga majbur qiladi.
Ayni paytda, bolani qonuniy ravishda asrab olishni istagan ota-onalar ham katta qiyinchiliklarga duch kelishmoqda.
Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy va siyosiy tadqiqotlar instituti katta xodimasi Adiba Safarova farzand asrab olishga oid 1999 yildan buyon amalda bo‘lgan qonunchilik normalari murakkabligi va ular takomillashtirilishi lozimligini tan oldi.
“Asrab olish uchun hujjatlarn masofadan turib topshirish, asrab olish mumkin bo‘lgan bolalar to‘g‘risida ma'lumot olish imkoniyati yaratilmagan”, dedi u mahalliy OAVlardan biriga bergan intervyusida.
Rasmiy ma'lumotlarg ko‘ra, birgina Toshkent shahrida 3000ga yaqin kishi farzand asrab olish uchun navbatda turibdi. Buning uchun ular juda ko‘p hujjatlar to‘plashi va topshirishiga to‘g‘ri kelgan.
Ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalar odatda bolalar uylari va oilaviy bolalar muassasalariga yuboriladi. Ikkinchi turdagisini rag‘batlantirish maqsadida 2019 yil mart oyida hukumat vasiylikka olingan har bir bola uchun oilalarga oyiga 820 000 so‘m (80 AQSh dollar atrofida) to‘lash to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Biroq bolalarni himoya qiluvchi ba'zi tashkilotlar ushbu qarorni tanqid qilib, u oilalarni shunchaki bola asrab olishga undashga qaratilgani, bu oilalarning ayrimlari esa keyinchalik bolalarni to‘g‘ri parvarish qila olmayotganini ta'kidlamoqdalar.
Maqola Eurasianet nashrda chop qilingan. «Eltuz» tarjimasi.