Imperativ-3. O‘rtada top-toza haq turar ekan…
Meni mashg‘ul qilgan g‘oyaga avval o‘zimni ishontirishim kerak edi. Mayli, do‘stlar ishonmasin, mayli, aqrabolar, yaqinlar, hatto xalq ishonmasin, ammo o‘zim mutlaqo ishonishim shartdi.
Alloh nazdida to‘g‘ri ekanini bilish men uchun yetarli edi, u holda bu g‘oya yo‘lida o‘limga borishim mumkin edi. Bu holda o‘zimni g‘oya uchun mujodalada HAQLI his qilardim.
1970-80 yillari o‘zimni ishontirganim g‘oya milliy istiqlol g‘oyasi edi.
Inonchdagi bu maksimalizm milliy manfaatlarni har narsadan ustun ko‘rish nuqtasiga olib keldi.
Quyida 80-yillarda yozilgan matndan parcha:
«Hatto haqiqat ham yolg‘ondir, yolg‘on,
Agar qarshi bo‘lsa haqiqat xalqqa!»
(1985)
Bu ikki satrda ko‘rilayotgani kabi men xalqni muqaddaslashtirgan edim.
Xalqda hech xato ko‘rmaslik, xato bo‘lsa ham uni yashirish, hatto uning illatlarini o‘z ustiga olish bir milliyatchining zimmasiga olishi kerak bo‘lgan majburiyatlar edi men uchun.
Xalqni muqaddaslashtirish bosqichida «men kimman» savoli javoblantirilganday bo‘lsa ham uning shuur ostida bot-bot takrorlanayotganini eshitib turardim. Sof milliy g‘oya ham nafsimni qanoatlantirmagani aniq edi.
Chunki xalk manfaatlarini har narsadan, hatto haqiqatdan ham ustun qo‘yish hirsi «Yoy» burji hassos bo‘lgan adolat tuyg‘usini zadalashi muqarrardi. «Hatto dushmanga ham adolatli munosabatda bo‘lish»ga ont ichgan bir odam sifatida xalq manfaati despotizmini shartsiz qabul etmog‘im imkonsiz edi.
Kaminadagi bu ruhiy xususiyat 1992 yil 17 yanvarda talabalar isyonining ikkinchi kuni zuhur etdi.
Millatvakili sifatida isyonning ikkinchi kunida hibsga olingan talabalarni qo‘yib yuborilishi uchun militsiya va prokuratura bilan muzokara olib borayotgandim.
Respublika bosh prokurori Bo‘ritosh Mustafoev va Toshkent shahri kompartiyasi kotibi Adham Fozilbekov hukumat tamsilchilari sifatida talabalar bilan gaplashishga kelishdi. Ularga «talabalar sizga tegishmaydi», deb kafolat berdim. Qo‘polroq aytganda, bu mulozimlar mening himoyamda talabalar qarshisiga chiqdilar.
Ammo KGB gizli ajanlarining (maxfiy agentlarining) provokatsiyasi bilan talabalar hukumat tamsilchilariga tosh ota boshladilar.
Ular – mayli, KGB provokatsiyasi bilan bo‘lsin – shartnomani buzgan edilar.
Bu meni junbushga keltirdi.
So‘kinishni bilmaydigan odam ustimizga yopirilib kelayotgan tarafdorlarimga qanday qilib og‘zimni to‘ldirib, butun g‘azabim bilan: «Hayvonlar, to‘xtanglar, hey, hayvonlar», deya baqirganimni bilmay qoldim.
O‘sha vaziyatda talabalarga nafratim, g‘azabim cheksiz edi.
Holbuki, talabalar milliy harakatimizning kuch manbai, prezident saylovida menga eng ko‘p ovoz bergan jiddiy ijtimoiy qatlam edi.
Ammo men ruhan KGB fitnasiga uchib tosh otayotgan va yopirilib kelayotgan tarafdorlarim tarafida emas, bu yopirilib kelayotgan olomondan qochayotgan mafkuraviy raqiblarim tarafida edim.
Chunki talabalar, demak ularning «nomzodi» men ham bu qochayotgan raqiblarga berilgan so‘zimizni tutmagan edik.
Shu ma'noda, bu voqea men uchun o‘tgan asr 70-80 yillaridagi milliy mujodalamizning ma'naviydan ko‘ra ko‘proq siyosiy ramzi bo‘lib qolaverdi.
O‘sha davrga oid maqolalarimdan birida «Lider olomonga emas, olomon liderga ergashishi kerak», degan ma'noda bir jumla yozgan edim. Bu qarashim bugun ham o‘zgargani yo‘q.
Milliyatchilik va uning muhotobi bo‘lgan millatni muqaddaslashtirish mutlaq ravishda bu millat va milliyatchilarni o‘zlari qarshi chiqqan rus shovinizmi tabiatiga yaqinlashtirgan bo‘lardi.
Shuning uchun ham o‘zbek milliyatchiligi faqat rus istibdodidan qutulish uchun berilgan mujodala hududlaridagina o‘zining ma'naviy mashru'iyatini qo‘riy olar edi.
Shu ma'noda, xalq fetishizmi xarakterimning umurtqasi emas, hatto yon qobirg‘asi ham emas edi.
1989-90 yillari «Birlik» harakati ichida maqsadi aniq bo‘lmagan, olomon hirsiga bo‘ysundirilgan mitinglarda qatnashmadim va buning uchun meni ayblaganlar ham bo‘ldi. Ammo yo‘limni inonmaganim yo‘nalishga burmadim.
O‘ttiz besh yil o‘tib, bu xususda shu she'rni bitdim:
Haqni so‘yladim men zolim yuziga,
Ammo xalq deganda tilim tutildi –
Tikka qarab turib xalqning ko‘ziga,
Haqni so‘ylamakdan andisha qildim.
Maydonda jaholat jo‘sh urar ekan,
«Xalqningmas, bu mening illatim», dedim.
O‘rtada top-toza Haq turar ekan,
Men xalqni tanladim – «Millatim!» dedim.
Mana, qalam gulday qurir qo‘limda,
Umrim kechdi xalq-la murosa bilan:
Men nima qilaman endi yo‘limda
Xarsangdek yotgan bu xulosa bilan?
(2020)
Kimligimni so‘roqqa tutar ekanman, yo‘l-yo‘lakay shu xususiyatni kashf etdim: Ilmiy kitoblarda aytilganiday, bu kimlik doxil bo‘lgan voqealarning unga sayqal berganini ko‘rmadim. Aksincha, bu kimlik o‘zi doxil etilgan voqealarga sayqal berishga intilganiga, agar bera olmasa, ulardan darhol uzoqlashganiga shohid bo‘ldim.
Despotizmning har qanday ko‘rinishiga muxolif edim. Hatto bu despotizm suyukli xalqdan kelsa ham. Bu kontekstda kamina inqiloblarga jismonan tarafdor bo‘lsam ham ruhan qarshi edim. Chunki inqiloblar o‘z tabiatida despotizmni tashir edi.
Tarixdagi inqiloblarning ko‘pi inson erkiga rahna soladigan, turli bahonalar (xalq manfaatlari birinchi navbatda) bilan hurriyatlarni cheklaydigan, hatto maqsad yo‘lida terrorni mashru' ko‘radigan bir hodisa ekanini ko‘ramiz.
Ammo boshqa tarafdan, inqilobdan ham dahshatliroq bir zulmdan qutulish uchun inqilob yagona yo‘l bo‘lsa, mazlumning inqilobga murojaat qilishga haqqi, bor deb o‘ylayman.
Diktator Karimovning o‘lkani davlat terrori bilan boshqargan yillardagi unga qarshi radikal chiqishlarimni aynan shu nuqtai nazardan oqlashim mumkin.
Shuur ostida uzun yillar jarayon etgan bu kimlik tadqiqi meni u qirg‘oqdan bunisiga uloqtirdi.
Bu ruhiy sargardonlik menga mudhish haqsizlik bo‘lib ko‘ringan surgun davri aslida buyuk ne'mat ekanini anglaganim kungacha davom etdi.
Surgun davrida men dinimni tanidim. Xususan, payg‘ambarlar tarixi mutolaasi dunyoga boqish nuqtamni boshqa bir istiqomatga tashidi. Payg‘ambarlar hayotining tashqi ko‘rinishidagi aql bovar qilmas soddalik, ma'naviy dunyosidagi boshni aylantiradigan teranlik meni lol etdi.
Muhammad Solih