Viloyat hokimi qabuliga kirmoqchi bo‘lgan fuqarolarni tuman hokimlari to‘xtatib qolmoqda
Andijonlik fuqarolardan birining aytishicha, u bir necha oydan beri viloyat hokimi qabulga kira olmayotir. Fuqaro omadi chopib uning qabuliga yozilgan taqdirda ham bundan xabar topgan tuman hokimligi vakillari bunga qarshilik ko‘rsatishadi.
Izboskanlik Nodira Mamajonovaning so‘zlariga ko‘ra, tuman hokimi Serobiddin Ismoilov xodimlariga aytib, bir necha marta ayolni qabul oldidan qaytarib yuborgan.
“4 yildan beri tuman hokimligiga yordam so‘rab murojaat qilaman. Sayyor qabulga 3 marta borib qaytib keldim. O‘zim ham, turmush o‘rtog‘im ham 2-guruh nogironimiz. Kam ta'minlangan, nogironligi bor fuqarolarga kir mashina, tikuv mashinasi kabi maishiy jihozlar berilyapti.
Bizni esa xatlovga ham qo‘shishmayapti. Yozmagan joyim qolmadi, hatto OAVlarda ham chiqdim. Murojaat qilaverganimdan hokimlikdagilar meni yomon ko‘rib qolishgan. Viloyat hokimining qabuliga ming urinsam ham kira olmayapman”, deydi ayol.
Har oyning so‘nggi shanbasida Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov murojaatiga o‘z tumanidagi hokimlik va davlat idoralarida yechim topa olmagan fuqarolarni qabul qiladi. Shu kuni viloyatning barcha yuqori tashkilotlari mutasaddilari tomonidan ham turli muammolar bilan kelgan aholi arzlari tinglanadi.
– Ayrim tuman-shahar hokimlari “keti” ochilib qolishidan qo‘rqibmi yo muammolarni kam qilib ko‘rsatish uchunmi, o‘z hududidan kelgan fuqarolarni viloyat hokimiga yaqin yo‘latmaslikka urinyaptilar. Hatto ayrimlari shotirlariga aytib, eshik yonidan zo‘rlab qaytarib olib ketgan kunlari ham bo‘lmoqda, – deydi qabulga kirmoqchi bo‘lib yurgan fuqarolardan biri.
70 yoshli Hasanboy Domlajonov viloyat hokimining qabuliga kiradigan kuni Xonobod shahri hokimi Mash'al Tojiboev tomonidan to‘xtatib qolingan. Faxriy o‘qituvchi qabulga kuzdan beri kirishga urinayotganini bildirdi.
– Yo o‘zi mening masalamga yordam ko‘rsatmaydi, yo Abdurahmonov oldiga borishimga qo‘ymaydi, – deydi fuqaro.
Andijon tumanida baliq hovuzi bo‘lgan tadbirkor Abdug‘ulom Turg‘unov yeri noqonuniy olib qo‘yilgani masalasida yordam so‘rab bormagan joyi qolmadi. Bir yildan buyon uning murojaatlariga Andijon tumani hokimligi jo‘yali javob qaytarmagan. Tadbirkor viloyat hokimining telegramdagi kanaliga bir necha bor xat yozgani, biroq xatlari javobsiz qolayotganini aytmoqda.
– Eplaganlar kirib, baholi qudrat muammosiga yechim topyapti. Lekin hokimga kira olayotganlar murojaat qilmoqchi bo‘lganlarning o‘ndan biri ham emas, – deydi u. – Men ham hokim bilan yuzma-yuz o‘tirib savollarimga javob olish niyatim bor edi. Afsuski, kira olmayapman. Qabulga yozilish institutga kirish imtihonlaridan ham qiyin bo‘lib ketdi.
Andijon viloyati hokimining 2021 yildagi ilk qabuli shu yilning 9 yanvar kuniga belgilangandi. Ammo, ochiqlanmagan ma'lumotlarga ko‘ra, shu kuni viloyat rahbari birortayam fuqaroni qabul qilmagan. Noma'lum muddatga qoldirilgan qabul, mana, bir oy o‘tsa-da, hamon o‘tkazilgani yo‘q.
Hokimlik axborot xizmati xabariga ko‘ra, shu oyning oxirida Sh.Abdurahmonov tumanlarda sayyor qabullar o‘tkazadi. Biroq hokim bilan yuzma-yuz gaplashib dardini aytish kimlarga nasib qiladi, kimlar eshikdan qaytariladi, bu hali noma'lum.
Eltuz.com