Asosiy mavzular
8 mart 2021

Ërqinoy qanday qilib millioner bo‘ldi?

(Rassom Tuz hikoyasi)

Bu qizning ismi Ërqinoy. 27 yoshda. 7 martda tug‘ilgan. U shu kunni yomon ko‘radi. Ortiqcha stressli kun. Hech qachon kerak bo‘lmaydigan finjon yoki o‘zi sevmaydigan isli suv sovg‘a qilinishidan bezgan.

Yumshoq o‘yinchoqlar¸ ayiq va quyonlardan nafratlanadi. Atirgul¸ xrizantema va gladiolusga allergiyasi bor. Allaqachon qog‘oz kitoblarni yig‘may qo‘ygan.

O‘qiydigan barcha kitobi sumkasidagi jajji kindelda mujassam. Faqat «Nina Ricci» degan frantsuz atir suvidan foydalanadi. Yurak shaklidagi yumaloq qirmizi shisha ustidagi oltin rang yumaloq qopqoqli bu parfyumning originalini yilda bir marta Dubay yoki Istanbulga borganida o‘zi sotib oladi.

Parfyum masalasida o‘ta konservativ. Ërqinoy Qozog‘istondagi Nursulton universiteti kimyo fakultetini tugatgan. Rangli ichimliklarga qo‘shiladigan pigmentlar bo‘yicha sanoqli mutaxassislardan biri.

Rangli ichimlik (reklama bo‘lmasin deb firma nomini aytmayman) chiqaradigan firmada laboratoriya boshlig‘i. Oyligi deyarli firma prezidenti oladigan oylikka yaqin (katta oylik).

Ërqinoy asli Buxoroning cho‘lga yaqin Olot tumanida tug‘ilgan. Ularning oilasini turkman deyishadi. Ammo pasportda o‘zbek yozilgan. Ërqinoy Toshkentda o‘zi sotib olgan kvartirada yashaydi.

U yashaydigan monolit betondan bo‘lgan uy Toshkentda yagona. Kosmonavtlar maydonidan pedinstitutga qayriladigan muyulishdagi baland bino.

Ërqinoy haqida hamma narsani aytdim shekilli. Ha-a, savolni tushundim. Ërqinoy yolg‘iz yashaydi. 7 yil oldin eri bilan xarakteri kelishmay ajrashgan. Bolasi yo‘q. Ërqinoy turkmanlarga xos baland bo‘yli¸ ko‘zlari katta-katta, emchaklari durkun qiz.

Otasi Ëvshon og‘a uni merolim deb chaqiradi. Merol – cho‘llarda yuradigan ko‘zi katta ohu. Ërqinoyning yaxshi oylik olishi¸ o‘z uyi va yangi to‘q ko‘k «Malibu» mashinasi ishsiz, kuchsiz, pulsiz erkaklarni magnitday o‘ziga tortadi.

Ammo o‘z vaqtida antierkak vaktsinasini tatib ko‘rgan Ërqinoy ularni bir ko‘rishda rentgen qilib, nima yaratiq ekanini aniqlaydi. Har holda Ërqinoy kimyogar ekanini esdan chiqarmaylik.

Ërqinoy tabiatan introvert. O‘z ichiga qamalgan odam. Empatiya yo‘q. Simpatiya ham. Ortiqcha hayajon yoki hissiy taloto‘mlardan xoli. Ko‘p vaqtini kimyo sohasida yozayotgan doktorlik ishiga sarflaydi. Shuncha gaplarni yozishdan muddao – bosh qahramon haqidagi tasavvur berish.

Xullas, bugun 7 mart. Butun tarmoq ayollar haqidagi chuchmal va didsiz komplimentlarga to‘lgan. Bulardan azbaroyi bezgan Ërqinoy 5 martdan to 10 martgacha o‘ziga dam olish sovg‘a qilishga qaror bergan edi.

7 mart kuni Ërqinoy qo‘liga fit bit soatini taqib yurishga chiqdi. Yo‘nalish odatiy. Kosmonavtlar xiyoboni. «Moviy gumbazlar» atrofidagi parkni kesib o‘tib to oldingi «Zarafshon» restorani yonigacha bordi.

Keyin burilib, Sayilgoh ko‘chasi bo‘ylab ketdi. Adliya vazirligi yonida ko‘cha rassomlari rasm chizib o‘tirar¸ ular atrofida esa yuzlab suratlar xaridor kutardi.

Darrov aytib qo‘ya qolay, Ërqinoy Sayilgoh ko‘chasidagi rasmlarni kitch va didsizlik namunasi deb bilib, oshkora bepisandlik bilan o‘tib ketardi. Bu safar aynan rassomlar oldiga kelganida qo‘lidagi fit bit soati jiringladi.

Odatda 10 ming qadam yurganida bu soat jaranglab, o‘z egasiga yulduzlar hadya etadi. Ërqinoy to‘xtab, soatdagi yulduzlar porlashiga maroq bilan tikildi. Shu payt Ërqinoy orqasida kimdir tikilib turganini his qildi.

Erkaklarning suqli qarashlari yoqmas edi Ërqinoyga. Ammo odatiga xilof ravishda ortiga o‘girildi. Ëshi 40 bilan 60 o‘rtasida deb taxmin qilishimiz mumkin bo‘lgan sersoqol bir juldirvoqi erkak qo‘lidagi rasmni ushlab, “shuni sotib oling”, deb mo‘ltirab turardi.

Ërqinoy avvaliga rasmning noodatiy katta romiga e'tibor qaratdi. 30 sm ga 40 sm rasm uchun bu zarhal rom juda katta edi. Rasm eskiday ko‘rinardi.

Quyuq moy bo‘yoqlari chaplamasiga ko‘zingizni qisib qarasangiz, qandaydir tovuqxona yonida quvalashib yurgan oq-qizil tovuqlar va bahorning bulutli osmoniga o‘xshash shamoyil ko‘zga tashlanar edi. Realizm uslubidagi o‘rtacha bir etyud.

“Buni siz chizmagansiz”, dedi Ërqinoy juldirvoqiga qarab. Juldirvoqi unga savol alomati bilan qaradi. Ërqinoy davom etdi: “Etyud chizilgan payt hali tug‘ilmagandingiz. Ranglar eskirganiga qaraganda, bu taxminan 1947 yillar atrofida chizilgan”.

Juldirvoqi rasmning teskari tarafini Ërqinoyga ko‘rsatdi. Qorayib ketgan xolstda «1946» degan yozuv turardi. “100 dollar”, dedi juldirvoqi. Ërqinoyning rasm sotib olish rejasi yo‘q edi. Shu bois, u yo‘lida davom etdi.

Juldirvoqi bo‘lsa sakson¸ yetmish¸ ellik deya Ërqinoy uzoqlashgan sayin narxni pasaytirardi. Ërqinoy yo‘lida davom etdi. Uni ortidan quvgan juldirvoqi kelib, rasmni uzatib, “yuz ming so‘m ber”, dedi.

Ërqinoy o‘zi istamagan holda qopchig‘ini ochib, yuz ming uzatdi. Juldirvoqi esa rasmni paketga solib, Ërqinoyga berdi. Qora va arzon yelim xalta.

Ërqinoy uyga kelib, yelim xaltani kiraverishdagi tumba ustiga qo‘yib dushga kirdi. Chiqib o‘ziga romashka choy damlab, ish stoliga bordi.

Ishlab o‘tirar ekan, g‘alati bir hid dimog‘iga urdi. Anordan bo‘lgan uksus hidiga o‘xshagan o‘tkir hid. Ërqinoy hidlar bo‘yicha mutaxassis ekanini ham eslash o‘rinli shu yerda.

Ërqinoy xuddi narkotik hidini izlagan kuchukday is manbaini tezda topdi. Bu g‘alati hid rasm solingan qora sumkadan kelayotgan edi. Ërqinoy rasmni sumkadan olib ish stoliga keltirib qo‘ydi.

Hid rasmning o‘zidan emas, ramkasidan chiqardi. Ërqinoy qo‘liga lupa olib, rasm ramkasiga sinchiklab qaradi. Ramka ikki qavat edi. Bo‘rtib chiqqan ustki qismi va o‘yma gulli ichki tarafi.

Ërqinoy qiziqib ketdi. Xolst tortilgan podramnikni ramkadan chiqarib oldi. Ramkaga tikilib qarab bir sinoatni angladi. Ramka aslida ramka emas, nimadir yashirilgan o‘ziga xos sandiq edi.

Ërqinoy bu sandiqning eshigini qidirib topdi. Kichik ilgich bilan mahkamlangan eshikcha. Ërqinoy eshikchani ochdi. Nimadandir taraddudlanib vannaga borib rezina qo‘lqop kiyib keldi. Ko‘ziga maxus ko‘zoynak taqdi. Pintsetni olib, ramkaning ichiga tiqdi.

Ramka ichida chor davrida zarb qilingan 10 so‘mlik bir nechta oltin tanga bor edi. Ërqinoy tanga ustidagi Nikolay Ikkinchi relefi va bu tarafidagi qo‘shqanot burgut shakliini lupa bilan ko‘zdan kechirdi. Telefoniga suratga olib kattalashtirib ko‘rdi.

Ramkaning ichidan vazelin qutisini eslatadigan dumaloq temir idish va og‘zi sirachlangan yam-yashil shisha bor edi. Birdan Ërqinoyning ko‘zi yana bir narsaga tushdi… Bu charm xalta edi.

Ërqinoy xaltaning ichini ochdi. Ichida o‘qlovning yarmisiday qora tsilindr bor edi. Xaltaning ichidan tushuniksiz imloda yozilgan xat ham chiqdi. Ërqinoy bu narsalarni rasmga olib, tarix bilimdoni bo‘lgan Tsyurixdagi do‘sti Xaynrixga yubordi. Sal o‘tmay javob keldi.

Xat yahudiylarniing eski ivrit tilida yozilgan edi. O‘qlovga o‘xshagan narsa esa fonografning ovoz saqlovchi tsilindri edi. Fonografni DVD deb o‘ylasak, o‘qlov uning diski edi. Buyuk ehtimolda bu o‘qlov o‘tmishdan kelgan ovozli maktub edi.

Tsyurixdagi tanishi qog‘ozga yozilgan maktubni qaytadan tiniq qilib suratga olib yubor, deb yozdi. Ërqinoy uch ob'ektivli ayfoni bilan ivrit tilidagi maktubni qayta suratga olib, Tsyurixga yubordi.

Ovozli maktubni eshitish uchun fonograf mashinasi kerak edi. Vazelinga o‘xshash temir qutini ochib bo‘lmadi. Usti sirachlangan yashil shishani maktublarni o‘qigandan keyin ochib ko‘rishga qaror qildi.

Ërqinoy soatga qaradi. 2021 yil 7 mart. Soat kunduzgi 11. Ërqinoy zal chetida turgan yugurish uskunasi ustiga borib turdi. Audio quloqchinni kiyib, qo‘lidagi telefonni uskunaning ustki tokchasiga qo‘ydi.

Bo‘yniga sochiqni tashlab, 1875 yili Parijdagi “Opera-komik”da o‘ynalgan 4 aktli «Karmen» operasini eshita boshladi. Prosper Merime novellalaridan iborat opera 18-asrdagi Ispaniya hayajonlarini jonlantirar edi.

Ërqinoy yugurish yo‘lakchasi tugmasini bosib, bir maromda yugura boshladi. Qulog‘ida esa opera sasi. Mana, Sevile shahri bosh maydoni. Sigara fabrikasining oldi. Daydilar u yoqdan bu yoqqa o‘tadi.

Mo‘ylovi buralgan shovvoz askarlar shop-shaloplarini shaldiratib yurishadi. Birdan bulutli osmonda quyosh chiqqanday Karmen paydo bo‘ladi. Tun kabi qop qora sochlar. Qizil albisa. Chaqnagan charos ko‘zlar.

Qadim ispan ohanglaridagi temperamentli musiqa yangraydi. Butun maydon go‘zal Karmen hukmronligidagi saltanatga aylanib ulgurgan edi. Birdan maydonga shovvoz sipohiy askar Xose chiqib keladi. Xose ariyasi bu sevgiga alyor edi.

Sahna almashadi. Karmen fabrikada isyon chiqarganlikda ayblanadi. Shovvoz askar Xose unga konvoylik qilib turmaga olib borishi kerak. Xose uchun askarlik qasamidan ko‘ra muhabbat ustun keladi.

Xose Karmenni qochiradi. Yuksak saslarda dovullar chalinadi. Vialonchel sasi yurakni timdalaydi…

Ërqinoy tugmani bosib yugurish yo‘lakchasini harakatdan to‘xtatdi. Quloqchinni yechib, sochiq bilan peshanasidagi terni artdi. Dushga kirib chiqib, yana xazina turgan stolga o‘tirdi.

Soat kunduzgi 12 bo‘lgan edi. Tsyurixdan xat kelibdi. Tsyurixdagi tarixchi Xaynrix ivrit tildagi xatni tarjima qilib yuborgandi. Ërqinoy qo‘liga aypadini olib, oromkursiga cho‘kdi.

Xat Ukrainadan Toshkentga evakuatsiya qilingan Yeleazar Davidson degan rassom tarafidan 1946 yili Sofiya degan noma'lum qizga atab yozilgan edi.

«Sofiya, azizim, sen bu xatni topganing va fonografda mening sasimni eshitganingdan mamnunman. Uyingda Edisson fonografi borligini bilganim uchun ham senga bu xatda ayta olmagan sirimni fonograf tsilindriga yozib qo‘ydim. Har ehtimolga qarshi.

Yana senga har biri 10 grammlik sakkizta oltin chervonetsni ham qoldirdim. Oltin do‘konga topshirib, oq non uchun talon olarsan. Qora non oshqozon yarasiga sabab bo‘ladi. Iloji bo‘lsa, bu oltinlarning hammasini xarjlamay, qora kunga asra.

Men ertaga Kattaqo‘rg‘onga ketaman. Toshkent xavfli bo‘lib qoldi. Bu etyudni Mingo‘rikda chizdim. Baribir ko‘rgazmaga olishmaydi. Kecha rasman meni formalizmda ayblashdi. Bundan keyingi qadam mening qamoqqa olinishim bo‘lishi mumkin.

Sen, albatta, fonograf tsilindriga yozilgan ovozimni eshit. U yerda muhim gap bor. Sofiya, xatni qanday tugatsam ekan? Sen bilan vidolashish uchun qaerdan kuch topsam ekan?

Mening senga bo‘lgan sevgimni ifoda qiladigan so‘zlarni insoniyat hali o‘ylab topmagan. Sening Yeleazaring. Toshkent, 1946 yil, Mingo‘rik».

Xatni o‘qib bo‘lib, Ërqinoy soatga qaradi. Soat 12dan 20 minut o‘tdi. 2021 yil 7 mart, Toshkent. Ërqinoy fonograf diskini qo‘liga olib tikildi. Toshkentda buni o‘qiydigan fonograf uskunasi bormi o‘zi?

Ërqinoyning Tsyurixdagi do‘sti Edissonning ishlaydigan fonografi toshkentlik fizik olim Fozil Oqchurin uyida borligini aniqlab telefon yubordi. Ërqinoy soatga qaradi. 12 yarim.

Oqchuringa telefon qildi. Olimning qizi telefonni oldi. Ërqinoy unga Tsyurixdagi tarixchi salomini otasiga yetkazishni so‘radi. Bir ozdan keyin Oqchurinning o‘zi Ërqinoyga telefon qildi.

Ërqinoy mashinasiga minib Toshkentning «Medgorodok» tarafidagi kottejlardan biriga bordi. Kottej eshigi oldida Fozil akaning o‘zi kutib oldi. Ërqinoy tsilindrni uzatdi.

Oqchurin ko‘zoynagini kiyib tsilindrni diqqat bilan kuzatdi. “Juda yaxshi saqlangan, a'lo”, dedi Oqchurin. Fonograf degan narsa uzun karnay va o‘qlov aylantiradigan mexanizmdan iborat narsa edi.

Fozil aka tsilindrni uskunaga o‘rnatdi. Karnayning mambranali ignasini aylanib turgan o‘qlov ustiga qo‘ydi. Shig‘g‘g‘ etgan sas chiqdi karnaydan. Keyin rus tilida gapirgan bir erkakning o‘ktam ovozi eshitildi.

Ërqinoy bu ovozni o‘z telefoniga yozib oldi. Oqchuringa rahmat aytib uyiga qaytdi. Soat o‘nta kam ikki bo‘lgan edi. Ërqinoy orom kursiga o‘rnashib o‘tirib, telefoniga yozib olgan ovozli maktubni qayta qayta eshitdi:

“Azizam Sofiya. Hayot murakkab va ba'zan o‘ta og‘ir. Agar men sening yoningda bo‘lganimda, bu mashaqqatni zimmamga olgan bo‘lardim. Afsus, o‘zimning ahvolim muallaq.

Barcha zamonlarda pul va boylik odamlarga hassa kabi yordam beradi. Ishon, bu yillar sabog‘i. Senga sovg‘a qilganim etyudni podramnikdan yechib ol. U yerda ustma ust ikki qat xolst tortilgan”.

Ërqinoy kartina chizilgan xolstni podramnikdan yechdi. Ovozli maktubda aytilganidek, kartina tagida yana bir qat mato, ya'ni xolst bor edi. Ammo xolst shunchaki kulrang bo‘yoq bilan bo‘yalgandi.

Ërqinoy ovozli maktubning davomini eshitdi: “Azizim, ramka ichidagi dumaloq temir qutini ko‘rdingmi? O‘shaning ichida maxsus pudra bor, shuni maktubning orqasiga sepib, o‘n daqiqa kut”.

Ërqinoy zanglab qapishib ketgan temir qutini bir amallab ochdi. Quti ichida sariq pudra bor edi. Ërqinoy qo‘liga rezinka qo‘lqop kiydi. Ivrit tilida yozilgan xatning orqa tomoniga sariq pudrani bir tekis sepib chiqdi.

10 daqiqa o‘tar-o‘tmas sariq pudra nimadir bilan reaktsiyaga kirishib, qizarib, ruscha yozuvga aylandi. “Usti sirachlangan yashil shisha idishdagi suyuqlikni podramnikka tortilgan mato ustiga to‘k”, deb yozilgan edi.

Ërqinoy aynan shunday qildi. Xonani anor sharbatidan bo‘lgan uskusga o‘xshash o‘tkir hid tutib ketdi. Mato ustidagi kulrang bo‘yoq oqib tushib, tagidan juda yorqin va o‘ta mayda detallarigacha aniq chizilgan tasvir chiqib keldi.

Tasvirda yahudiylar hayotiga oid tavrotiy bir sahna tasvirlangan edi. Sahro¸ habashu tuyalar va ular bo‘ynidagi oltin qo‘ng‘iroqlar o‘ta aniq va tarovat bilan tasvirlangan edi. Rasm burchagida imzo va sana yozilgan edi.

Rasmdan tarqalgan nur Ërqinoyning uyini yorishtirib yuborganday bo‘ldi. Ërqinoy o‘n minutcha hayrat va zavq bilan asarga tikilib turdi. Romantik akademizm uslubidagi bu asar 1909 yil chizilgan edi.

Ërqinoy bu asarni suratga olib, Tsyurixdagi tarixchiga yubordi. O‘n daqiqadan keyin Tsyurixdagi do‘stdan “nahotki”, degan bir kalima keldi.

Keyin esa u telefon qilib, bu asarning taniqli britan rassomi ser Lourens Alma-Tademaga tegishli ekanini bildirdi. Ërqinoyning qo‘lidagi bu asar Alma-Tedemaning xotini bilan ajrashgan paytdagi iztirobli kunlar mahsuli ekanini aytdi.

Tsyurixdagi tarixchiga ko‘ra, bu rasm kamida 35 million dollar turadi. Chunki bundan zaifroq asar kimoshdi savdoda 35 million dollarga o‘tgan yili sotilgan. Ërqinoy qo‘lidagi asar 1913 yilgi kataloglarga kirgan va yo‘qolib ketgan asar sifatida ko‘rilgan.

Ërqinoy soatiga qaradi. Soat 18 bo‘lgan edi. 2021 yilning 7 marti. “Qiziq kun bo‘ldi”, dedi xo‘rsinib Ërqinoy. 7 mart kuni u 27 yoshga kirdi. Ërqinoy taassurotlardan ancha charchagan edi. 8 mart kuni tabriklarni eshitmaslik uchun u telefonini o‘chirib qo‘ydi.

(Londondagi maxsus ekspertiza Ërqinoy egalik qilgan asarning asl nusxa ekanini aniqladi. Britaniya muzeyi bu asarni savdolashmay 36 million dollarga sotib olish istagini bildirdi. Ërqinoy bu pulga Qozog‘istonning Ostona shahrida kimyo laboratoriyasi ochadi va «Forbs» ro‘yxatiga kirgan olotlik ilk millionerga aylanadi).

Ërqinoyga bu xazinani ato qilgan rassom Yeleazar Davidson 1946 yili “yahudiylar ishi” bo‘yicha qo‘lga olinib, uzoq muddat qamoq jazosiga hukm qilingan. Davidson 1951 yili Yangiyo‘l turmasida kasallanib olamdan o‘tgan. Qabri noma'lum. Qarindoshlari qolmagan.

Sofiya Rozenblat 1946 yili Toshkentda sildan o‘lgan. Qabri noma'lum. Qarindoshlari qolmagan. Ërqinoyga kartinani 100 ming so‘mga sotgan juldirvoqi kimligini aniqlab bo‘lmadi. Sayilgoh ko‘chasidagi rassomlar uni tanimasligini aytishdi.

Hikoya real voqeaga asoslandi va bu rassom Tuzning barcha xotin- qizlarga bayram sovg‘asi

Tag‘in o‘qing
25 fevral 2021
(Muhammad Solih audiokitobining davomi) Askarlikdan qaytganimda bir milliyatchi edim. Ammo ikki yil davomida o‘qiganim butun adabiyotlar rus tilida edi. ...
22 aprel 2020
Bugun – Xalqaro Yer kuni. Amerikalik reper va komik Lil Diki «Yer» (Earth) deb nomlangan animatsion klipida 30 dan ...
4 may 2021
“Abdulla G‘arip Prodakshn”, rassom Elsevar, rassom Tuz va “Eltuz” yangi siyosiy satirik animatsion filmlar turkumining uchinchi qismini taqdim etadi. ...
4 avgust 2016
O‘zining mashhur «Abdullajon» filmi bilan tanilgan o‘zbek kinorejiseri Zulfiqor Musoqov o‘zining feysbudagi sahifasida Televidenie orqali tsenzura qalingan filmi yuzasidan ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...