Asosiy mavzular
16 mart 2021

Imperativ-13. Moskvada kechgan hayotim haqida

(Muhammad Solih audiokitobining davomi)

Adabiy hayotim ba'zan zid qutblarda jarayon etdi. Xususan, 1977-1979 yillarda Moskvada boshdan kechirganlarim o‘zimni, insonlarni va millatimni tanish uchun yana bir fursat bo‘ldi…

1977 yilda birinchi she'riy to‘plamim – «Beshinchi fasl» nashr etildi. Yangiyo‘l bosmaxonasida bosilgan edi. Esimda bor, Rauf Parfi bilan kitobning «nazorat nusxasi»ni olish uchun Yangiyo‘lga borganmiz. May oyi edi, havo go‘zal edi. Bosmaxonadagilar uzoq kuttirib, nihoyat bir nusxa sovg‘a qilishdi.

Rauf aka xuddi o‘z kitobi chiqqanday sevingan edi.

Naqadar xokisor qalb egasi edi bu inson!

Bu kitobcha soyasida meni SSSR Yozuvchilar uyushmasiga a'zolikka qabul kilishdi. Bu imtiyozdan foydalanib, Moskvadagi Oliy adabiyot kurslariga bordim. Kursda o‘qish davomida oyda 150 rubl maosh berishardi. Bu o‘sha zamon standartlariga ko‘ra yaxshi pul edi. Kamina bu maosh bilan Toshkentdagi oilamni boqdim, bu sir emas.

Rus intelligentsiyasi menga bizdan ham mazlumroq ko‘rindi. Bizdagi kabi ikkiyuzlilik, qo‘rqoqlik, laganbardorlik, samimiyatsizlik hokim edi rus jamiyatida. Moskva juda katta shahar, bir nurli yuz ko‘rish amri mahol edi.

Sovet rejimi haqiqatan ham bir Homo Sovieticus yaratib bo‘lgan edi 70-yillarda.

Kursda birga o‘qiganim Yuriy Smirnov degan rus shoiri o‘lgan edi. Uning janozasi tasviri:

«Hamma yig‘lar o‘likdan boshqa» (1978)

Bu to‘rt kalima yana o‘sha pessimistning ironiyasi edi. Agar Smirnov musulmon bo‘lsaydi, bu satr «Marhum eng go‘zal makonga uchdi, shu bois u yig‘lamaydi. Biz esa badbo‘y Moskvada qoldik, holimizga yig‘layapmiz», deya yo‘rimlanishi mumkin edi.

Ammo unday emas. Bu yerda o‘likning yig‘layotganlarga nisbatan «samimiyligi» ko‘rsatilgan. Janozada o‘lik bizdan samimiyroq edi.

Ammo men san'atdan ko‘ra ichimdan chiqarolmaganim o‘zbek jamiyati mubtalo bo‘lgan o‘sha «pastkashlik kompleksi»ning davosini mushohada qilardim.

Kursda totor birodarim, Totoristonning taniqli dramaturgi Robert Batullin, qozoq yozuvchisi, qardoshim Sotimjon Sonboy bilan aynan o‘sha “xastalik” haqida muhokamani boshladik.

Bu jigarlarim ham o‘z qavmlarining mazkur xastalikdan muztarib ekanini hech bir komplekssiz ifoda etardilar. Bu xasta ko‘ngillarga tasalli bo‘lsin deb Robert Batullin birodarimiz o‘z xonasining devoriga katta SSSR xaritasini osib qo‘ygan edi. Tasalli xaritaning tepasida edi.

Birodarimiz xarita tepasidagi «SOYuZ SOVYeTSKIX SOTsIALISTIChYeSKIX RYeSPUBLIK» yozuvini bo‘yab, ustiga «VYeLIKAYa TYuRKSKAYa ZYeMLYa» jumlasini yopishtirib qo‘ygan edi. Xaritadagi yerlar rusniki, xarita bizniki edi. Biz faqat xaritalar bilangina faxrlanar edik. Bu shu qo‘lbola «TURK DUNYoSI» soyasida ikki yilimizni kechirdik.

Bu asnoda yozuvchi Murod Muhammad Do‘st bilan tanishdik. U Maksim Gorkiy nomidagi Adabiyot institutining oxirgi kurslarida o‘qirdi. Uni Toshkentda hech uchratmagan edim.

Durust inson edi, yolg‘onchi emasdi. Durustligini tejab, zarur bo‘lgan joylarda ishlatardi.

Kinoyachi edi. Faqat boshqalarga emas, ba'zan o‘ziga ham kinoya qilishga farosati yetadigan yigit edi.

U bilan adabiyotni, xususan, nasrni muhokama qilardik chuqur ketmagan holda. Adabiy qarashlarimiz farqli edi. Tortishib qolishdan imtino qilardik. Bizlar ham butun o‘zbek irqi kabi istiholachi edik.

Mavzu jiddiylashib boshlasa, darrov undan uzoqlashib, Floberning keng shimini mutoyiba qilardik. U o‘ziga tengdosh yozuvchilarga nisbatan ancha savodli edi, adabiy qarash yelpozasi o‘zbek nosirlarinikidan kengroqdi.

Masalan, oshnosi Erkin A'zam uchun «kumir» bo‘lgan gurji yozuvchilari uning uchun bunday qiymatga ega emasdi. Nima o‘qishni bilardi. Mashinkasiga A-4 formatli «bumaga» o‘rniga g‘altakka o‘ralgan rulonli qog‘ozni yerlashtirib, konveyer usulida bosardi yozganlarini.

Kayfiyati yaxshi bo‘lsa, oshnolariga «do‘st» deb murojaat qilardi. “Ta'bi tirriq” bo‘lsa, do‘stiga “oshno” deb murojaat qilardi.

Yozgan matnlarning tili ravon edi. Hafif yumor, hafif ayyorlik (quvlik), dramatizmdan uzoq, sokin bir uslubda yozardi.

Yanglishmasam, “Galatepaga qaytish” qissasini o‘sha yerda joylashgan Adabiyot instituti yotoqxonasida yozgan edi. Bu qissa o‘zbek adabiyotshunosligi tarafidan jiddiy asar o‘laroq baholandi. Undan keyin yozganlarini o‘qiy olmadim.

Dobrolyubov ko‘chasida ayni binoda istiqomat qilardik: Murod 5-qavatda, kamina 7-qavatda.

Murod talantli yozuvchigina emas, talantli oshchi ham edi. Men bunday ishlarda uquvsiz bo‘lganim uchun ko‘p hollarda Murodning «mehmoni» bo‘lardim. Fursatdan foydalanib, haqqini halol qilishini so‘rayman undan.

Toshkentga qaytib, siyrak uchrashadigan bo‘ldik. Ijaraga olgan uyida bizga bir yemak ikrom etgandi. Yanglishmasam, davrada Tog‘ay Murod ham bor edi. Keyin toki I.Karimov O‘zbekiston kompartiyasiga birinchi kotib bo‘lib kelganiga qadar Murod bilan ko‘rishmadik yoki ko‘rishsak ham eslay olmayapman.

Yo‘llarimiz ayrilgan edi.

(Davomi bor. Imperativ, 2020 yil, Istanbul)

Tag‘in o‘qing
12 iyun 2017
Aholini parrandachilik, chorvachilikka keng jalb etish, tomorqalarda issiqxonalar yaratishga undash O‘zbekistonda endigina hukmronlikni qo‘lga olgan Shavkat Mirziyoevning ilk tashabbuslaridan ...
25 mart 2021
(Muhammad Solih audiokitobining davomi) Agar haykaltarosh uzoqni ko‘ra oladigan san'atkor bo‘lsa, u yaratgan haykallar ham uzoq-uzoqlarga qarab turadi. Bordiyu ...
6 noyabr 2023
Gitlerga oshiq bo‘lish yigirmanchi asrda qolib ketgan ruhiy anomaliya deb o‘ylardim. Nemis xotinlari Gitler gapirganda hayajondan siyib tashagan. Yigirma ...
16 sentyabr 2022
Xitoyning demokratik o‘zgarishlar va Sharqiy Turkiston Ozodlik harakatiga qarshi kurash vositasi sifatida tuzilgan bu shubhali tashkilot keyinroq Rossiyaning imperiyachilik ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...