Asosiy mavzular
7 aprel 2021

“G‘oya muallifi Shavkat Mirziyoev” yoki plagiatlarga jazo bormi?

Samarqandlik yozuvchi va jurnalist Karimberdi To‘ramurod faceebook sahifasida uning asarlarini o‘g‘irlab, o‘z nomidan e'lon qilayotganlarga hech qanday chora ko‘rish imkoniyati bo‘lmayotganidan shikoyat qildi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, “Sehrli kecha”, “Sirli kecha”, “Qadr kechasi” hikoyalarini o‘z nomidan e'lon qilgan Muhammad Amin va Umida Jo‘raevadan xafa bo‘lib o‘tirganida, bir kishi bu hikoyalardan birini “Azon TV” kino ham qilganini yozgan. Bunga keyin o‘zi ham amin bo‘lgan. 

“Azon TV” rahbariga telefon qilsa, u hikoya muallifi kimligidan bexabarligini, ammo kinoni stsenariysini o‘zim yozdim degan, o‘zi suratga olib, o‘zi bosh rolni o‘ynagan, ayol rolini ham kimidir bo‘lgan Tamara Mirmahsudovaga o‘ynatgan Bahodir Mirmahsudov olganini aytgan.

“Nima qilay, kimni sudga beray? “Azon TV”nimi, Bahodir Mirmahsudovnimi?” qabilida post qoldirdi yozuvchi.

Karimberdi To‘ramurodning “Eltuz”ga ma'lum qilishicha, ko‘chirmakashlik holatiga birinchi marotaba duch kelishi emas. U ortiqcha dahmaza va yugur-yugur tufayli plagiatlarni sudga berishdan charchagan.

– “Jiyda guli” ko‘p qismli seriali stsenariysini men yozganman, – deydi Karimberdi To‘ramurod. – Ammo u uchun bir so‘m pul olmaganman. Serialni suratga olish ishlari Urgutda bo‘lgan. O‘zim yordam berganman, joylarigacha, aktyorlarning ovqatlanishi-yu, boshqasigacha qarashganman. Ish bitgandan so‘ng menga bir so‘m tegmagan. Film ijodiy guruhi rahbariyati ustidan ariza yozib Intellektual mulk agentligiga borsam, ular uni olib keling, buni olib keling, deb bir dunyo hujjat ko‘rsatdi. Keyin shuncha yugur-yugur samara berarmikin, deb indamay qo‘ya qoldim.

Yozuvchining aytishicha, rejissyor Hilol Nasimov ham uning “Yo‘qolgan ona” hikoyasi asosida film suratga olgan. Faqat unda qahramon ona emas, ota bo‘ladi. 

Muallifning ta'kidlashicha, syujet, dialoglar bir xil. Ish bo‘yicha sudga murojaat qilganida, “ikkalasi ikki xil – birida ona, birida ota haqida gap ketyapti” qabilida javob berishgan.

“O‘zbek qonunchiligida eng yengil jazo o‘g‘riga beriladi, – deydi yurist Istam Qalandarov. – Jazoni o‘tash jarayonida ham, avvalo, o‘g‘rilar amnistiyaga tushishi belgilangan. 

Intellektual mulkni o‘zlashtirish uchun qamoq jazosi belgilanmagan. Bunda aybdor faqat ma'muriy javobgarlikka tortilishi ko‘rsatilgan. Mualliflik huquqlarini va turdosh huquqlarni himoya qiluvchi ayrim hujjatlarda esa muallif manfaatlari yetarli darajada himoya qilinmaydi. 

Buni zimmasiga olgan tashkilotlar arizachini sarson qilishdan nariga o‘tmaydi. Shuning uchun aksar hollarda masala ikki tomonning o‘zaro kelishuvi bilan hal bo‘ladi”.

Karimberdi To‘ramurod o‘zining “Urgutda bir chinor bor” hikoyasini ko‘chirib, “Ilhaq” filmi uchun stsenariy yozgan jurnalist Hasan Toshxo‘jaev ustidan ham biror tashkilotga arz qilmaganini aytdi.

Uning bildirishicha, hikoyasidagi voqealar filmdagi bilan aynan bir xil. Bu hikoya yozilganiga ancha yillar bo‘lgan. Ko‘chirmakash Hasan Toshxo‘jaevdan bu haqda so‘rashsa, Karimberdi To‘ramurod kim, tanimayman, degan. 

“Yaqinda uning o‘ziga 2013 yil menga yozganlaringizni mehr bilan o‘qiyman, deb yozgan xatlarini yubordim, – dedi Karimberdi To‘xtamurod. – Demak, u yozganlarimni sidqidildan o‘qirkan-u, o‘zimni yodimdan chiqarib qo‘yibdi-da.

Mening ham boshim bitta, bu filmni sudga berolmayman. Chunki filmda “g‘oya muallifi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev”, deb yozib qo‘yilgan. “Eltuz” ham “Jiji” hajviyamni multfilm qilgan. Murojaat etganimizda buning muallifi boshqa kishi, biz uning o‘zidan ruxsat olganmiz, degandi”.

O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a'zosi, shoir Amir Xudoyberdi yozgan “Devonalarmiz” she'rini ham havaskor shoir o‘g‘irlab, O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaga pullagani shov-shuv bo‘lgandi.

“She'r 1990 yilda yozilgan edi, – dedi Amir Xudoyberdi. – 2008 yilda “Oydin lahzalar” kitobimga kiritilgan. Uni Toshkentda yashab ijod qiladigan arman yigiti o‘zim yozdim, deb Yulduz Usmonovaga pullagan. 

Qizim va shogirdlarim bu she'rning muallifi men ekanimni keng jamoatchilikka isbotlab berdi. U shoir bola bilan ham gaplashib qo‘yishgan. Ochig‘i, u bolani sudga berish yoki ustidan shikoyat qilishni o‘zimga ep bilmaganman. 

Eshitishimcha, arman millatiga mansub bu yigit islom dinini qabul qilib, Abdurahmon taxallusi bilan ijod qilayotgan ekan. Yulduz Usmonova ham ko‘p davralarda bu she'r mening qalamimga mansubligi aytgan. Menga ma'lum miqdorda qalam haqi ham to‘lagan.

“Eltuz” muxbiri Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi matbuot xizmati rahbari Feruz Jo‘raev bilan bog‘landi. Uning aytishicha, muallif ariza bilan murojaat qilib, so‘ralgan hujjatlarni taqdim etsa, ish mutaxassislar tomonidan o‘rganilib, ko‘chirmakashlikda ayblanadigan tomon jarimaga tortiladi. Jarima miqdori holatga qarab belgilanadi.

Avvalroq Sherali Jo‘raevning ashulasini buzib va ko‘chirib aytdi, degan ayb qo‘yilgan Nasafiyga bazaviy hisoblash miqdorining uch barobari (669 ming so‘m) miqdorida jarima belgilangan edi.

Tag‘in o‘qing
8 oktyabr 2022
Qizlar ro‘mollarini yechib, havoga silkitib, ularni tinchlantirish uchun kelgan davlat amaldorlariga norozilik bildirishmoqda. Eron shahar maydonlarida paranjilar, hijoblar yechilib, ...
16 oktyabr 2018
Urganch tumani hokimi Otabek Bekchonov 15 oktyabr kuni ishdan olindi. Uning ishini hozirgi paytda hokimlik mulozimi Qudrat Rajabov vaqtincha ...
9 aprel 2021
Bundan 9 kun oldin muttasil kaltaklash ortidan molxonada osilgan holda topilgan homilador kelin Muxlisa Qadamboeva mavzusi 9 aprel kuni ...
27 aprel 2017
Karimov nomini abadiylashtirish qarori bo‘yicha tanlov yakuniga ko‘ra, haykaltarosh Ilhom Jaborov uning haykalini barpo qiladigan bo‘ldi. U ilgari Amir ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...