“Vaqtincha ijara”ga olingan archalar prezident ketgach egalariga qaytarildi
Samarqandning Qorasuv massividan o‘tuvchi yo‘l chekkasiga “ekilgan” archa ko‘chatlarini mahalliy hokimlik prezident tashrifidan keyin egalariga qaytardi.
“Eltuz”ga Samarqandda plastik qopga solingan ko‘chatlar yo‘l chetida kavlangan chuqurlarga tashlab qo‘yilgani aks etgan video va rasmlar jo‘natildi.
“Xayriyat, bu safar hokimlikdagilar insof qilib ko‘chatlarni egalariga qaytarishibdi. Odatda qaytarishmasdi”, deya izohladi tarmoq yuzerlaridan biri voqeani.
Prezident Shavkat Mirziyoev 15 aprel kuni Samarqandda bo‘lgan, jumladan, Imom Buxoriy majmuasi qurilishini borib ko‘rgan edi.
“Vaqtincha ijaraga olingan archalar” voqeasi mahalliy hokimliklarning prezident kelishi munosabati bilan qo‘llaydigan ko‘zbo‘yamachiliklariga bir misol, xolos.
Bu kabi ishlar O‘zbekistonning oldingi prezidenti Islom Karimov davrida an'anaga aylangan edi.
Qurigan archalar, maysalarni yashilga bo‘yash, daraxt novdalariga sun'iy gul qadash, daladagi bo‘sh chanoqlarga paxta yelimlab chiqish, ishlamaydigan sun'iy issiqxonalar qurilishi voqealari o‘z vaqtida katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgandi.
Eltuz.com