Imperativ-23. Ruxsat berilgan g‘urur
(Shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobining 23-qismi. Matnning audioversiyasini muallifning o‘zi o‘qigan. Audiokitobning boshi va oldingi qismlari “Eltuz»ning “Imperativ” ruknida. Davomi bor.)
Rus KGBsining muxbiri Yu.Krujilin o‘zining mashhur «Dvoynoy standart chestnogo Muxammada» sarlavhali maqolasida bunday deb yozadi bu she'r haqida: «Yest i trete, navernoe stol dorogoe yemu, chto napechatal srazu v dvux jurnalax: «Molodoy smene» i « Zvezde Vostoka»: «Ne bey lejachego…kak nikak pokoynik…on pogib ne ot rыbey kosti…ot xorugva drevko zastryalo drevko…on upal zaputavshis v znameni i xorugvi». Lyubeznыy serdtsu Salixa «lejachiy» – otets natsii, poxoronennыy pyat let nazad… kotorogo eta samaya perestroyka vыvela na chistuyu vodu!»(«Pravda vostoka»,15 dekabrya 1988 goda)
KGB jurnalisti “otets natsii» (“millat otasi») deb 1983 yil o‘lgan Sharof Rashidovni ko‘rsatyapti va M.Solihni ochiqchasiga «rashidovchi» e'lon qilyapti. Zamon «rashidovchi» tamg‘asi ham tahlikali tamg‘alardan biriga aylangan zamon edi.
Agar bu she'r Rashidovga emas, Amir Temurga bag‘ishlanganini bilsa edi, Krujilin yana-da baxtiyorroq bo‘lardi. Ammo KGB tahlilchilarining she'riy taxlil zakovati bu nuqtaga yetmadi shekilli.
Ammo voqeaning qiziq nuqtasi shuki, xalqchil shoir Abdulla Oripovga «Rashidovga ko‘p sig‘inavermang», degani uchun shoirning abadiy adovatini qozongan bir antikommunistga kutilmaganda «rashidovchi» tamg‘asi urilishi taqdirning kinoyasi edi. Ayni paytda, haqiqatan ham Rashidov tirikligida undan nafratlangan, ammo o‘lgandan keyin unga achingan ham kamina edi.
Tirikligida uning tovonini yalab, o‘lgandan keyin «Rashidov bizni gipnoz qildi», deya ko‘zyoshi to‘kkan razil timsohlarni ko‘rib, «endi men rashidovchi»man, deb yuborishiga sal qolgan g‘azabnoq kimsa ham men edim.
Bu kayfiyatimni 1989 yil 15 aprel kuni Agrosanoat saroyi minbaridan turib ifoda etgandim:» …Brejnev zamonida oshig‘i olchi bo‘lganlar “Brejnevning qurboniman”, deb jar solmoqdalar. Rashidov qozonini yalagan ular, «Rashidov meni ta'qib etdi», deya bizdan mukofot kutmoqdalar. Ammo Stalin mayib etgan, Brejnev haqorat etgan, Rashidov tazyiq o‘tkazgan insonlar chekkada jim turishibdi. Ular uyatdan, chidab bo‘lmas uyatdan yerga kirishga tayyor bo‘lib bir chekkada turishibdi. Bu ikkiyuzlamachi, firibgar guruh qarshisida ular ojizdirlar. Zero, to‘g‘rilik o‘zini himoya etolmaydi. To‘g‘rilik o‘zini oqlamaydi, u “men xo‘rlangan edim”, deb nolishdan or qiladi»… (Video qaydidan olindi)
RUXSAT BYeRILGAN G‘URUR
Bu madhiyachi shoirlarning suyukli yo‘lboshchisi Moskvaning Toshkentdagi aborigen vassali shoiru shuaroga goh-gohida Moskvadan mujda keltirardi.
U to‘plangan «o‘zbek intelligentsiyasining gullari»ga qarab: «Ey azizlar, sizlarga xushxabar keltirdim, o‘zbekdan to‘ppadan-to‘g‘ri g‘ururlanishga eng tepadan ruxsat oldim, istagancha g‘ururlaninglar, azizlarim!» derdi yuzlari porlab.
Kommunistik saroyning hashamatli zalida gulduros qarsaklar yangrar va bosh vassal to‘xtatmaguncha yangrashda davom etar edi.
Bu RUXSAT BYeRILGAN G‘URUR so‘ng 50 yillik vassallik tariximizda «O‘ZBYeKNING MILLIY G‘URURI» o‘laroq qayd etildi.
Moskvadan olib kelingan bu «g‘urur»ga o‘zbekning qadim do‘ppisini kiydirib, uni mashro‘lashtirish uchun keng kampaniya boshlatildi mamlakatda.
«Men dunyoda har narsadan qadimman, men o‘zbekman!» degan hayqiriqlarga qo‘shni Qirg‘izistondan, qo‘shni Qozog‘iston, Turkmanistondan aks sadolar qaytib keldi. Qardoshlarimiz ham olgan edilar bu g‘urur iznini. Va butun mintaqada G‘URUR musobaqasi boshlandi.
G‘ururni baland qilish uchun o‘zlarining JUDA QADIMligini isbotlash kampaniyasi boshlandi so‘ngra. Odam Ota qirg‘iz edi, deya hayqirdi qirg‘iz qardoshlarimizdan biri. Unga qarshi boshqa biri Momo Havvo bizning millatdan edi, deya qarshilik qildi.
Lekin hech kim bu manqurtlarga bizning Vatanimiz TURKISTON, ajdodimiz esa TURK ekanini aytmadi. Bizni har ikkisini ham unutgan to‘dalarga aylantirgan edi bolshevik rejimi.
Bu «milliy g‘urur»larimiz ruslar qarshisidagi bizning pastkashlik kompleksimiz edi.
Ammo bu kompleksdan qutulish uchun chirpinayotgan bir ozchilik ham bor edi o‘lkada.
Qullik zanjirini shaldiratishga jur'at etayotgan bir ozchilik bor edi. Ular tom ma'noda ozchilik edi.
Ziyo Ko‘palpning Sovet Ittifoqida taqiqlangan «Turkchilik asoslari» kitobini 5 kishi uchungina tarjima qilishdan qaytmaydigan ozchilik…
Quyida shu OZChILIKka bag‘ishlangan qasida:
TURKISTON
Har bir soniyada yuz bor tintilgan,
Yuz bor so‘roqlangan shappatday diyor.
Senmi, hali o‘sha ko‘kka intilgan,
Senmi, qorong‘uda axtargan ziyo?
Farovon hayotdan noshukur banda
Non emas,
Erk haqda kuylagan senmi?
Yomon otli bo‘lib hammaga bunda
Yana hamma haqda o‘ylagan senmi?
Senmi, tutib qolgan Adl qamchisin,
Senmi, haq jazoga xalaqit bergan?
Senmi, nishon olgan ko‘z yosh tomchisin,
Senmi, hali o‘sha takabbur mergan?
Senmi hamon bo‘yinsunmagan bo‘yin,
Qaqragan lablarning ol qahri – senmi?!
Qullar sahrosida ko‘tarib quyun,
Hech ne ko‘rmaganday, lol dahriy senmi?
Soqchi uyquda deb umid-la boqqan,
Qochishni ko‘zlagan senmi piyoda?
Bu og‘ir zanjirni shaldiratmoqqa
Jur'at etgan senmi jimjit dunyoda?!
A-ha, senmi?!.» (1985)
«Olis tabassum soyasi» (1986)
Muhammad Solih