Asosiy mavzular
7 iyun 2021

Imperativ-31. Turk dunyosi uchun umumiy til haqida

(Shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 31-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan. Davomi bor.)

Albatta, bu orzuga erishish uchun amaliy odimlar otish kerak. Sertuyg‘u nutqlardan amaliy loyihalarga kechish payti keldi ortiq. Turk dunyosi bizdan buyuk birlashuv jarayonini boshlab berishimizni kutmoqda.

Sovet Ittifoqi parchalanganidan so‘ng turk dunyosining integratsiyasini boshlash uchun ajoyib imkoniyat tug‘ilgan edi, ammo biz undan foydalana olmadik. Har yili o‘tkaziladigan turk dunyosi kongresslari madaniy va ijtimoiy nuqtai nazardan yaxshi boshlangan edi, ammo bundan ortig‘iga harakat qilmaslik, «AQSh nima deydi, Rossiya nima deydi?» degan xavotir bilan aniq loyiha va siyosiy qarorlar qabul qilinmasligi natijasida 90-yillar boshlarida moda bo‘lgan “Adriatikadan Xitoy devoriga qadar” shiori bugunga kelib turk dunyosi integratsiyasiga muxoliflar tarafidan masxara qilinadigan mavzuga aylandi.

Biz, turk integratsiyasi tarafdorlari, 90-yillar boshidan beri doimo bir xil narsani ta'kidlab keldik: Bu yirik loyihaning amalga oshirilishi uchun kerak bo‘lgan birinchi shart turk dunyosi uchun umumiy til bo‘lishidir.

Bu til hech bo‘lmaganda quyidagi xususiyatlarga ega bo‘lishi lozim: 250 milliondan ortiq aholisi bo‘lgan turk dunyosi gapira oladigan va bir-birini osonlikcha tushunadigan, hayotimizning barcha sohalarida, ilm, fan, siyosat, ijtimoiy hayotda, madaniyat, din va qolgan barcha jabhalarda o‘zimizni shaxsiy va ijtimoiy darajada ifoda etish qobiliyatiga ega, lug‘aviy boy, lingvistik nazardan zarif bir til.

Albatta, bizning barcha lahjalarimiz boy va zarifdir. Ozarbayjon shevasida yozgan Nasimiy va Fuzuliy she'rlari, qozoq lahjasida yozgan Abay va shoirlar tilini, turkmanning buyuk shoiri Mahtumquli lahjasini, chig‘atoy (o‘zbek) lahjasida yozgan Navoiy yoki «Manas» dostoni yozilgan qirg‘iz lahjasini boy va ko‘rkam emas, deb kim ayta oladi?!

Umumiy til yuqorida aytib o‘tilganlardan tashqari yana bir muhim xususiyatga ega bo‘lishi kerak. Bunday til dunyodagi turkiy qabilalar (xalqlar) tomonidan eng ko‘p ishlatiladigan, keng tarqalgan va amalda qo‘llash oson til bo‘lishi shart. Bizda bunday til bor. Bu til Turkiya turklari gaplashayotgan lahjadir, yanada to‘g‘rirog‘i Istanbul turkchasidir.

Dunyodagi taqriban 250 millionli turk nufuzining yarmidan ko‘pini o‘g‘uz lahjasida gapiradiganlar tashkil etadi. Bu nufuz 85 million kishi o‘laroq Turkiya boshchiligida, ozarbayjonlar (Eron ozarbayjonlari), turkmanlar, qrim turklari, gagauz (ko‘kog‘uz)lar, xorazmliklar (O‘zbekiston) va boshqa qavmlar bilan birga taxminan 150 millionga yetadi.

Turkiya turkchasi dunyoda keng tarqalgan tillar orasida yettinchi o‘rinda turadi. Turkiya turkchasi bugun Amerika, Osiyo va Afrika qit'alarida o‘qitilmoqda va o‘rganilmoqda. Ya'ni turk dunyosi uchun «turk esperantosi»ni uydirishimizga hojat yo‘q.

Turkiya turkchasi turk dunyosining umumiy tili bo‘lishiga loyiq tildir.

Muhammad Solih

Tag‘in o‘qing
9 iyun 2017
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi ijodkorlar uyushmasi talabi bilan poytaxtdagi Rassomlar uyida buzish ishlari vaqtinchalik to‘xtagan bo‘lsada, buning dushanba kunidan davom ...
31 mart 2016
Unda chop etilgan bitta lavhachaga ko‘zimiz tushib, gazetaning saviyasi qanchalik ekani to‘g‘risida o‘zingiz xulosa chiqaring, degan ma'noda uni deyarli ...
19 iyul 2018
O‘zbekistonning «Sevimli» telekanalida 15 iyul kechki payt ko‘rinib ketgan seks sahnasi haqidagi malomatlar ijtimoiy tarmoqda hali ham tingani yo‘q. ...
5 dekabr 2016
2 dekabr kuni Urganch Suvratlar galereyasi bosh muxofizi Shirin Tosheva galereyada O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati (MXX) tomonidan tekshirishlar bo‘lgani ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...