Gazsiz qolgan bobo meningitga chalingan nabirasi uchun qayg‘urmoqda
Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanidagi Boytish mahallasida yashovchi Shomirza Rixsiboevning xonadonida 7 oydan buyon gaz yo‘q.
– Kunlar sovib ketdi. Uyda ham choponda yuribmiz, – deydi Shomirza Rixsiboev. – Bahor ham sovuq keldi, nabiralarim har ikki kunda shamollab chiqdi. 11 yoshli nabiram sovuq uyda yotib qolganidan surunkali kasallikka chalindi. Hozir meningit tashxisi bilan shifoxonada yotibdi. O‘tin olib pechka yoqaylik, desak, bunga ham qurbimiz yetmayapti. Pechkalar ham qimmat. Gazni yoqishni iltimos qilib ikki-uch marta hokimlikka bordik, ular ham odamning ustidan kulganday ikki kungina yoqib berishadi.
“Eltuz” muxbiri holatni o‘rganish maqsadida Toshkent viloyati gaz ta'minoti rahbariyati bilan bog‘landi. Ular qarzdorligi bor xonadonlarga gaz bermaslik topshirig‘i borligini bildirishdi.
– Ushbu xonadonning gazdan 2016 yilga qadar 4 million 600 ming so‘m miqdorda qarzi bo‘lgan, – dedi “Eltuz” bilan gaplashgan mulozim. – 2020 yil kuzida to‘lash sharti bilan xonadon gazi uzilmagan. 2021 yil aprel oyiga qadar gazdan qarzdorlik bartaraf etilmagani uchun xonadonni gazdan uzishga majbur bo‘lingan. Oradan 7 oy o‘tsa-da, qarz haligacha to‘lanmagan.
Shomirza Rixsiboevning “Eltuz”ga aytishicha, 11 yoshli nabira qizim shifoxonada og‘ir ahvolda yotibdi. Yaqin kunlarda chiqsa, sovuq uyda yana tobi qochishidan qo‘rqmoqda.
“Nabiramning dori-darmoniga ham biroz qiynalib qoldik. Homiy bo‘lsa, ozroq qarashib yuborsa yaxshi bo‘lardi”, dedi Shomirza Rixsiboev.
Eltuz.com