Asosiy mavzular
30 yanvar 2022

«Kechir, amma!» 4-qism. Kim ko‘p go‘sht yeydi?

(Rassom Tuz hikoyalari. Davomi, boshi o‘tgan sonlarda)

Kim ko‘p go‘sht yeydi? Bo‘riimi yo Xolli?

Qarzdan qutulgan Xolli avvalgiday elektrosetda ishlar va ko‘chada kirakashlik qilardi. Kredit yopilgani bois taksichilikdan keladigan pulga baraka kirdi. Xolli umrida ilk marta 8 mart kuni xotini Komilani qimmat restoranga oborib ziyofat qildi. Toshkentning Tansiqboev mavzeidagi «Chinor» degan restoranda qashqadaryocha ovqatlar qilinadi. «Dunyoda eng ko‘p go‘shtni dehqonobodliklar ikkinchi o‘rinda esa bo‘ri yeydi,» deya hazil qildi Xolli. Stol go‘shtli ovqatlar bilan to‘la edi. «Chinor» restoranida bir kilo guruchga bir kilo qo‘y go‘shti solinib, osh qilinadi. Yana ustiga bedana yumurtosi bilan qazi qo‘yiladi. Bomba kaloriya. Ovqat yeb bo‘linganidan keyin, denovlik ofitsiant bacha charm kitob ichiga schet qog‘ozini solib, stolga qo‘yib ketdi. Tabiatan jo‘mard Xolli uchun ham bu xisobdagi raqam anchayin katta edi. Ikki kishi yegan ovqatga shuncha pulmi? Ichi zil ketganini xotin oldida bildirishni istamagan Xolli charm kitob orasiga kartasini qo‘yib, denovlik bachaga bervordi. Elektrosetdan fevral oyi uchun olgan oyligining yarmi restoran uchun sarf bo‘lgan edi. Hikoyaning qolganini Xollining o‘zidan eshiting.

«Nahotki, erkak kishi bo‘lib, umrim muhtojlikda o‘tsa? Yarim oyligim restoranda xotin bilan yemak yeyishga ketsa. Shuyam xayotmi? Hali chiqishda moshinani park qilgan bachaga choychaqa berishim kerak. Bayram kuni uyga mehmon kelishi mumkin. Xolodilnikni to‘ldirib qo‘yish kerak. Rahmatli To‘lg‘onoy ammam shu 8 mart bayramida uyda katta dasturxon tuzab qo‘yardi. Institutning muzika fakultetida o‘qiydigan qizlar va o‘qituvchilar kelardi. Qiziq,To‘lg‘onoy opam qancha oylik olardi? O‘zi oddiy o‘qituvchi edi. Mayli u paytlar arzonchilik edi. Farroshning oyligiga 20 shisha aroq berardi. Xotinim stolda yeyilmay qolgan ovqatlarni o‘ratib oldi. Ertaga isitib yeymiz deb. Men aralashmadim. O‘zimga qolsa, hech qachon bunday qilmayman. Dehqonobodlikning dasturxonidan qolgan go‘sht va suyakka mahallaning sakkizta iti to‘yadi, degan aqidaning puchga chiqishini istamasdim. Uyga ketyapmiz. Vivaldi kabi ulug‘ bastakorning onasi ismini tashigan Komillaxon, orqa o‘rindiqda bir dasta qizil gulni ushlab, shodon o‘tiribdi. He enangni seni¸ bu gulni pishirib yeysanmi deb, qulog‘ining ortiga shapaloq tortging keladi. Mayli, bayram o‘tsin, keyin ko‘radi enasini.»

Tog‘ cho‘qqisidagi qarchig‘ay

Restoranning qimmatligi Xollining miyasida savollar paydo qilar edi. Xolli yilda bir marta restoranga og‘rinmay kirish uchun ham topish tutishi kamligini bilib ezildi. Yigit muhtoj bo‘lmasin. Bo‘libam dehqonobodning yigiti. Burgut va qirg‘iy tog‘da yashaydi¸ kaltakesaklar esa cho‘lda. Tog‘ odami saxiy va boy bo‘lishini otasi Quvondiq aka misolida ko‘rgan edi. Quvondiq akaning xotini Xolliga ikkiqat bo‘lganida do‘xtirlar, bola tushishi mumkin deb, xavotir bildirishgan edi. Quvondiq aka bo‘lsa, agar bolam sog‘ salim tug‘ilsa, xovlidagi ikki qo‘chqorni birato‘la so‘yib, xomtalash qilib, elga tarqataman, deb niyat qildi. Xollining tejamkor enasi eriga e'tiroz bildirib, bittasini so‘ysangiz ham bo‘lardi deganida, eshitadiganini eshitdi. Xolli tug‘ilganida dehqonobodliklar etga to‘ydi. Hikoyani qolganini Xollining o‘zidan eshiting.

Shiki shiki madam

Eng kamida otamdek jo‘mard bo‘lishim uchun oyiga 800 dollar topishim kerak. Bu yurish bo‘lmaydi. Bo‘sh qop tik turmaydi. Puling bo‘lmasa, xotining ham seni bir tiyinga olmaydi. Kecha mushtday o‘g‘lim balkonga chiqib, qo‘shnining «Kaptiva» moshiniga suqlanib qarab o‘tiribdi. Qulog‘idan tortib, ko‘tiga bir shapaloq tushirdim. «Hech qachon suqlanma, bolam. Qotgan non yesang ham birovning dasturxoniga qarama. Oriyatli kambag‘al bo‘l. Birovdan qolgan sarqitni shoqollar yeydi.» Koshki tushunsa bu gaplarni. Ammam menga ytgandi bu gaplarni. Bizning urug‘ni eng mashxur qilgan odam ammam edi. Ammam mag‘rur¸ kibor va qo‘li ochiq edi, rahmatli. Ammam tushimga kirib, muammomni bir telefon bilan hal qilganiga ertaga roppa-rosa bir oy to‘ladi. Eh amma. Koshki boyib qo‘lim uzun bo‘lsa, shartta bilet olib, Chexiyaga uchardim. Eng zo‘r otelda qolib, Praga filarmoniyasida simfonik orkestr ijrosida Vivaldi kontsertini tomosha qilardim. Darvoqe, bugun kun bo‘yi muammomni hal qilgan qadimiy kosa haqida ham o‘yladim. Agar kosa men tug‘ilgan qulqishloqqa oid bo‘lsa, u Toshkentning archa ko‘chasidagi Sotvoldi akaning tokchasida nima qilib yuribdi? Bir klientni archa ko‘chasiga tashab qo‘ydim. O‘sha ko‘chadagi «karvash», ya'ni moshin yuvadigan moyka oldida to‘xtab bollarga moshinni yuvdirishga berdim. O‘sha yerda bir qari, sobiq alkash boboy sho‘pirlarga duo qilib, pul undirish tizimini yo‘lga qo‘ygan edi. «Do‘da, siz shu maxalladanmisiz?» deb so‘arasam, «Men korennoy toshkenlikman. Senga o‘xshab, poyizga osilib kemaganman. Archa ko‘chada tug‘ildim. Mashtda o‘laman. Men o‘qigan duo gaini ko‘zini ko‘r qiladi¸ radarlarniyam kuydirib yuboradi,» dedi. Men bu do‘dadan, «Sotvoldiakani taniysizmi?» deb so‘radim. «Sotvoldimi? Ha taniyman. bir paytlar chashma degan vinoni ikki kishi bo‘lib ichardik. Arzon tushsin deb. Alkashlar uch kishi bo‘lib ichardi 20 tiyindan yig‘ib. Sotvoldi bilan biz 30 tiyindan tashashib bir shishani bo‘shatardik. Sotvoldi uyiga sani yurtingdan keganlarni kiraga qo‘yardi. Istudent surqash bollarni. Bir marta kira puli bermagan bolani yomon so‘kkan. «Sani taging past. Qulsan. Qishlog‘ingdi otiyam qulqishloq,» deb. O‘sha bolani haydavorgan. Bechorani qishloqdan obkegan sopol kosasigacha obqogan mashi Sotvoldi bo‘ladi. Ammo ichvolib, rosa qo‘shiq aytardi.»

Shundan keyin duo biznesi bilan shug‘ullanadigan do‘da stolda turgan tarelkani olib, qoshiq bilan urib qo‘shiq aytib boshladi. «Exx, shiki shiki Sotvoldi. Yarimtani otvoldi. Yarimtani otvolib, to‘yxonada yotvoldi. Shik shik madam shik. Shik shik madam shik.» Moshin yuvadigan bollar qiyqirib kulib tomosha qilishdi. Bitta krutoy sho‘pr do‘daga pul qistirdi. Do‘da pulni olib ko‘ziga surtib cho‘ntagiga solib qo‘ydi. Menga qarab: «Sen mana shu moykani sotvolmaysanmi? Rosa barakali¸ pulli joy,» deb qoldi. Do‘dani aytishicha, moykani egasi Isroilga ketibdi. O‘sha yerda Falastinga gumanitar yordamga berilgan go‘shtni yarim narxida arablardan olib, juhudlarga kilosi 10 dollardan sotarkan. Men hayron bo‘ldim. Chunki bu moykada oq do‘ppi kiyib, vovchik soqol qo‘ygan bollar ishlaydi. Egasi ikki xodka umra bir xodka haj qilgan hojiaka. «Bu odam musulmonlar dushmani bo‘lgan Isroilda nima qiladi?» Do‘da buni menga qozoqning to‘qqiz puliday qilib tushuntirdi: «Xoji. Moykani egasi. 1963da tug‘ilgan. O‘sha yili arxivda pojar bo‘lib dokumentlar yonib ketgan. 10 ming ko‘kidan bersangiz, arxivdagi metrika originaliga juhud deb yozib qo‘yisharkan. Keyin shu dokument asosida Isroil elchixonasiga borib, men juhudman, tarixiy vatanimga ketishni xoxlayman deb, ochiritga yozilasiz. Ular o‘zligi tekshiradi kim juhut kim juhutmasligini. Hojining dokumenti polojitelniy chiqdi. Buxarskiy yevrey, deb oformleniya qilib ketdi. Ben Gurion aeroportida srazi Isroil pasportini ovolipti. Podyomniy pul¸ boshlamasiga tekin kvartira. Tekin ovqat uchun talon. Xullas, hojining ishi besh. Keyin qolaversa, Quddusi sharif aslida musulmonlarniki.»

Men moshin yuvadigan bollardan, moyka sotiladimi, deb so‘radim. Ulaar menga ko‘chmas mulk oldi sottisi bilan shug‘ullanadigan xotinning nomerini berishdi. Yarim ukrain¸ yarim venger xotin ekan. Ismi Anna. Tasodifni qarang. Antuan Vivaldining sevimli xonimining ismi ham Anna bo‘lgan. Moykani sotishga o‘rtakash bo‘lgan Anna esa o‘rta bo‘y¸ kaptar ko‘krak. Yashil ko‘zlari chaqnab turibdi. «Bo‘ladigan narxi 50 ming dollar. Siz bu pulni ikki yilda chiqarib olasiz. Rasxoddan tashqari yiliga 30 ming poyda keltiradi. Ishonmasangiz bir kun monitoring qiling.» Hisoblab ko‘rsam, rosa foydali biznes ko‘rindi. Ammo 50 ming dollar qani? Kim beradi menga u pulni?

Rassom Tuz

Davomi bor

Tag‘in o‘qing
2 oktyabr 2018
Majburiy ijro byurosi tomonidan xalqdan undirilgan trillionlab so‘m mablag‘ning bir qismi aholining zimmasiga yuklangan asossiz qarzdorlik bo‘lishi ehtimoli juda ...
30 oktyabr 2015
Bugun Lo‘s Anjalusdagi qasrimning minglab xonalaridan birida adashib qolib eshikmikan deb ishkopni ochibman. Qarasam shaqqildoq turibdi. Oldindan aytay bugungacha ...
29 iyul 2018
O‘zbekistonda eng uzoq muddat qamoqda o‘tirgan jurnalist va sobiq siyosiy mahbus Muhammad Bekjon o‘zbek turmasidagi hayotiga bag‘ishlangan birinchi kitobini ...
1 noyabr 2016
Rossiyada Karimov nomidagi hiyobonning paydo bo‘lishi birinchi noyabrga, boshqacha aytganda jodugarlar kuni – Hellouinga to‘g‘ri keldi. Moskva meriyasi shuningdek, ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...