Amalga oshmagan josuslik. Markaziy osiyolik faol hikoyasi (2-qism)
O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati Jumasafar Dadaboevni boshqa davlatlarda ishlash uchun josuslikka yollashga uringan
Qoraqalpog‘istondagi turkman qishlog‘ida tug‘ilgan faol va bloger Jumasafar Dadaboevning hikoyasini chop etishda davom etamiz (boshi bu yerda). 2016 yilda, hali u jamoatchilik faoliyati bilan shug‘ullanishidan oldin O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati uni xorijda ishlash uchun agent sifatida yollashga urinib ko‘rdi. Islom Karimovning kasalligi va o‘limi sababli yuzaga kelgan tarang vaziyatda u maxsus xizmatlar ko‘zini shamg‘alab qilib Turkiyaga qochishga muvaffaq bo‘ldi.
“Memorial” inson huquqlari tashkilotining Markaziy Osiyo dasturi rahbari Vitaliy Ponamaryov 2021 yil iyun oyida Istanbulda Jumasafar bilan uchrashib, bir necha soat suhbatlashdi. Albatta, faol 2016 yildagi voqealarning hammasini ham aniq eslay olmaydi va MXX xodimlarining “agent”ga aytgan hamma gaplarini ishonchli deb bo‘lmaydi. Ammo ularning so‘zlari va xatti-harakatlari Karimov davri maxsus xizmatlarining jinoiy ish uslublarini ham, oddiy odamlar e'tiboridan yopiq bu muassasadagi muhitni ham yaqqol tavsiflashga imkon beradi.
Dadaboev bilan suhbat asosida tayyorlangan maqola matni 2022 yil yanvarda kelishib olinganidan bir necha kun o‘tib faol o‘g‘irlab ketildi va u noqonuniy ravishda O‘zbekistonga olib ketilgani taxmin qilinyapti.
Portlovchi moddali “sovg‘a”
Dadaboev qo‘yib yuborilib, pasporti o‘ziga qaytarilgach, u taxminan uch hafta uyida qoldi.
“O‘sha paytlarda sodda edim, – deb eslaydi faol. – Uchib ketib ko‘raman deb o‘ylagandim, balki omadim kelar. 15 avgust kuni Nukus aeroportiga yetib keldim. Lekin mening ismim chegarachilar bazasida ko‘rsatilgan edi, ular meni Moskva reysiga qo‘yishmadi. Shunda bir xodim yugurib keldi: “Jumasafar kim? Ular sizga qo‘ng‘iroq qilishyapti”.
Bahrom Polvonnazarovich qo‘ng‘iroq qilgan edi. U tanbeh berib: “Nima, bizni aldamoqchimisan? Sen turkmansan-ku, qoraqalpoq emassan. Ertaga yaxshilikcha Toshkentga kel. Sen tilxat bergansan”. Men itoat qilishga majbur bo‘ldim. Ertasi kuni poezdga o‘tirib, 17-kuni yetib keldim. Vokzaldan chiqishim bilan Bahromga qo‘ng‘iroq qildim. U: “Hozircha sayr qilib tur”, dedi.
Keyin kelib meni olib ketdi. Qashqar mahallasidagi uyning (Toshkentning Yunusobod tumanidagi turar joy massivini nazarda tutilgan bo‘lsa kerak) uchinchi qavatida MXXning bir xonali kvartirasi bor. Meni o‘sha yerga joylashtirishdi”.
“Maxfiy agent” tayyorlashni boshlashdan oldin Bahrom va Dadaboev o‘rtasida uzoq va yoqimsiz yakkama-yakka suhbat bo‘lib o‘tdi. Faol yana Milliy xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikdan bosh tortmoqchi bo‘ldi, ammo natija bo‘lmadi.
“Bahrom avvaliga so‘roqqa tutdi: “Nima, bizni aldamoqchimiding? Axir biz sen bilan yaxshi, muhim ishlarni qilyapmiz”.
So‘ng esa “Olg‘a, Qoraqalpog‘iston” harakati haqida nimalarni bilganimni so‘radi. Men unga qoraqalpoqlarning ajralib chiqib, qo‘zg‘olon uyushtirib, hokimiyatni qo‘lga olmoqchi ekanini aytdim: Bir kechada Qozog‘istondan 2000 qoraqalpoq kirib keladi, degan gap bor”.
Bahrom ularni so‘ka boshladi, keyin bunday dedi: “Nazarboev tirik ekan, bunday bo‘lmaydi. Agar u 2020 yoki 2023 yilda o‘lsa-yu, Qozog‘iston prezidenti o‘rniga millatchi kelsa, shu mavzuni ko‘tarishi mumkin. Hozir Qozog‘iston maxsus xizmatlari bilan aloqalarimiz yaxshi. Bizda barcha ma'lumotlar bor, tashvish chekma. Musa Ernazarov (Qoraqalpog‘iston Respublikasi rahbari, 2020 yil 31 iyulda vafot etgan) bizning odam. Lekin qoraqalpoqlar baribir bosh ko‘tarsa, seni Toshkentga olib ketamiz”.
Keyin men haqimda gapira boshladi. Bahrom Polvonnazarovich: “Sen bizga ishlaysan. Sen haqingda Rustam Inoyatovga (O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati rahbari) xabar berganman, prezident ham xabardor, buni faqat biz to‘rttalamiz bilamiz”.
“Bu rostmi, yolg‘onmi, bilmayman. O‘shanda hayron bo‘lib: “Gap nima haqda borayapti”, deb o‘ylanib qolganman. U tushuntirdi: “Moskvada sen hijoma qilayotganingda, sumkang bilan vahhobiylar yoki bizning millatchilarimiz uylariga kirsang, senga bir “sovg‘a” tutqazamiz, uni biror joyga qo‘yasan. Hech kim shubhalanmaydi. Keyin biz ularni FXX orqali hibsga olamiz”.
Men u hazil qilyaptimi, deya o‘yladim: “Qanaqa sovg‘a”, deb so‘radim U: “Bu hazil emas. Sen portlovchi moddali “sovg‘a” olasan. Biz bu vahhobiylar bilan shunday kurashamiz, Moskvada ham”, dedi.
Men rad qilmoqchi bo‘ldim: “Aka, bu gunoh. FXX ham meni buning uchun hibsga olishi mumkin”. U jahli chiqib, asabiylashdi. “Ishlashga rozimisan?! Agar hozir rad etsang, seni yo‘q qilaman. Sen 159-modda (O‘zbekiston Jinoyat kodeksining konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi moddasi) bo‘yicha ketasan. Ko‘rasan, nima bo‘lishini”, deb baqirdi.
U menga telefonidan video ko‘rsatdi: niqobli odamlar bir qizni shafqatsizlarcha qiynayapti, u o‘zbekchalab qichqiradi, Allohdan yordam so‘raydi. U yana qandaydir o‘zbeklar yosh bolani zo‘rlayotganini ko‘rsatadi, u “Yordam beringlar”, deb baqiradi … Keyin tishlari qoqib olingan jasadlar. Bu videolarni ko‘rib, asabiylashdim. Buni ko‘rgan odam aqldan ozadi. Hozirgacha ba'zida tushimda ko‘raman, keyin uxlay olmayman.
Bahrom meni qo‘rqitdi: “Mana, ko‘r, sen ham shunday bo‘lasan. Hech kim senga yordam bermaydi”. Keyin ovuntira boshladi: “FXXdan g‘am yema. Biz ular bilan anchadan hamkorlik qilamiz. Shvetsiyada Obidxon Nazarov haqida eshitganmisan (2012 yilning fevralida unga suiqasd uyushtirilgan, komaga tushgan taniqli o‘zbek diniy arbobi)? U terrorchi, O‘zbekistonda o‘z odamlari bilan davlat to‘ntarishini amalga oshirmoqchi. Ular allaqachon ekstraditsiya qilish kerak edi, ammo jiddiy asoslar kerak. FXX seni ushlasa, Suriyada o‘lgan bolalar uchun Obidxon rus kofirlarini o‘ldirishga fatvo berganini ayt. Keyin biz senga yordam beramiz”.
E'tiroz bildirmoqchi edim, u tag‘in qattiq jahli chiqib: “Sen vahhobiylarni qo‘llab-quvvatlamoqchimisan?” deb baqirdi. Qishlog‘imizda bo‘lgan voqealarni ham eslatdi: “Sen o‘z hamqishloqlaringni MXXga qarshi “ishlash”ga chaqirgansan-ku? Bu chaqiriqlaring uchun ham javob berasan”.
Umuman, u menga tinchlik bermasligini angladim. Bundan oldin Bahrom Polvonnazarovich, balki ruhimni ko‘tarish uchun, Inoyatovning o‘zi men bilan uchrashishi mumkinligini aytgan edi. “Yaxshi, men siz bilan ishlayman, lekin Inoyatov men bilan shaxsan uchrashsin”, dedim. To‘g‘risini aytsam, shunday holatda edimki, Inoyatovga hujum qilmoqchi edim.
Bahrom xursand bo‘lib: “Mana, nihoyat o‘zingga kelding”, dedi. Bu vaqtda kimdir unga qo‘ng‘iroq qildi, u menga “jim, jim” dedi, imo-ishoralar bilan bu boshlig‘i ekanini ko‘rsatdi. O‘rnidan g‘oz turib, qaddini rostladi. Suhbatdoshini Rasulovich, dedi. So‘ng: “Hammasi yaxshi, kelishilgandek, bu turkman erkak ekan haqiqatan ham”, dedi.
Telefon suhbati tugagach, u meni ogohlantirdi: “Topshiriqqa kelsak, hech kimga bir og‘iz ochmaysan. Bu maxfiy masala. Bu haqda faqat to‘rt kishi biladi. Hozir xodimimiz Izzat yetib keladi, unga seni Turkiyaga yuborishlarini aytasan”.
Amaliyot va siyosiy munosabat qirralari
Ertasi kuni Dadaboevning tayyorgarligi boshlandi. Bo‘lajak maxfiy agent ustida O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatining uch xodimi ish olib bordi: Bahrom Polvonnazarovich, Izzat va Timur. Bir marta Toshkent islom universiteti xodimini diniy mavzudagi suhbatga taklif qilishdi.
Dadaboevning so‘zlariga ko‘ra, Bahrom Polvonnazarovich martabasi va yoshi bo‘yicha katta bo‘lgan, amaliyotni rejalashtirishga ham bevosita u rahbarlik qilgan. Lekin u ish bilan juda band bo‘lib, odatda bir-ikki soatgagina kelib ketar edi.
U bilan suhbatlardan Moskvada rejalashtirilayotgan birinchi “aktsiya”ga aloqador figurantning siyosiy qarashlari va qiyofasi aniq namoyon bo‘lardi.
“U bir necha bor Bahrom Hamroev (“Memorial” inson huquqlari markazi a'zosi) haqida gapirdi. Uni “terrorchi tojik” deb atardi (bu yerda “tojik” so‘zi kamsitish ma'nosida qo‘llangan). “Biz terrorchilarimizni Moskvada ushlaganimizda, u advokat yollab, ularga yordam beradi va qaytarib oladi. U bizning dushmanimiz. Bahrom bir idoraga aloqador, ular terrorchi va ekstremistlarni himoya qiladi, ularni Yevropa va Amerika qo‘llab-quvvatlaydi”, deb tushuntirdi.
Men o‘shanda “Memorial” haqida bilmasdim, menimcha, u sizning tashkilotingizni nazarda tutgan. “FXX ham Bahrom bilan do‘st emas. Uni bir necha marta jazolamoqchi bo‘lishdi, lekin har safar tuzoqqa chap berib qolgan… Fozilnikida u bilan palov yesang, mashinasida birga ketsang yoki Bahrom seni uyiga taklif qilsa, oldindan bizga qo‘ng‘iroq qil, senga bir narsa beramiz. Shuni tashlasang, shu bilan hammasi hal bo‘ladi”, dedi.
Biroq asosiy vazifa Obidxon Nazarov guruhini xalqaro miqyosda obro‘sizlantirish, go‘yoki uning O‘zbekistonda davlat to‘ntarishini tayyorlagani, uning terrorizmga aloqadorligini isbotlash edi. Ish muvaffaqiyat bilan amalga oshsa, Dadaboevga pul, uy, mashina va boshqa imtiyozlar va'da qilingandi:
“Rossiyada qo‘lga tushsang, videokameraga tushsang, Obidxon Nazarov kofirlarga qarshi jihodga buyruq bergan, deysan. Keyin biz seni ekstraditsiya qilamiz, olti oy yoki bir yil xufiya joyda yashaysan, keyin prezidentga afv etish haqida ariza yozasan, bizning yordamimiz bilan ochiqqa chiqasan. Keyin maza qilib yashayver…”.
Dadeboev Bahromning bu so‘zlari uni Toshkentda amaliyotlarga tayyorlagan yana bir MXX xodimi Izzatning so‘zlariga zid ekanini ta'kidlaydi: “Izzat portlovchi modda bilan qo‘lga tushsam, FXX seni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilmaydi, biz ham yordam bera olmaymiz, derdi”.
Dadaboevning aytishicha, Bahrom Polvonnazarovich bir necha bor Nazarovning o‘g‘li “bizning qo‘limizda, uni bu yerda itdek saqlashadi…” (Obidxon Nazarovning o‘g‘illaridan biri O‘zbekistonda 2004 yilda g‘oyib bo‘lgan), deya bir necha bor eslatgan. “Bir kuni Abduvali qori haqida “bu ham chiriydi”, dedi. Buni turlicha tushunish mumkin (Andijon jome masjidi imom-xatibi Abduvali Mirzaev 1995 yil avgustda Toshkent aeroportida g‘oyib bo‘lgan, O‘zbekiston maxsus xizmatlari tomonidan o‘g‘irlab ketilgani taxmin qilinadi)”.
“Bir kuni Bahromdan so‘radim: O‘zbekistonning eng xavfli dushmani millatchilarmi, Muhammad Solihmi (“Erk” partiyasi rahbari, 1993 yildan buyon quvg‘inda) yoki Obid qorimi? U: “Biz uchun millatchilar muammo emas. Muhammad Solih ham bugun katta muammo emas. Agar kerak bo‘lsa, biz uni yo‘q qilardik. Eng xavflisi Obid qori, vahhobiylar, ularning ko‘plab jamoalari bor. To‘xtaboy, Ilon ota masjidlarida O‘zbekistonda davlatga qarshi bo‘lgan guruhlar bor”, deb javob berdi.
(davomi bor)
Vitaliy Ponomaryov