Eltuz portali-12. Daydi itlar, yotoqsiz talabalar va uzilayotgan internet…
28 iyun Eltuz portaliga kelayotgan shikoyatlar oqimini kuzatamiz. Ular odatdagidek turli mavzularda. Hullas, tashqarida yoz. Shofirkonda daydi itlar qo‘ylarni g‘ajimoqda. Qoraqalpog‘istonda Internet uzilishlari. Farg‘onada esa shaharlikdar restoran shovqinidan bezishgan. Boshpanasiz Samarqandlik talabalar muammosi esa yanada jiddiyroq.
Demak, navbatdagi beshta shikoyatning dastlabkisi Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanidan. Maktub muallifi Respublika Bosh prokurori o‘rinbosari Svetlana Ortiqova hamda prezident maslahatchisi ishtirokida Chiroqchida o‘tayotgan sayyor qabul haqida yozmoqda.
Chiroqchida prezident maslahatchisining sayyor qabuli
«Salom og‘a. Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida bugun sayyor qabul bo‘lmoqda.
Svetlana Ortiqova kelgan. Prezident maslahatchisi ham. Odamlar oqib kelmoqda. Muammolar qalashib ketgan.
Odamlar 50 giradus issiqda muammosi bilan qabulga kelmoqda. Muammosini Toshkentdan kelgan mas'ullarga aytish o‘rniga blogerlarga aytmoqda. Chunki mas'ullardan bir tiyinlik naf yo‘q», deya yozadi deya yozadi shovotlik arzgo‘y.
Paradoksni qarangki, Eltuz Portalida ham bugun ayni holat kuzatilmoqda, shikoyatlar nafaqat chiroqchidan balki chirog‘i yo‘q qishloqlardan ham kelmoqda. Shikoyatchilar blogerlarga aylanishgan.
Keyingi shikoyat esa odamlar ustidan emas, daydi itlar ustidlan yozilmoqda. Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida daydi itlar qo‘ylarni g‘ajib tashlayotir.
Shofirkonda daydi itlar qӯylarni g‘ajib tashlayotir
Shofirkonning Kalon va Jo‘yrabod qishloqlari oralig‘ida joylashgan mozorlar va ekin maydonlarida daydi-quturgan itlar galasi paydo bo‘lgan…
Kecha tunda va bugun peshin paytida itlar aholi yashaydigan xonadonlarning molxonalariga kirgan, dala maydonlaridagi mayda shoxli mollarga hujum qilgan, g‘ajib tashlagan. Ikki bosh qo‘y harom o‘lgan, jarohatlanganlari ham bor.
Biz tuman obodonlashtirish boshqarmasi, MFYlar rahbarlari, uchastka inspektorlaridan vaziyatni tezroq ӯrganishni, aniq choralar kӯrishni talab qilamiz, aks holda bugun tunda itlar hujumi natijasida xonadonlar moddiy zarar kӯrishi mumkin, deya yozadi Shofirkonlik shikoyat muallifi.
Shofirkonlik muxlisimizning so‘zlari huddi xo‘ro‘r film ujas kino stsenariysi kabi yangraydi bir tomonda daydi itlar galasi, bir tomonda o‘lgan va jarohatlangan qo‘ylar. Bir tomonda esa qo‘ylaridan ayrilgan cho‘pon nolasi.
Keyingi maktubning esa bu qonli voqealarga aloqasi yo‘q. Maktub Qoraqalpog‘istonning ko‘plab hududlarida paydo bo‘layotgan Internetdagi uzilishlar haqida.
Qoraqalpog‘iston – Internetdagi uzilishlar
Qoraqalpog‘iston Respublikasining ko‘p hududlarida kecha soat 00:00 dan boshlab internetda uzilishlar paydo bo‘lmoqda. Qolaversa hududlarda ogohlantirishsiz elektr ta'minoti uzulishlari kuzatilmoqda va bu holat uzoq soatlar davom etmoqda. Bu muammoni kim hal qiladi? Nega xalqni eng zarur ta'minot manbalaridan uzib qiynashmoqda? Shuni e'lon qiling, qoraqalpoq xalqining ahvolini hamma bilsin, zora aybdorlarga chora ko‘rilsa, deya yozadi qoraqalpoqlik ko‘rarman.
Nima deymiz, rassom Tuz ta'biri bilan aytsak, Internetsiz devays – muhabbatsiz hayotday bir gap. Chaylada yashasang ham uzluksiz interneting bo‘lsin, chunki bugun nafaqat Qoraqalpog‘istonda balki butun dunyo bo‘ylab ko‘pchilikning hayoti internetdagi reallikka ko‘chib o‘tib bo‘lgan. Demak bu mavzuda gapirishdan to‘xtamaymiz.
Keyingi maktub esa, Internetdan tashqaridagi hayot, restoran shovqinidan uxlay olmayotgan farg‘onaliklar haqida. Farg‘ona shahridan Eltuz portaliga maktub yozgan mushtariy Wine Garden sadolari ostida tunlari uxlay olmayotganidan arz qilmoqda.
Wine Garden sadolari ostida
Assalomu alaykum, Tuz og‘a!
Ishlar bilan charchamay yuribsizmi? Meni, nafaqat meni, balki ko‘pchilikni bezovta qilayotgan bir muammo bor edi, shuni kanalingizda yoritsangiz ehtimol Farg‘ona shahar mas'ullari e'tibor berishar. Muammo shundaki, Farg‘ona shahar Oqibat ko‘chasi 1-uyda joylashgan «WINE GARDEN» restorani yoz oylarida o‘zining ochiq xavo ostidagi maskanida har kuni tungi soat 23:30 gacha juda baland ovozda musiqa qo‘yishadi, mening yashash manzilim ushbu restorandan taxminan 600-700 metr uzoqlikda bo‘lsa ham, musiqa tovushi tungi vaqtda xalaqit beradi. Ushbu restoran aholi gavjum maxallada joylashgan, shuning uchun ushbu restoran vakillariga iltimosim, musiqani pastroq ovozda faqatgina o‘sha yerda o‘tirganlarga eshitiladigan darajada qo‘yishingizni so‘rayman, yon-atrofingizdagilarni ozgina bo‘lsa ham xurmat qilinglar! deya yozadi Farg‘ona shahrining Oqibat ko‘chasida yashovchi mushtariy.
Albatta har kuni tunda bazmi jamshid tashkil qilayotanlar buning oqibatini o‘ylashlari kerak. Masalan, Yevropada bu kabi sershovqin tadbirlar ovozdan izolyatsiya qilingan zallarda, yoki aholi yashaydigan joydan masofali maydonlarda o‘tkaziladi. Kechki to‘qqizdan keyin shovqin ko‘tarsangiz uyingiz politsiya kelishi ham mumkin.
Hullas kim uy qayg‘isida, kimgadir ko‘cha tomoshalari tomosha kerak. Samarqandlik talabalar yozning chillasida ko‘chaga haydalishganidan arz qilishmoqda.
Yotoqsiz qolgan talabalar
Assalomu alaykum, Men Samdu talabasiman. 1-sonli TTJ yotoqxonasida yashaymiz. Hali darslar tugamagan, sessiya ham boshlangani yo‘q, lekin bizga 30-iyungacha yotoqxonadan chiqishimizni talab qilishmoqda. Hozirgi kunda Respublikamizda jazirama issiq, chilla paytida, yana sessiya oldi talabalar shunaqa sarson bo‘lishi kerakmi?
Kvartira qimmat, qisqa muddatga qo‘ymaydi ham. Qimmatligi mayli shu kvartirani topish yil oxirida muammoku axir. Yotoqxona talaba uchun qurilganmi o‘zi? Qachon bizning OTM raxbarlari talabaning yaxshi o‘qishi uchun sharoit qilib berish haqida o‘ylaydi? Boshimiz qotgan, bu gaplar Oliy ta'lim vazirligiga yetib, muammo ijobiy hal bo‘lishini istaymiz, deya yozishmoqda Samarqandlik talabalar.
Samarqandlik talabalardan Eltuzning telegramdagi sahifasiga yog‘ilayotgan izohlarda ham voqeaning jiddiyligini kuzatish mumkin. Bugun Eltuz portalida biz ayni yo‘sindagi shikoyatlarga e'tibor qaratdik. Bu muammolar tegishli idoralarga va albatta jamoatchilik e'tiboriga havola qilinadi. Bizga esa tag‘in maktub yo‘llash mumkin. Eltuz kelayotgan maktublar va ularga yozilgan javoblarni e'tiboringizga taqdim etishda davom etadi.
Eltuz.com