Asosiy mavzular
21 dekabr 2022

O‘zbekistonga turkman gazi kerak, ammo turkman sardori kerakmi?

Yuqoridagi Sardordan, albattaki, O‘zbekistondagi boshqaruvni qasd etdik. O‘zbek ham, turkman ham – asli avtoritar davlatlar.
Masalan, amerikaliklar uchun hamma “-iston” bir go‘r, feodalizm hukmron bo‘lgan diktatura.
Ammo biz, mintaqadagilarning o‘zi milliy xosliklarni yaxshi ajratamiz. Masalan, o‘zbek avtoritarizmi, turkman avtoritarizmidan qanchalik farqlanishini. Yana G‘arb siyosatshunosligi tili bilan aytganda, O‘zbekistondagi avioritarizmning “insoniy yuzi” bor.
Yaxshimi, yomonmi, Mirziyoev hokimiyatga kelganidan keyin shunday bir yuz paydo bo‘ldi.
Ammo gaz-svet muammosi fonida ana shu yuzning hozirgacha ko‘rilmagan, turkmancha qiyofasi ko‘rinib qolayotgani, yumshoq qilib aytganda, yoqimsiz.
O‘zbekistondagi energiya inqirozi hukumatda ham jiddiy inqirozga sabab bo‘lganiga birinchi bo‘lib Ozodlik radiosi kechagi maqolasida e'tibor qaratdi.
Eltuz 11 dekabr kuni Prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov o‘tkazgan videoselektorning ayrim tafsilotidan xabardor edi.
Eltuz manbalari Ozodlik maqolasida keltirilgan tafsilotlar (https://t.me/eltuz2022/17844)ni tasdiqlash bilan birga, undagi ayrim epizodlarga yanada aniqlik kiritdi.
Bu aniqlik asnosida yuzaga chiqayotgan kartina Eltuzning O‘zbekistonda boshqaruv asta-sekin yangilanishi bilan bog‘liq umidlari kuchaytiradigan yo‘sinda emas, afsuski. Biz turkman gazini olishga oshiqarkan, hokimiyatda turkmancha boshqaruv usuliga moyillik ham ko‘rinib qolayotgandek.
Xullas, Sardor Umurzoqov o‘tkazgan videoselektor haqida…
Selektor majlisi borarkan ijtimoiy tarmoqning o‘zbek segmentida kishanlangan o‘zbek mulozimi surati yashin tezligida tarqala boshladi.
Selektorda ishtirok etgan Eltuz manbasiga ko‘ra, bu surat aynan Sardor Umurzoqovning to‘g‘ridan to‘g‘ri buyrug‘i bilan tarqatilgan edi.
Lekin majlisdagi ayrim epizodlargina matbuot yuzini ko‘rdi, dedi Eltuz manbasi.
Eltuzga ma'lum bo‘lishicha, voqea mana bunday bo‘lgan:
Sardor Umurzoqov barcha viloyatlar rahbarlari, vazirlar mahkamasi va huquqni himoya qilish tashkilotlari rahbarlari ishtirokida gaz va elektr tizimidagi salbiy holatlar yuzasidan 11 dekabr, soat 18:30 video selektor o‘tkazgan. Selektorda Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzaevga so‘z berib, viloyatdagi gaz yetishmovchilik holatlari yuzasidan qattik e'tiroz bildirgan va bu masalaga mas'ul bo‘lgan Muzaffar Alievni o‘rnidan turgazib, uni haqorat qila boshlagan (o‘zbek amaldorlarining xronik kasalligi).
Sardor Umurzoqov yig‘ilishda qatnashayotgan bosh prokuror o‘rinbosari Erkin Yuldoshevga Muzaffar Alievni zudlik bilan majlislar zalidan qo‘liga kishan solib, izolyatorga tiqib qo‘yishni va o‘sha yerdan holatni suratga olib yuborishni talab qiladi.
Jinoiy ish ochilmagan, sud sanktsiyasi bo‘lmasa ham Umurzoqovning bu topshirig‘i bajarildi va Aliev zudlik bilan izolyatorga olib borib qamalib, uning surati butun selektorda namoyish etildi.
“Bu ish bilan Sardor Umurzoqovning o‘zi xizmat vakolatini suiiste'mol qilib, belgilangan qonunlarni qo‘pol ravishda buzdi,” deydi selektorda ishtirok etgan Eltuz manbasi.
Umurzoqov topshirig‘idan keyin o‘zidan xavotirda bo‘lgan prokurorlar nima qilarni bilmay, hujjatlarni «zadnыy chislo» bilan rasmiylashtirib, matbuotda xuddiki Alievga yig‘ilishdan keyin jinoiy ish ochilib, undan so‘ng qamoqqa olindi, degan talqinda xabar e'lon qilindi.
Chunki, O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, jinoiy ish ochilmagan, sud sanktsiyasi berilmagan fuqaroni qamoqqa olishga hech kimning haqqi yo‘q va bu noqonuniy amal hisoblanadi.
“Administratsiya rahbarining qattiq topshirig‘idan keyin prokuratura xodimlarida boshqa iloj qolmagandi,” deydi ismini oshkor etmaslikni so‘ragan manbamiz.
Video selektorda Prezident administratsiyasi boshlig‘i Sardor Umurzoqov birgina mansab vakolatlarini suiiste'mol qilish bilan cheklanib qolmay, vakolatli organ mas'ullarni noqonuniy amalni sodir etishga undadi.
Sardor Umrzoqovning faolligi shu darajaga yetdiki ba'zi internet faollari hukumat va administratsiya o‘rni almashib qolmadimi, degan ritorik savol berishgacha bordi.
Sardor Umrzoqovning administratsiya rahbariga xos bo‘lmagan, aslida hukumat rahbari vakolatlariga kiruvchi vazifalarni bajarayotgani tashqi siyosatda ham, ichki siyosatda ham yarq etib ko‘zga tashlana boshladi.

Masalan, uni Turkiya prezident Erdo‘g‘on, yo bo‘lmasa, Turkmaniston prezidenti Berdimuhammedov bilan uchrashib, muzokaralar o‘tkazgani anchayin qizg‘in bahslarni uyg‘otdi.
Sirdaryo viloyati hokimini tayinlashda Sardor Umurzoqov o‘rtada, bosh vazir esa bir chekkada hisob berayotgandek ko‘rinishi, yoki uning prezident Mirziyoevning doim yonida, turli uchrashuvlarda aslida protokol bo‘yicha tashqi ishlar vaziri o‘tirishi kerak bo‘lgan ko‘rsida o‘tirishi, yoki prezidentning biznes vakillari bilan uchrashuvlarida moderatorlik qilishi hech bir davlatda kuzatilmaydigan holat.
Bularning bari mahalla kuyda ham, hukumat koridorlarida ham Sardor Umrzoqov – “besh minut kam prezident” degan fikrning shakllanishiga xizmat qilmoqda.
Ammo bu prezident Mirziyoev Sardor Umurzoqovni o‘zidan keyingi voris sifatida namoyon qilayotganidan dalolatmi yoki mutlaq qudratga egalik qilishga urinayotgan Sardor Umurzoqovning xohishimi?
Bu savol hozircha ochiq qoladi.

@eltuz

Tag‘in o‘qing
9 dekabr 2024
Eltuz tahlilchisi Bahodir Fayzi AQShning Ogayo shtatiga bordi. Xivaning Rossiya tomonidan bosib olinishiga guvoh bo‘lgan amerikalik jurnalist Makgahan qabrini ...
17 fevral 2016
Kuni kecha bir qator OAV tomonidan, Aramais Avakyan ishi bo‘yicha yashirincha xukm chiqarilgani, va ushbu jinoiy ish ayblanuvchilari 14 ...
1 fevral 2016
Davlatning bir yarim milliard so‘m puliga olingan «Baron» filmi qora bozorga chiqib ketdi. Oldingi «Sotqin» filmi bilan ham huddi ...
29 iyun 2018
O‘zbekistonda 27 iyun Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni sifatida nishonlandi. Shu kuni hukumat rasmiylari o‘zlari «zo‘r sanagan» ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...