Chirigan simyog‘och, o‘chayotgan svet va gaz o‘rniga shimildiriq – EP116
Eltuz portaliga kelgan navbatdagi 5 ta shikoyat maktublarini o‘qiymiz. Ular O‘zbekistonning Jizzax, Andijon, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridan kelgan.
Dastlabki xat Jizzax shahridan. Eltuz kanali obunachisi Agrobank bo‘limi qarzni to‘xtatish haqidagi ma'lumotnomani bermayotganidan shikoyat qilmoqda. Ayolning iddao qilishicha u bankdan olgan qarzlarini uzgan.
“Agrobank”ning Jizzax shahri bo‘limidan uzumchilik bo‘yicha kredit olgan edim. Tobim bo‘lmay ma'lum vaqt davolandim. Shu fursat ichida kredit to‘lovim borasida uzilish bo‘lib qoldi. Bank kreditimni ijroga chiqardi. 2023 yil noyabr oyida qarzdorligimni yopdim va menga yangi grafik tuzib berishdi. Chunki kreditim 2025 yilning fevral oyigacha. Bank esa menga ijroni to‘xtatish uchun ma'lumotnoma bermayapti. Ayol boshim bilan ovora bo‘lyapman. Bank yuristidan ijroni to‘xtatish bo‘yicha ma'lumotnoma olishda yordam so‘rayman”, deya yozadi jizzaxlik tadbirkor ayol.
Navbatdagi maktub Qashqadaryo viloyatidan. Xududgaz ta'minoti filiali xodimlari tungi selektor majlislari sabab uyga borolmay qolishayotganidan nolishmoqda.
“Hududgaz Qashqadaryo” GTF xodimlari nomidan yozmoqdamiz. Oxirgi paytlarda uyga bora olmay qoldik. Sababi – tungi soat 23:00 da tugaydigan selektor va soat 24:00 dan tun yarmigacha berilishi talab qilinadigan ma'lumotlar. Holbuki, ish vaqtimiz aniq-tiniq soat 8:00 dan 17:00 gacha deb yozilgan. Ammo soat 8:00 da kelib, 24.00 dan o‘tganda uyga qaytmoqdamiz. Ya'ni bir kunda 16 soat ishlamoqdamiz. Bu majburiy mehnat emasmi? Prezidentimiz majlisbozlikni to‘xtatish haqida gapirsalar ham ba'zi rahbarlar teskarisini qilmoqda. Bu ish unumi pasayishiga ham olib kelmoqda. Holat yuzasidan yordam so‘raymiz” deya shikoyat qilishmoqda Xududgaz ta'minoti Qashqadaryo filiali xizmatchilari. Suratlarda korxona raxbariyatining talablari aks etgan. Keyingi maktub esa Jizzax viloyatining Zafarobod tumanidan. Paxta hosili jonkuyari qor tagida qolib ketgan paxta haqida yozmoqda.
“Jizzax viloyati Zafarobod tumanidagi ayrim dalalarda paxta terilmay qolib ketdi. Endi esa g‘o‘zadan o‘tin sifatida foydalanishyapti. Esiz…” deya hasrat qiladi u.
Keyingi maktub tag‘in eskirgan simyog‘ochlar haqida. Chirigan simyog‘ochlar yo‘lovchilar ustiga qulashi mumkin.
“Andijon viloyati Shahrixon tumani Birlashgan MFY, Birlashgan ko‘chasidan murojaat qilmoqdamiz. Ko‘chamizdagi simyog‘ochlar nosoz holga kelib qolgan.
O‘tgan yili bittasi qulab tushdi, xodimlar kelib to‘g‘riladi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, boshqa stolba avariya holatiga kelib qoldi. U ham qulash arafasida turibdi.
Xullas, hamma simyog‘ochlarimiz chirib tugayapti. Ko‘chamizdan yosh bolalar maktabga qatnaydi. Simyog‘och qulab tushsa, ularga zarar yetmasin degan xavotirdamiz.
Elektr energiya pulini oldindan to‘lab kelmoqdamiz. “Hududiy elektr tarmoqlari” aktsiyadorlik jamiyati rahbari Ulug‘bek Mustafoev holatni nazoratga olsa minnatdor bo‘lar edik. Simyog‘ochlarni yangilab, tungi chiroqlar bilan ta'minlab berishsin” deya yozadi Andijonlik Eltuz kanali obunachisi.
Va nihoyat so‘nggi shikoyat “Ochiq byudjet”da g‘olib kelgan loyiha taqdiriga oid.
“Surxondaryo viloyati Termiz tumani Bunyodkor mahallasidan murojaat qilyapmiz. “Ochiq byudjet” portalida mahallani gazlashtirish bo‘yicha loyihamiz g‘olib chiqdi. Ammo tuman mas'ullari gaz yo‘q deb loyihani amalga oshirmayapti. Axir, bir necha ming aholi ovoz bergan-ku!
Termiz shahridagi uylari buzilib, tumanga ko‘chirilgan aholi sarson bo‘lyapmiz. Yo‘l ta'mirtalab, chiroq o‘chib turadi. Na e'tibor bor, na va'dalar bajariladi. Tuman va viloyat hokimidan mahalla muammolarini hal qilishda amaliy ko‘mak kutyapmiz”.
Gapning ochig‘i O‘zbekistonda gaz bor, biroq unga notavon siyosat tufayli Rossiya shirkatlari egalik qiladi. Ular esa mamlakatdagi bor gazni allaqachon ko‘tarasiga Xitoyga pullab qo‘yishgan. Shu bois ochiq byudjetda g‘olib kelgan O‘zbekiston aholiga shimildiriq ro‘para qilinadi. Tag‘in sifatsiz ko‘mir. Uning badbo‘y hididan esa havo ifloslanadi. Bu iflosliklarga Toshkent guvoh. Agar bu fikrlar noto‘g‘ri bo‘lsa Eltuz ham rasmiylardan javob kutadi.
Va bu sizga bugun o‘qib eshittirganimiz beshta shikoyatning so‘nggisi edi.
Ko‘rsatuvimizga kelayotgan izoxlarda ko‘pincha biz bilan qanday bog‘lanish. Qanday qilib bizga murojaat qilish mumkinligi to‘g‘risida so‘rashadi. Bilmaganlar uchun yana bir bor eslatamiz. eltuz portali interaktiv tarzda telegram kanalida alohida sahifa shaklida ochilgan. Murojaatlar uchun u yerga maxsus bot ham o‘rnatilgan. Eltuz kelayotgan shikoyatlar, videomurojaatlar, takliflar va ularga yozilgan javoblarni ham e'tiboringizga taqdim etishga intiladi. Kun davomida biz bilan qoling. Kanallarimizga obuna bo‘ling.