Asosiy mavzular
2 aprel 2024

SwissLab qurilishi, ushlangan oylik, yubka va shim… – EP134

Salom qadrli muxlislar, Eltuz portaliga kelgan navbatdagi 5 ta maktubni o‘qib eshittiramiz, ular O‘zbekistonning Jizzax, Namangan, Toshkent, Sirdaryo va Xorazm viloyatlaridan kelgan.

Xatlar oqimi davom etmoqda, muammolar yechimini to‘liq ta'minlash uchun kanalimizga obuna bo‘lish, layk bosish va superrahmat tugmachasini bosish talab qilinadi va biz xatlarni o‘qishda davom etamiz.

Dastlabki shikoyat Jizzax viloyatidan. Milliy universitet studentining qarindoshi yozmoqda.

“Singlim O‘zbekiston Milliy universitetining Jizzax filialida o‘qiydi. O‘qishga rasmiy klassik kiyimda – qora kostyum-shimda borsa, o‘qituvchilari yubkada keling deb qo‘ymayapti. Yubka kiysa, tabaqalanish kamayar emish. Onangizni chaqiring, tushuntirish xati yozib bersin deb aytishibdi. Tushuntirish xatini nima deb yozadi, qizim kostyum-shim kiygani uchun kechiringlar deydimi?! Universitetda shundan boshqa muammo yo‘qmikan? Formaga talabni kuchaytirguncha, fakultetlarda laboratoriya qurib berishsin” deya yozmoqda qizlarning kostyum shimda yurishi tarafdori.

Keyingi maktub Uchqo‘rg‘ondan. Prokuratura tibbiyot birlashmasining 701 nafar xodimi maoshini majburiy ushlab qolishga buyruq bergan.

“Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumani tibbiyot birlashmasidan yozyapmiz. Tuman prokuraturasi bosh vrachga mart oyi ish haqi hisobidan 701 ta xodimning  oylik maoshini majburiy ushlab qolish to‘g‘risida ko‘rsatma beribdi. Prokuratura moddiy yordam va mukofot pullari asossiz to‘langan deb hisoblamoqda.  Qonun himoyachilarining bu talabi qonuniymi? Yoki bu yerda boshqa gap bormi?..” deya yozmoqda uchqo‘rg‘onlik tibbiyot xodimi.

Navbatdagi shikoyat Toshkent shahridan. Uy egalari bino oldida laboratoriya qurilishidan norozilik bildirishmoqda.

“Biz Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumani, Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi, 122/1 – ko‘p qavatli uyda yashovchilar, uyimiz oldida SwissLab qo‘shma korxonasi tomonidan laboratoriya qurilishiga qarshi bo‘lganmiz. Lekin shunga qaramay qurilish boshlangan. Ko‘p marotaba murojaatlarimiz natijasiz qoldi.

Ko‘p qavatli uyimizda 124ta xonadon borligiga qaramay, bolalar maydonchasi yo‘q. Tuman va shahar hokimlari qabulida bir necha bor bo‘lganmiz. Ammo natija bo‘lmadi. Holbuki, biz Konstitutsiyada yozilgan huquqlarimizni talab qilyapmiz.

Chet ellik investorlar avvalo bizni hurmat qilib, qonunlarimizga bo‘ysunishi kerak emasmi? Bolalar futbol maydonchasidan 0,5 metr narida laboratoriya bo‘lishi mumkinmi? Bolalar maydonchasiga joy yo‘q, lekin laboratoriyaga joy bor ekan!

Yana bir holat. 2023 yilning 23 sentyabr kuni yuk mashinasida qoplar olib kelingan. 102 xizmatini chaqirganimizda ma'lum bo‘ldiki, qoplarda qandaydir testlar bo‘lgan. O‘sha qoplarni kechasi fundament yoniga ko‘mib yuborishdi. Nima sababdan bilmadik, qoplarni kechasi yana qazib olib, yuk mashinasida olib ketishdi… Murojaatimiz ijobiy hal etilishini so‘raymiz” deya yozmoqda toshkentlik kvartira egalari.

Keyingi shikoyat Xorazm viloyatining Yangibozor tumanidan. Eltuz obunachisi tuman bozoridagi ahvoldan shikoyat qilmoqda.

«Xorazm viloyati Yangibozor tumani dehqon bozori umuman talabga javob bermaydi.

Oyoq ostidagi kafellar sinib, tepa tomdan suv oqib yotibdi. Iltimos, mutasaddi xodimlar shunga chora ko‘rib beringlar…» deya yozmoqda yangibozor turg‘uni.

Va nihoyat so‘nggi murojaat Sirdaryodan. Navbatdagi loyga botgan, asfaltsiz ko‘cha.

«Assalomu alaykum tuz og‘a.

Shu murojaatimizni yoritsangiz, Sirdaryo tumani Elobod mahallasi G‘allaorol ko‘chasida yurib bo‘lmay qoldi. O‘quvchilar suv, loy oralab maktabga borishadi. Kecha ikki soat yoqqan yomg‘ir shu ahvolga soldi yo‘limizni. Agar bir kun yog‘sa daryo bo‘ladi. Iltimosimiz shuki , asfalt kerakmas, bizga shag‘al tosh to‘kib berishsa bo‘ldi edi. Oldindan rahmat”.

Va bu hozirga qadar e'lon qilganimiz so‘nggi murojaat edi. Yana bir bor eslatamiz, eltuz portali alohida telegram sahifasi shaklida ochilgan. U erga xatlar uchun maxsus bot o‘rnatilgan. Eltuz kelayotgan shikoyatlar, videomurojaatlar, takliflar va ularga yozilgan javoblarni ham chop qilishga intiladi. Kanalimizga obuna bo‘ling. Agar ko‘rsatuvimizni qo‘llab quvvatlamoqchi bo‘lsangiz super raxmat tugmachasini bosing. Sog‘ bo‘ling.

Tag‘in o‘qing
9 oktyabr 2016
9 oktyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 12.20 da Buxoro viloyatining Olot tumanida Yelena Urlaeva va Maloxat Eshonqulovalar ushlangan ...
29 avgust 2016
O‘zbekistonni 27 yil davomida shafqatsizlik va qonunga xilof ravishda boshqargan avtoritar prezident Islom Karimov 78 yoshida o‘ldi. Bu haqda ...
30 sentyabr 2016
Moskvadagi “Fuqaroviy ko‘mak” tashkiloti rahbari Bahrom Hamroevning Moskvadagi uyiga qo‘ng‘iroq qilgan eltuz.com nashri muxbiri, uning turmush o‘rtog‘i bilan gaplashib, ...
7 sentyabr 2016
Vafot etgan prezident Karimovga sajda qilish amaliyoti tobora kuch olayotir. Internetning o‘zbek segmentida xizmat ko‘rsatgan artistlar, taniqli jurnalistlar va ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...