Catira
5 noyabr 2015

Qo‘ylar – paxta kampaniyasi uchun qurbonlikka keltirildi

30 oktyabr kuni militsiya xodimlari Yakkabog‘ tumani Amir Temur jamoa xo‘jaligi, Xo‘ja Ilg‘or mahallasida yashovchi Manzura Turobovaning 6 sigiri va 32 qo‘yini tortib oldi. Sigir va qo‘ylar, kasofat qaerdan kelishini bilmay shunchaki paxta rejasini bajarmagan fermer xo‘jaligidan o‘tayotgan bo‘lishgan.

Manzura Turobovaning jurnalist Maloxat Eshonqulovga bildirishicha, Yakkabog‘ tumani prokurori militsionerlarga talab qilingan oq oltin hosilini davlatga topshira olmay qarzdor bo‘lgan fermerlarning chorvasini tortib olishni buyurgan.

Manzura Turobova bu haqda shunday hikoya qiladi:

Ikki nafar go‘dagim bor. Turmush o‘rtog‘im Botirov Ulug‘bek G‘ayrat akaning fermer xo‘jaligida suvchi bo‘lib ishlaydi. 2015 yilning 30 oktyabr kuni soat 16.00 larda turmush o‘rtog‘im dashtdan o‘zimizning sigir va qo‘ylarimizga qo‘shib, hamsoyalarning ham qo‘ylarini qishloqqa haydab kelayotgan bir paytda ikki nafar milditsiya xodimi zo‘ravonlik bilan podani oldiga solib ketgan. Shulardan 6 ta qora mol va 5 ta qo‘y o‘zimizniki edi. Qolgan qo‘ylar esa hamsoyalarimizga tegishli edi. Milisalar jami bo‘lib 6 ta qora mol va 32 ta qo‘yni tortib olishgan. Sababi bitta: mahallamizdagi G‘ayrat fermer bu yilgi paxta planini bajara olmagan ekan. Shunga tuman prokurori IIB xodimlariga planni but qilolmagan fermerlarning mol-qo‘ylarini tortib olishni buyurgan ekan.

Turmush o‘rtog‘im podani aynan G‘ayrat fermerning dalalari yon bag‘ridan haydab o‘tayotgan bir paytda “Mol-qo‘ylar G‘ayrat fermerga tegishli” degan xayolga borgan militsiya xodimlari sigir va qo‘ylarni kuch bilan haydab ketishgan.

Qaynonam keksa. Insult olgan. Oyoqlari ishlamaydi. Prokurorni oldiga kirmoqchi edik. Kiritishmadi. Qaynonam ikkalamiz yomg‘irda, namda yerga o‘tirib olib prokurorning qabul qilishini talab qilib kun bo‘yi kutdik. Baribir foydasi bo‘lmadi. Prokuror bizdan qochib, binoni gir aylandi. Oxiri mashinasi bilan chiqqan edi shunda men mashinasining oldiga chiqib oldim: “Yo meni bosib o‘ldirasan, yo mollarimni qaytarib berasan. 5 ta qo‘yni qaynonam o‘z pensiyasidan o‘limtigiga atab olib qo‘ygandi. Kampirning o‘limtigidanam umid qilasizlarmi? 6 ta mol bolalarimning rizqi, bermasanglar mashina bilan bosib keta qolinglar!” deb turib oldim.

Prokuror “Sigir-qo‘ylar sotilib ketgan dedi. Mayli, Shahrisabzdagi Bayuk degan qassobdan sigirlaringizni qaytarib ola qoling. Pulini ularga o‘zim to‘layman” dedi. Izlab-izlab topib, qassobdan 6 ta sigirimizni qaytarib oldik. Lekin haligacha menga va mahallamizdagi qo‘shnilarimizga tegishli bo‘lgan 32 ta qo‘yni qaytarishgan emas.

Har kuni hamsoyalar “Qo‘yimizni topib beringlar” deb darvozamizni urib sindirgudek bo‘lishayapti.

Prokuror “Qo‘ylaring sotilib ketdi, mollaringni qaytarganimga shukur qilinglar, qo‘ylaring baribir qaytarilmaydi” deyapti.

Bizga qo‘ylarni musodara qilingani haqida hech bir hujjat berishmadi, ularning milisalar tomonidan tortib olinganligi haqida shu paytga qadar akt ham tuzilgani yo‘q, kimga qanchadan sotilganini ham bilmaymiz. Meni hech kim tinglamaydi. Prokuror mening oilamni xonavayron qildi! Endi nima qilishimiz kerak?”

intervyuni olgan
Maloxat Eshonqulova
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
19 iyul 2022
Eltuz portaliga kelgan navbatdagi beshta shikoyatning dastlabkisi bo‘ynida 38 milliard dollardan oshiq tashqi qarzi bor mamlakatning qimmatbaho mashinalar minayotgan ...
25 mart 2022
Mamlakat mustaqilligi, erk va ozodlik tuyg‘usi ozgina bo‘lsa ham ichida borlar bilan suhbat qurayotganimga ishonaman. Ular balki ming, balki ...
25 oktyabr 2023
Qarshi shahrida Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari yuzasidan o‘tayotgan yig‘ilishda Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar ...
30 mart 2022
Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi huzurida tuzilganiga bir yildan sal ko‘proq vaqt bo‘lgan Jamoatchilik kengashi imi-jimida tugatib yuborilgani hatto uning ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...