Choyxo‘r millat
Ha, choyxo‘rlikda bizning oldimizga tushadigani yo‘q ekan dunyoda.
Blogimni bir choynak achchiq choy ichib olib keyin yozaman deb o‘yladimu, niyatdan qaytdim. Bu odat, choydan ham achchiq, millat zaqqumini yengilroq yutish uchunmasmi, degan shubha uyg‘ondi menda. Och qoringa yozay bitigimni, toki bu zaqqum aks etsin.
Tag‘in, bu choyxo‘r xalq haqidagi o‘zbek shoiri Omon Matjonning she'rini esladim…
Xalqmi shu, xayol-u orzularini
O‘zidan balandroq tiklolmaganlar?
Xalq emish, kabobpaz ana «Keling» der,
ko‘zidek qizarib sixda chandiri.
Lunjqizil somsapaz piyoz qoradi
uyatdan qizarib, chatnab tandiri.
Xalqmi shu, birovning haqini gizlab,
besh-o‘nni yulishni poylab turganlar?
Balki chindan ochdir bu millat?
Shu o‘rinda jurnalist Sirojiddin Islom tarmoqqa qo‘ygan, comsapazning tandiri atrofida bir-birini itarib, somsa olib qolish ilinjida jiqqamusht bo‘layotgan o‘zbeklar aks etgan video esimga tushadi…
Choy ichishda O‘zbekistondan keyin ikkinchi o‘rinda faqat Afrikaning Keniya davlati turarkan.
Bu ikki davlat o‘rtasidagi farq ham anchagina. Choy ekilmaydigan O‘zbekistonda choyxo‘rlar miqdori 99,6 foiz bo‘lsa, yerlariga asosan choy ekiladigan Keniyada choy ichish 99,2 foiz ekan.
Qizig‘i shundaki, eng ko‘p choy yetishtiradigan Gruziya hatto bu ro‘yhatdagi o‘nlikka ham kirmagan.
Mehmon kelsa choy ichirib jo‘natish bizda odat.
Yoki olaylik, bolalarni bog‘chaga, maktabga uzatishdan oldin ularga choy ichirish buzilmas bir udum.
Yoki paxta terimi mavsumini olaylik. Sharoitlarning a'lo darajada ekanligi, yotoq va xojatxonalardagi sanitariya ahvoli, ovqat sifati bilan emas, balki issiq choy berilishi bilan o‘lchanadi.
Ishdan charchab kelgan bechora o‘zbekning uyiga kelib ichadigani ham choy…
Balki bu odat, uyda ichishga xashaki choydan bo‘lak ichimlikning bo‘lmaganidandir..
Yoki hukumat qachon yotqizgani noma'lum yer ostidagi zanglagan quvurlardan oqib kelgan ichimlik suvi atalmish oqavaning rangini biroz o‘zgartirish uchunmikan…
Xalq ulkim, g‘ururi bo‘lsa o‘zida!
Miyani shol qilib, muammolarini unuttiradigan achchiq choyni ayrim o‘zbeklar «sholtong choy» ham deb ataydi…
Shoirning «soxta sumbatlarni siylayotgan» xalq haqidagi misralari asabni arralarkan, ko‘ngil tag‘in achchiq choy tusaydi.
Xalqmi shu, nuroniy siymolar qolib,
soxta sumbatlarni siylab turganlar?
Xalqmi shu, xayol-u orzularini
O‘zidan balandroq tiklolmaganlar?
Xalqmi shu, xalqining nomidan so‘zlab,
mingdan bir va'dasin oqlolmaganlar?
Ehtimol, hayotdagi boru yo‘q orzu umidi somsayu osh, ichgani choy bo‘lgan, abgor bu xalqqa shoirning malomati, unga shunday etak silkishi ham adolatdanmasdir. Hamma gap balki xalqqa ichirilayotgan o‘sha choydadir?
Bugun, psixushkaga tashlangan o‘zbek huquq himoyachisi Yelena Urlaeva avval choy ichirilib aqldan ozdirilmadimi sizningcha?
Devor urayotgan lo‘mboz, terimdan qaytgan shifokor, hokim kaltagini yegan o‘qituvchi, buning zahrini choy bilan bosmay, achchiq gap bilan qaytarsinmi?
Turma zehniyati
Shu o‘rinda, o‘zbek turmasida bo‘lib qaytgan bir do‘stimning gaplarini esladim.
«Buni bizda chefir deyishadi. Choy qaynatiladigan katta alyumin chelak, «chefir bak» deyladi».
Uning aytishicha, choy o‘zbek turmasida go‘yo, erkin konvertatsiyadagi valyuta o‘rnida, uning tayyorlanishi esa butun boshli diniy ritualga o‘xshab ketarkan.
«Kipitilnik» (elektr simiga ulangan ikkita lezvie) tashlangan «chefirbak»ka choyni damlashdan oldin, uning atrofida mavqeiga qarab, «Paxan», «blatnoy», «mujiklar», sal pastroqda «trudyaga» yana allambalo «unvon sohiblari» to‘planib, avval choyni keltirgan mahkum haqiga duo o‘qisharkan.
«Muqaddas choy» atrofiga masalan «kozel», «petux» va boshqa parrandayu, darrandalar yo‘latilmas ekan.
Chifirbakka tashlangan bir pachka choy obdon qaynatilgach, «mujik» maqomidagi maxbus uni uch martadan shopirib, tunuka stakanda davradagilarga navbat bilan uzatar, har shopirganida: «Loy bo‘ldi», «Moy bo‘ldi», «Choy bo‘ldi» der, boshqalar unga jo‘r bo‘lib takrorlarkan:
«Loy bo‘ldi!», «Moy bo‘ldi!», «Choy bo‘ldi!»
Bu gaplar qanchalik chin, bilmadim… Lekin bugun choy atrofida uymalashayotgan millatim vakillari suratini solarkan, bu shubhali ichimlikni o‘zimdan sal nari surib qo‘ydim.
Rassom Tuz
Eltuz.com