Catira
16 oktyabr 2017

Mirziyoev Xivani ham “Yevroremont” qilmoqchi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev, Xiva shahridagi «Ichan-qal'a» muzey qo‘riqxonasi hududidagi «Paxlavon Mahmud» ziyorat majmuasiga borganida, bu maskanning ta'mirlanishi yuzasidan buyruq berdi.

“Ilgari bu joylar tashlandiq maskanga aylanib qolgan”ligini aytgan Mirziyoev Xivadagi “Sherg‘ozixon” madrasasi va Nurillaboy saroyi atrofida turistlar ko‘ngil ochishi uchun maskanlar qurishga amr berdi.

Ismi aytilishini istamagan xivalik muzey xodimi «Eltuz» muxbiri bilan suhbatda “Mirziyoevning “Paxlavon Mahmud” ziyoratgohini ta'mir qilish ishtiyoqidan qo‘rqayotganini” bildirdi.

Unga ko‘ra, XVII asrda boshlanib 1913 yilda yakuniy qiyofaga ega bo‘lgan ziyoratgoh YuNYeSKO tarafidan qo‘riqlanib kelmoqda va tashlandiq holatda emas:

«Bino yaxshi saqlangan, koshinlar va 1810 yilda Muhammad Rahimxon tarafidan qurilgan qismi ham ta'mirga muxtoj emas. Granit dahmalar ham juda yaxshi saqlangan. Buni faqat asli qanday bo‘lsa shunday qilib saqlash ya'ni konservatsiya qilish kerak. Nurillaboy saroyini ta'mir qilishganida barcha qadimiy narsalarni o‘g‘irlab sotib yuborishdi. Paxlavon Mahmud maqbarasi “evroremont” qilinishiga qarshiman», deydi muzey xodimi.

Suhbatdoshga ko‘ra, Mirziyoevga noto‘g‘ri ma'lumotlar berilgan:

«Davlat rahbari o‘z gapini o‘ylab gapirishi kerak. Maqbara hech qachon tashlandiq bo‘lmagan. Har doim chet ellardan kelgan davlat delegatsiyalari ziyorat qilib turgan. Shavkat Miromonovich maqbara ziyoratida “Paxlavon Mahmud asarlarini o‘zbekchadan boshqa tillarga tarjima qilish kerak” dedi. Axir Pahlavon Mahmud o‘z asarlarini fors tilida yozganku», deydi muzey xodimi.

Ta'mir bahonasida yodgorlikning butunlay qayta qurilib tarixiylikdan mosuvo bo‘lgani borasida misollar ko‘p.

Toshkentlik general Jo‘rabek tarafidan 1897 yili qurilgan va “Jo‘rabek “ masjidi deya tarixiy yodgorlik sifatida maxsus ro‘yxatga tirkalib, asrab kelinayotgan masjid O‘zbekistonning marhum prezidentinining kenja qizi YuNYeSKOdagi O‘zbekiston vakili Lola Karimova -Tillaeva tarafidan “ta'mir” qilingani ortidan yodgorlik o‘z tarixiy qiymatini yo‘qotgan edi.

Xivalik muzey hodimiga ko‘ra, “Nurillaboy” saroyi ham shu tariqa “ta'mir” bo‘lgan:

«Saroyning qadimiy eshigi, billur qandillari va lojuvard kaminlari bundan besh yil oldin boshlangan ta'mir paytida o‘marilgani yuzasidan o‘nga yaqin kishi jinoiy javobgarlikka tortilgan», deydi muzey hodimi.

U «Nurillaboy» saroyi yonida bir yil ichida tantanalar uyi, amfiteatr, galereya va restoranlar barpo qilinishi shaharni qadimiy tarovatdan mahrum qiladi degan fikrda.

Muzey xodimi Shahrisabzda bo‘lgani kabi, Xivani ham zamonaviy binolar bilan to‘ldirish oqibatidan gapirdi:

«YuNYeSKO Shahrisabzni butunjahon merosi ro‘yxatidan chiqarmoqchi. Mirziyoev sharofati bilan Xiva ham qadimiy shaharlar ro‘yxatidan chiqarilmasin», deydi muzey hodimi.

Rassom Tuz
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
22 may 2018
Taniqli o‘zbek karikaturachisi Mahmud Eshonqulov Turkiyada o‘tgan «Suv – hayot» xalqaro tanlovi sovrindori bo‘ldi. 22 may kuni «Eltuz» muxbiriga ...
23 yanvar 2018
World Politics Review onlayn jurnalida muallif ko‘plab sharhlovchilar «o‘zbek iliqligi» deya atayotgan so‘nggi voqealar tahlili haqida maqola e'lon qildi. ...
26 dekabr 2023
Rossiyalik siyosatchi Zaxar Prilepinning «Rossiya segodnya» matbuot-markazidagi anjumanda qilgan bayonotidan norozi o‘zbeklar stakan ichida bo‘ron qilib, erlarga ontarilib, dod voy qilib ...
14 mart 2022
O‘zbekistondagi jinoyat olami qiroli Baxti Tashkentskiy nomi bilan mashhur Baxtiyor Qudratullaevning 28 yashar o‘g‘li Ixtiyor Toshkentning qoq markazida qimmatbaho ...
Bloglar
18 iyun 2025
«O‘zbekcha fikrlash»ni musorga otvormasak dunyoga razil bo‘lishda davom etamiz.Nima o‘zi «O‘zbekcha fikrlash»?Masalan O‘zbekiston qonunida «jins ...
16 iyun 2025
Teatr zamon yuziga ko‘zgu tutishi kerak. Lekin o‘zbek teatri buni eplay olmayapti. Drama yozadigan birorta ...
9 iyun 2025
Qadimgi turk bitiklari qisqa va chuqur ma'noli bo‘lgan. «Tashingdan barcha kishi kabi ko‘rin. Iching go‘zal ...