Samarqandda Mirziyoevga soxta issiqxonalarni ro‘para qilishdi
Prezident Mirziyoevning Samarqandga tashrifi oldidan yo‘l chekkalariga o‘rnatilgan issiqxonalar rasmlari va videotasvirlari ijtimoiy tarmoqda tarqaldi.
Xo‘jako‘rsinga qurilgan issiqxonalarning ichi bo‘m-bo‘sh ekanini ko‘rish mumkin. Prezident kelib ketganidan keyingi suratlarda issiqxonalar yelimqog‘ozlari olib tashlangan alfozda aks etgan.
Prezidentning kelishiga atab bu kabi ko‘zbo‘yamachiliklar O‘zbekistonning oldingi prezidenti Karimov davrida urchigandi.
Masalan, «Eltuz» nashri 2015 yilning oktyabrida, odamlar to‘p-to‘p bo‘lib PVA yelim bilan chanoqlarga paxta yopishtirib chiqishayotgani haqida yozgan edi.
Prezident korteji o‘tadigan yo‘l chetidagi xonadon fasadlarini bo‘yash, ko‘chalarga archalar keltirib o‘tqazish, qurib qolsa, ularni bo‘yash urf bo‘lgan edi.
Shavkat Mirziyoev bularning hammasini bilishi haqida ko‘p aytgan, biroq ko‘zbo‘yamachilik bugun ham davom etmoqda.
Rassom Tuz
Eltuz.com