Catira
11 may 2018

Kamomadda ayblangan general Parpiev soliq qo‘mitasi rahbarligidan bo‘shatildi

Davlat soliq qo‘mitasi rahbari 71 yoshli Botir Parpiev 11 may kuni raislikdan bo‘shatildi. Bu haqda bildirgan O‘zA axborot agentligining rasmiy xabarida soliq qo‘mitasi raisligiga kimning tayinlangani aytilmagan.

O‘tgan oy Davlat soliq qo‘mitasida yirik miqdorda kamomad aniqlanishi ortidan qo‘mita boshlig‘i general Botir Parpiev Moliya vazirligining Nazorat-taftish boshqarmasi xodimlari savollariga javob bergan edi.

Hokimiyatni chirmovuqday qoplagan Parpievlar sulolasi

General-leytenant Botir Parpiev Davlat soliq qo‘mitasiga 2004 yildan rahbarlik qiladi. U MXX sobiq raisi Rustam Inoyatovning qudasidir. Inoyatovning qizi Parpievning o‘g‘liga turmushga chiqqan.

O‘g‘illari: Dilmurod Parpiev – Andijon viloyati Asaka tumani IIB boshlig‘i. Andijonda eng bosh «reshala» bo‘lgan. Reyderlik bosqinlarini u jiyani Ne'mat Haydarov bilan birga amalga oshirib kelgan. Hozirda Dilmurod Parpiev hibsga olingan va tergov qilinmoqda.

Dilshod Parpiev – Tashqi ishlar vazirligi Konsullik boshqarmasi boshlig‘i. Ilgari MXX mayori. Malayziya elchixonasi birinchi kotibi, O‘zbekistonning Singapur elchixonasida maslahatchi bo‘lgan.

Bobur Parpiev – 2016 yildan buyon «Orient finans» tijorat banki boshqaruvi raisi, O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasida va MXX tizilmalarida ishlagan.

Jiyanlari: Anvar Parpiev – militsiya polkovnigi, Buxoro IIB boshlig‘i o‘rinbosari.

Shuhrat Parpiev – tumanlardan birida IIB boshlig‘i.

Ne'mat Haydarov – militsiya podpolkovnigi, Toshkent shahri IIBB jinoyat qidiruv bo‘limi boshlig‘i.

Prezident tanqidlariga qaramay…

Prezident Mirziyoev Parpievlarni bir necha bor tanqid qilganiga qaramay, u hamon o‘z lavozimida qolayotgan edi.

«Eltuz» o‘rgangan, tasdiqlanmagan manba ma'lumotlariga ko‘ra, Parpiev 2017 yilning dekabri oxirlarida sog‘lig‘i yomonlashgani bois iste'foga chiqish haqida ariza yozgan, biroq bunga prezident Mirziyoev izn bermagan edi.

Botir Parpievning haydalishiga asosiy sabab, «Eltuz» nashri manbasiga ko‘ra, u javobgar bo‘lgan Toshkent metrosining yangi tarmoqlari qurilishida yo‘l qo‘yilgan yirik kamomadlardir.

Xabar.uz nashrining bildirishicha, «Men oddiy askarman. Rahbariyat qaerga lozim topsa, sidqidildan ishlashga tayyorman. Xonadonlarga kirib odamlarning dardu qayg‘usi bilan ishlash, xalqqa xizmat qilish katta mukofot. Bildirilgan ushbu ishonch menga katta mas'uliyat yuklaydi», – deya izohlagan o‘z iste'fosini general-leytenant Botir Parpiev.

Soliq qo‘mitasi raisligidan bo‘shatilgan Parpiev Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi raisining keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlangan.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
30 mart 2016
30 mart kuni Chilonzor, 23-mavze uchastka noziri, sud ijrochilari va 10 ga yaqin, o‘zini tanishtirmagan fuqaro kiyimidagilar jurnalist 47 ...
26 may 2016
Maqolada yozilishicha, Andijon viloyatida fermerlar g‘o‘zaga ishlov berishda katta tajriba to‘plagan bo‘lib, bugun bu kuzdagi mo‘l hosil garovi bo‘lib ...
31 oktyabr 2018
Toshkentning Chilonzor tumanidagi maktabning jismoniy tarbiya o‘qituvchisi, 30 yashar Farhod Miniyozov o‘z arizasiga ko‘ra ishdan bo‘shatildi va sud qarori ...
20 yanvar 2024
Salom qadrli muxlislar bugun 23 yanvar, Eltuz o‘zining kundalik ko‘rsatuvlarini davom ettiradi. Poytaxt viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida 35 yoshli va ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...