Catira
4 iyun 2018

Ishdan ketgan amaldorlarning qarindoshlari qochish taraddudida

Soliq qo‘mitasi raisi Botir Parpievning ishdan olinishi unga aloqador kimsalarni kemadan qochishga urinayotgan kalamushlarga aylantirgan ko‘rinadi.

Qudratli soliqchining katta-katta amallarni egallab kelgan yaqin qarindoshlari bir vaqtning o‘zida lavozimlaridan mosuvo etilgani ortida ham shu sabab yotgani aytilmoqda.

Toshkentda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, o‘tgan haftada Botir Parpievning yuqori lavozimli ikki qarindoshi mamlakatdan chiqib ketishga uringan vaqtda ushlangani ortidan boshqalari ham ishdan bo‘shatilib, kuchaytirilgan nazoratga olingan.

Mustaqil OAV esa bir vaqtlar Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan Abdusalom Yo‘ldoshev va uning o‘g‘li Javlonbek qo‘shni davlatlardan birida ushlanib, O‘zbekistonga qaytarib berilganini yozdi.

Ayni paytda ular Davlat xavfsizlik xizmatining “Gvardeyskiy” nomi bilan tanilgan izolyatoriga joylashtirilgani xabar qilinmoqda.

Bu ma'lumotlar ko‘pchilik tomonidan O‘zbekistonning eng yirik korruptsionerlaridan biri sifatida ko‘riladigan Botir Parpiev ustidagi qora bulutlar yanada quyuqlashayotganini anglatadi.

29 may kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoev soliq tizimidagi korruptsiyaga bog‘liq jinoyatlar ko‘lami juda kengligiga ishora qilgan edi.
“Soliqda ham ko‘p o‘yinlar bo‘lgani, rahbariyati qanday ishlar bilan shug‘ullanganidan hayron qoldim. Hali uni ham xalqimizga yetkazamiz “… 70 foizi korruptsiya bilan bog‘liq, mana shuni hamma bilishi kerak”, degandi o‘sha yig‘ilishda davlat rahbari.

Bu yoqda 15 yil davomida “dunyoning ustuni” bo‘lgan sobiq bosh prokuror Rashid Qodirovning ham ahvoli ancha chatoq.

Ayrim manbalar hibsdagi bu shaxs sog‘lig‘i yomonlashgani sababli “sangorodok”ka yotqizilganini xabar bergandi.

Toshkentdagi so‘nggi gap-so‘zlarga qaraganda, sobiq bosh prokurorning “tomi ketib”, aqli kirdi-chiqdi bo‘lib qolgan. Hozir u barcha yiqqan-tiqqanini davlatga qaytarishga tayyor holatga kelgan, demoqda vaziyatdan xabardor ayrimlar.

Lekin ko‘pchilik prezidentning yana bir shov-shuvli qadamiga intiq. Bu ham bo‘lsa, sobiq Milliy xavfsizlik xizmatining sobiq raisi Rustam Inoyatov bilan bog‘liq.

Odamlar “endi navbat Rustam Inoyatovniki, prezident qachon bu haqda bir qarorga kelar ekan”, deb kutmoqda.

Qachon qo‘yilar ekan bu qadam? Qo‘yilarmikin?!

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
5 aprel 2019
Sizga omad tilayman, azizim. Oddiygina omad. Ko‘chada ketyapsiz, sizni mashina bosib ketmadi. Tasodifan o‘rmonda murdani ko‘rib qolib, politsiyaga xabar ...
30 dekabr 2019
Zamonaviy o‘zbek romanchiligi va satira janri asoschisi Abdulla Qodiriy NKVD tomonidan «xalq dushmani» deya ayblanib, 1937 yilning 31 dekabrida ...
10 may 2019
O‘zbekistonga oid ma'lumotlarni yorituvchi mustaqil ommaviy axborot vositalari va mamlakat huquq himoyachilariga qarshi internet orqali yashirin fishing va veb ...
11 noyabr 2016
Ayni kunlarda O‘zbekistondagi barcha bosma nashrlarning butun diqqat-e'tibori 4 dekabrda bo‘lib o‘tadigan prezident sayloviga qaratilgan. Qaysi gazetani olib qaramang, ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...