Catira
17 sentyabr 2018

Non narxi oshdi, kambag‘alning aqli shoshdi

Bir vaqtlar Islom Karimov nonning narxini oshirmaymiz, deb katta va'da bergan, lekin keyinchalik ko‘p bora kuzatilganidek, o‘z va'dasining ustidan chiqmagan edi.

Shavkat Mirziyoev nonning narxini oshirmaymiz, deb va'da bermadi, lekin uning davrida qolipli non, ya'ni buxankaning narxi bozor talabi asosida erkin belgilanadigan bo‘ldi.

15 sentyabrdan boshlab O‘zbekistonda shu paytgacha 650 so‘mdan sotilayotgan buxankaning narxi 1200 so‘mga chiqdi. Ba'zi joylarda esa bunday non 1100 so‘mdan sotilmoqda.

Shu paytgacha hukumat nonning narxini subsidiyalab kelayotgan edi. 650 so‘m qilib 2014 yilda belgilangan narx shu kungacha o‘zgarmay turgandi.

Hukumatning yangi qarorini sharhlagan ayrim nashrlar fermerlar arzon buxankani omixta yem o‘rnida ishlatib, molga berishgacha borib yetgani yozdi.

Endi esa hukumat subsidiyalashning yangi shakliga o‘tdi. Ya'ni non narxi oshishidan ijtimoiy yordamga muhtoj qatlamni himoyalash uchun ularga har oyda eng kam ish haqining 10 foizi miqdorida pulli kompensatsiya to‘lanadi.

Bu pul yoshga, nogironlik yoki boquvchisini yo‘qotganlikka doir va boshqa ayrim sabablarga ko‘ra nafaqa oluvchilarga beriladi.

Bundan tashqari, hukumat narx-navo oshishining oldini olish maqsadida bir kg bug‘doy uni uchun 1400 so‘m miqdorida yagona narx belgiladi.

Ammo bu ham vaqtincha. Mamlakat non sotishning yangi tartibiga moslashuv davridan o‘tganidan so‘ng un ham erkin bozor narxida sotiladigan bo‘ladi.

Albatta, O‘zbekiston hukumatining bu qarori erkin bozor iqtisodiyotiga o‘tish zarurati bilan izohlansa-da, aholi o‘rtasida non narxi o‘sishidan norozilik paydo bo‘lgani tabiiydir.

Birinchidan, asosan, shaharlarda kambag‘allarning asosiy yeguligi aynan buxanka nondir. Har kuni nonvoylar yopadigan nonni sotib olishga ularning qurblari yetmaydi.

Ikkinchidan, buxanka nonning qimmatlashuvi ortidan yopgan nonning ham narxi oshishini kutish mumkin.

Zero, shu paytgacha buxankaning arzonligi yopgan nonning haddan tashqari qimmatlashib ketishi oldini olib turgan “jilovlovchi omil” vazifasini bajarib kelayotgan edi.

Albatta, aholi hukumatning yangi qaroridan ochiqchasiga norozilik bildirish darajasiga borib yetmaydi. Chunki buni “bo‘lari bo‘ldi” qabilida, ya'ni yuz berib bo‘lgan, endi uning oldini olish mumkin bo‘lmagan holat sifatida qabul qiladi.

Shunga qaramay, O‘zbekistonda buxanka non narxining oshishi kishilarda ichki norozilik uyg‘otmay qolmaydi.

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
22 oktyabr 2021
O‘g‘il nevarasini qo‘rqitib, muntazam zo‘rlagan toshkentlik amaki haqida video tarqaldi. Bu amaki «nojo‘ya jinsiy harakat qilgani» uchun jarimaga tortiladi, ...
3 aprel 2019
Markazi Berlinda joylashgan O‘zbekiston-Germaniya inson huquqlari forumi (UGF) 3 aprel kuni o‘tgan yilgi paxta monitoringi yakunlari asosidagi yangi videoni ...
1 yanvar 2021
Mana, o‘lmagan qul siz bilan 2021 yilning ilk kunida diydorlashib o‘tiribman. 364 kunlik kitob turibdi oldimda. Bir-bir varaqlayman. Ko‘chada ...
3 sentyabr 2018
Islom Karimovning o‘lganiga ikki yil bo‘lishi bilan O‘zbekiston hukumati marhum prezidentning shiorlari, rasmlari va kitoblarini yo‘q qilish kampaniyasini boshladi. ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...