Catira
8 aprel 2019

“Hamkasblar”dan ehtiyot bo‘ling!

So‘nggi kunlarda o‘zbek jurnalistikasi hayotida ikkita diqqatga sazovor voqea yuz berdi. O‘zTV jurnalisti Mavjuda Mirzaeva bu muassasa haqida tanqidiy fikrlar bildirgani uchun rahbariyatning qatag‘oniga uchradi. Keksa jurnalist Mahmud Sa'diy esa “XXI asr” gazetasida bosilgan maqolasi uchun xalq ta'limi vaziri tomonidan sudga tortildi.

Bu voqealar o‘zbek jurnalistikasining ikki yuzini ko‘rsatish asnosida uning hali ham qat'iyatsiz ekanini namoyish etdi.

Mavjuda Mirzaevaga o‘z fikrlarini bildirish uchun minbar bergan AzonTV onlayn telekanali bu ishi sabab O‘zbekiston24 telekanali rahbariyatidan uzr so‘radi. Buning ustiga, uning intervyusi efirga uzatilishiga mas'ul bo‘lgan xodimlariga intizomiy jazo berganini ham e'lon qildi.

Yaqindagina hukumat amaldori Nargiza Rahimova (Saidova)ning “islomni haqorat qilgani uchun uzr so‘rashi”ga imkon berish maqsadida minbarini ko‘tarib chopgan telekanal boshqa bir hamkasbining fikrlari uchun uzr so‘rab yuribdi.

Xudoga shukur, Mavjuda Mirzaevaning himoya qilib chiqayotganlar uni qoralayotganlardan ko‘proq ekan.

Taniqli jurnalistlarimizdan biri o‘z hamkasbi himoyasiga chiqib, O‘zTV rahbariyatiga: “Oldin Mavjudadan olgan 3 ming dollarni qaytarib beringlar, keyin sizlar bilan boshqacha gaplashamiz”, deya musht ko‘rsatdi va “Hammalaringning orqalaring toza emas”, deganga o‘xshash dag‘dag‘a bilan chiqdi.

Bu yoqda kimsan vazir saksonni qoralagan jurnalistni jazolashga jahd qilib yotibdi.

Ko‘pchilik amaldor nishoniga tushgan jurnalistni himoya qilish harakatiga qo‘pgan bir vaqtda kutilmagan zarba yana hamkasblaridan kelib tushdi.

O‘zbek saytlaridan birida “Mahmud Sa'diy bilan turli yillarda birga ishlagan “hamkasblari” nomidan” uning o‘zi “odam emasligi” haqida maqola bosildi.

Ular hozir gap Mahmud Sa'diy shaxsi xususida emas, so‘z erkinligi himoyasi haqida borayotganini yoki anglamaydi, yoki buni istamaydi.

Aytmoqchimizki, Mahmud Sa'diy shaxs sifatida qanday odam bo‘lmasin, uning aytgan fikrlari yo‘qotgan mavqeini endigina tiklashgan urinayotgan o‘zbek jurnalistikasining mavjud hokimiyat tomon bir sasi edi, hali xalqning chinqirig‘iga aylanmagan bir so‘zi.

Bu sasga javoban amaldor tomonida turib qarsak chalayotgan o‘sha “hamkasblar” kim ekan? Islom Karimov kiydirgan jo‘bani yechishni istamayotganlar emasmikin ular?!

“O‘zbekistonda mansabdor shaxslar ustidan istagancha ig‘vo qilish imkonini beradigan qonun-qoida yo‘q, ulardan o‘zini himoya qilish huquqi ham olib tashlanmagan”, deya iddao qilmoqda “hamkasblar”.

Avvalo, “hamkasblar” o‘z himoyasiga olishga urinayotgan vazir Sherzod Shermatov hozirgi hukumatdagi jurnalistlar uchun eng ochiq amaldorlardan biri bo‘lgani bilan “tillo” bo‘lmasligi mumkin-ku.

Qolaversa, xorijiy sarmoyadorlarni yarim million dollarga tushirgan firibgar to‘da ishida o‘sha vaqtda innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari bo‘lib ishlagan bu amaldorning ham ismi qalqib chiqmoqda.

Bu iddaolar qanchalik to‘g‘riligiga kafolat bermaymiz, ammo O‘zbekistonning korruptsiya reytingidagi o‘rni, shuncha yillardan buyon urchib kelgan qonunsizlik tendentsiyalari, adolatsizlikdan hayqirayotgan xalq nidolari ko‘p narsalardan darak beradi.  

Aytmoqchi bo‘lganimiz, o‘zbek jurnalistikasi endi-endi sal-pal qaddini ko‘tarmoqda. Amaldorlar esa osonlikcha bunga imkon bermaydi. Chunki imkon bergan sari ularning orqasi ochilib boraveradi.

Shunday ekan, ayni paytda jurnalistlarning kasbiy birdamligi birinchi o‘rinda turmog‘i kerak. Hokimiyat vakillari esa har doim o‘zini himoya qilish yo‘lini izlab topish qudratiga ega.

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
13 iyul 2024
“Baxti Tashkentskiy” laqabi bilan mashhur O‘zbekistondagi yagona “vor v zakone” Baxtiyor Qudratullaev va “jinoyat olami”ning yana 36 nafar vakiliga ...
4 noyabr 2020
​Farg‘onada bir guruh ko‘ngillilar daydi it-mushuklar uchun maxsus joylar tashkil etilishini talab qilmoqdalar. Ularning fikricha, hayvonlarga mehrli munosabatda bo‘lish ...
25 noyabr 2016
Eltuz.com uchun chizgan navbatdagi karikaturasida rassom Tuz Shavkat Mirziyoevni Karimov qabridan estafeta tayoqchasini olib ketayotgan tarzda aks ettiradi. «Karimovning ...
14 aprel 2017
14 aprel kuni toshkentlik jurnalist Aleksey Volosevich, Buxoroning Romitan tumanida, Gazli shahar militsiyasi xodimlari tomonidan ushlandi. Alekseyning so‘zlariga ko‘ra, ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...